Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov maktablar faoliyati bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatida bo`ldi.
O`rganish jarayoni "Yangi kelajak kasblari" Markazidagi to`garaklardan boshlagan. Vazir bugungi kunda bolalarni zamonaviy bilim va kasb o`rganishlariga ishtiyoqini oshirish, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yuzasidan to`garakning ustoz va murabbiylariga o`z tavsiyalarini bergan.
“Bugun oldimizda turgan asosiy vazifa o`quvchilarning saviyasini, ularni ilm olishga bo`lgan ishtiyoqini oshirishdan iborat. Eng chekka hududlarda ham o`quvchi jahon standartlari asosida ta`lim olishi lozim. Bunda esa o`qituvchilarimizdan juda katta bilim, mehnat va fidoiylik talab etiladi. Buning uchun esa biz o`qituvchilarimizning bilim berishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilashimiz lozim va bu kelgusi strategiyamizning eng asosiy yo`nalishi bo`ladi”, — deya ta`kidladi vazir.
Shundan so`ng vazir viloyatdagi fizika va matematika faniga ixtisoslashgan yangi maktab qurilishini borib ko`rdi. Vazir yangi maktabda o`quvchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha o`z fikr va mulohazalarini bildirdi.






