“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Navbatdagi o`rganish “Qarshi neft bazasi” mas`uliyati cheklangan jamiyatida o`tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko`ra, neft mahsulotlarining saqlanishi, iste`molchilarga etkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan bog`liq ko`plab noo`rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.
Jamiyat va uning filiallari rahbariyati hamda muttasadi xodimlarining o`z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshuvi, shuningdek, mahsulotlarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda to`lovsiz berib yuborilishi oqibatida 2021 yil 1 yanvar holatiga nisbatan jami debitor qarzdorliklarni 21 mlrd 213 mln so`mga ortishiga yo`l qo`yilgan.
Xususan:
• "Qarshi neft bazasi"da (filiallarsiz) 9 mlrd 257,4 mln so`mga oshgan;
• Koson filialida 10 mlrd 553,1 mln so`mga oshgan;
• G`uzor filialida 1 mlrd 386,5 mln so`mga oshgan.
“Qarshi neft bazasi” MChJ qarashli FYoTShlarda saqlanayotgan neft mahsulotlari xatlovdan o`tkazilib, buxgalteriya qoldiqlari bilan solishtirilganda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi “Qishloq xo`jaligida bozor mexanizmlarining keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 149-sonli qarorining bandlariga zid ravishda jami 9 ta FYoTShda 1 mlrd 286 mln so`mlik 130 135 litr neft mahsulotlari istemolchilarga to`lovsiz, ruxsatnomalar, hisob-ma`lumotnomalar rasmiylashtirmasdan etkazib berilgan va kamomad holatiga yo`l qo`yilgan. O`rganish davrida istemolchilardan pul mablag`lari tushirilib jami 895,7 mln so`mlik neft mahsulotlari qiymati qoplandi.
Huddi shunday, Yakkabog` filialiga qarashli 3 ta FYoTShda jami 1 mlrd 162 mln so`mlik 130 254 litr neft mahsulotlari istemolchilarga to`lovsiz ruxsatnomalar, hisob-ma`lumotnomalar rasmiylashtirmasdan etkazib berilgan va kamomad holatiga yo`l qo`yilgan. Istemolchilardan pul mablag`lari tushirilib, kamomad to`liq qoplandi.
Neft bazaning Koson filiali mahsulotlar omborida o`tkazilgan xatlovda jami 80,5 mln so`mlik 11,0 tonna Ai-80 avtobenzindan kamomad aniqlanib, javobgar shaxs tomonidan qoplanishi ta`minlandi.
Ushbu filialning FYoTShlardagi mavjud tovar moddiy boyliklari xatlovdan o`tkazilganda, jami 16 ta FYoTShda 15,4 mln so`mlik tovar moddiy boyliklar yaroqsiz holatga keltirilganligi aniqlangan.
Shuningdek, 2015-2017 yillarda xodimlarning xarid qilingan namunali uy-joylardan bo`lgan 10,7 mln so`m qarzdorligini vaqtida undirish choralari ko`rilmagan.
Aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olish maqsadida “O`zbekneftgaz” AJning tegishli departamentlari va neft baza jamoasi ishtirokida “Qarshi neft bazasi” MChJda kengaytirilgan yig`ilish o`tkazilib, muhokama qilindi.
O`rganishlar natijasiga ko`ra, “Qarshi neft bazasi” MChJning xato-kamchiliklarga yo`l qo`ygan jami 28 nafar mas`ul mansabdor shaxsga nisbatan qat`iy intizomiy choralar ko`rildi, shundan 6 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 22 nafariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanildi. Xatoliklarni bartaraf qilish, kelgusida yo`l qo`ymaslik, tegishli huquqiy baho berish va talon-tarojliklarni kamaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.






