O`zbekistonda asta-sekin havo harorati soviyotgan pallada, elektr energiyasi hamda gaz ta`minotidagi muammolar yana xalqning azaliy dardini yangilamoqda. Mutasaddilar tomonidan aholi punktlari 90 foizi elektr energiyasi bilan ta`minlangani, 80 foizi esa gazlashgani ta`kidlangan bo`lsa-da, jamoatchilik fikri buning aksini ko`rsatmoqda. Buni, ayni kunlarda hududlarda gaz ta`minoti va elektr energiyasi qay darajada ekanligini aniqlash uchun ijtimoiy tarmog`imizda o`tkazilgan so`rovnomada 17 ming kuzatuvchilar orasidan qorong`u va zaxning azobini tortayotgan yurtdoshlarimizning achchiq haqiqatlariyu muammolari, hafsalomuz fikrlari, umid bilan yuborgan savollaridan bilish mushkul emas. Aksariyat ishtirokchilar hududlarida elektr energiyasida soatlab uzilishlar kuzatilayotganini, hattoki to`lovlarini qilishsa ham o`chirib qo`yilayotganini yozishgan.
Masalan, Surxondaryoning Qumqo`rg`on tumanidan yo`llangan murojaatda hududda tok muammosi juda yomonlashgani, gaz umuman yo`qligi, elektrga to`lov qilingan bo`lsa-da o`chirib qo`yilayotagni kabi bayon etilgan.
Xorazm viloyati Xonqa tumani Namuna qishlog`i Yosh kuch mahallasida yashovchi fuqaro esa hududning gaz ta`minotidan uzilganligi sababli uyni isitish uchun elektr pechlaridan foydalanishga majburligi, ammo kuchlanish pastligidan uyni isitish uchun etarli issiqlik bo`lmasligi, kuchlanish xozirgi payitda 160, 180 gacha tushib ketgani, Xorazmda qish qattiq kelishi bois bu vaziyatda qish mavsumida uyni istish judayam qiyin masalaga aylanishini bildirgan va bu muammoning echimi bormi, deya aniq savolni ko`ndalang qo`ygan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chimqo`rg`on MFYda surunkasiga elektor toki uzib qo`yilayotganiga aniqlik kiritishimizni so`rab murojaat qilganlar ham bor.
Respublikamizning deyarli barcha hududlaridan kelgan bunday murojaatlardan ko`plab keltirish mumkin.
YIL BOShIDAGI VA`DA: “ELEKTR ENERGIYaSI BO`YIChA MUAMMO BO`LMAYDI”
Esingizda bo`lsa, shu yilning 24 martida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi bo`yicha o`tkazilgan selektr davomida prezident Shavkat Mirziyoev elektr energiyasi va gaz ta`minoti muammosini ko`targandi. O`tgan qish mavsumida yuzaga kelgan muammolar kelgusida takrorlanmasligi uchun Energetika vazirligidan hisobot ham talab qilgandi. Holbuki, o`shanda mas`ullar joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bo`yicha muammo bo`lmasligi haqida va`da berib: “Bundan buyon nafaqat kuz-qish mavsumi, yilning har bir davriga e`tibor kuchli bo`ladi. Yil davomida energiya ta`minoti barqaror bo`lishini ta`minlaymiz”, degan edi.
Mana hash-pash deguncha jo`jani sanaydigan palla ham keldi. Aholi murojaatlari vaziyatni ko`rsatib turibdi. Bu borada mutasaddilar nima deydi?
KUTILMAGAN ChANG-QUMLI BO`RONNI DEB...
Bugungi kunda gaz ta`minoti hamda elektr energiyasidagi muammolar bo`yicha kelayotgan murojaatlarga Energetika vazirligi bayonot qilib, yuzaga kelayotgan uzilishlar bo`yicha bir necha omillarni sanab o`tdi. Unga ko`ra:
BIRINChI OMIL: Xabaringiz bor, joriy yilning 4-5 noyabr kunlari yurtimizning ayrim hududlarida kuchli shamol va chang-qumli bo`ron kuzatildi. Buning natijasida, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi 2 ta yirik — Toshkent va Sirdaryo issiqlik elektr stansiyalarining energoqurilmalarini qalin qoplamali chang bosib qoldi. Bu esa, bevosita ishlab chiqarish hajmining keskin kamayishiga olib keldi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida, xavfsizlik qoidalariga muvofiq stansiyalardagi energoqurilmalarni tarmoqdan ajratgan holda changlardan tozalash ishlari olib borildi.
Mazkur olib borilgan tozalash ishlari davomida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi kamaydi va buning natijasida respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta`minotida quvvat tanqisligi holatlari kuzatildi...
SUV HAJMI KAMAYGANI SABABLI
Energetika vazirligi qayd etgan IKKINChI OMIL bu – respublikamizda suv resurslari o`rtacha ko`p yillik ko`rsatkichlarga nisbatan past. Ya`ni joriy yil suv hajmi kamaygani sababli gidroelektr stansiyalarda yil yakuniga qadar 5 mlrd. kVt.soat yoki rejaga nisbatan 1 mlrd. 500 mln. kVt.soatga kam elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu esa, qariyb 23 foizga kamni tashkil etadi. Mazkur 1 mlrd. 500 mln. kVt.soat elektr energiya bilan respublika aholi iste`molchilarini bir oy mobaynida uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlash mumkin. Joriy yilda suv omborlarida belgilangan suv zaxiralari to`planmagani nafaqat O`zbekiston, balki qo`shni respublikalarda ham kuzatilmoqda.
Shunga qaramasdan, mamlakatimizda mavjud barcha imkoniyatlardan foydalangan holda elektr stansiyalar orqali rejada ko`rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko`rilmoqda..
OQILONA VA TEJAMKORLIK BILAN FOYDALANILMASA
UChINChI OMIL: Ishlab chiqarish va etkazib berish hajmlari qancha ko`p oshirilmasin, agar ushbu resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanilmasa, ko`rilayotgan choralar o`z samarasini bermasligi mumkin. Buning natijasida tarmoqda uzilish holatlari yuzaga kelishi va iste`molchilarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lishi mumkin...
NOQONUNIY ULANISh HOLATLARI
TO`RTINChI OMIL: Shuni ham alohida ta`kidlash kerakki, tizimda olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, o`tkazilayotgan o`rganishlar jarayonida elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari ham aniqlanmoqda. Bu esa, tizimga katta miqdorda salbiy ta`sirini ko`rsatadi. Masalan, joriy yilning 9 oyi ichida o`tkazilgan o`rganishlar natijasida elektr energiyasidan foydalanish bo`yicha 706 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlangan, shuningdek, gaz tarmog`iga 2 535 ta holatda noqonuniy ulanishlar aniqlangan...
BIZNING FIKRIMIZ ESA...
Lekin bu borada bizning fikrlar mutasaddilarnikidan mutlaqo farq qiladi.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, issiqlik elektr stansiyalaridagi vaziyat bu vaqtinchalik holat. Ya`ni aholining elektr energiyasi ta`minotiga nari borsa biror hafta davomida salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin va albatta bu ma`lum hududlargagina tegishli, xolos. Qumli bo`ron bilan sodir bo`lganholatni qisqa muddatli omil deb qabul qilamiz, chunki elektr energiyasidagi uzilishlar aksariyat hududlarda muntazam kuzatiladi.
Balki, gidroelektr stansiyalaridagi yo`qotishlar har bir iqtisodiy sohaning iste`moliga mos ravishda taqsimlanganda, bugun elektr energiyasidagi uzilishlar ancha kamaygan bo`lishi mumkin edi.
O`ylamizki, xalq orasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish madaniyati ancha shakllangan. Qolaversa, aholi sarf qilgan resurslari tekinga tushmasligini yaxshi bilishadi.
Inobatga olinishi kerak bo`lgan bir jihat bor, aholining elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanishlari ortidan keladigan zararidan ko`ra, katta-katta tadbirkorlik ob`ektlari tomonidan tarmoqlarga noqonuniy ulanishi natijasida keladigan zarari ko`proq.
XULOSA O`RNIDA
Xalqimiznig katta yutug`i — sabrli xalq ekanligidadir. Boshidan ko`p zahmatlarni, qiyinchiliklarni o`tkazsa-da, barchasiga sabr bilan shukr qilib yashayveradi. Chunki bir qiyinchilik ortidan albatta ajr kelishini biladi.
Xabaringiz bo`lsa, mamlakatimizda quyosh elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan, ob`ektni qurish ishlari joriy yilning oxirigacha boshlash ko`zda tutilgan. 2023 yil aprel oyida ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi bosqichi va 2024 yil oxiriga qadar barcha quvvatlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Hechdan ko`ra kech: Energetika vazirligi bergan va`da 2, 3 yilda o`z echimini topib qolsa, ajabmas. Shundan keyin gaz ta`minoti bo`yicha mutasaddilarga ham insof berib, asosan chetga eksport bo`layotgan tabiiy gazimizdan aholiga ham ilinsa...
Iroda KATTABEKOVA