O`zbekiston inson huquqlari sohasidagi 80 dan ziyod asosiy xalqaro hujjatga qo`shilgan va bu boradagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Ushbu jarayon qanday tashkil etilgan va ayni sohadagi faoliyat samaradorligi nimalarga bog`liq?
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yil 19-21 noyabr kunlari tashkil etilgan trening ayni mavzudagi masalalar tahliliga bag`ishlangan. Treningda Milliy markaz, Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat statistika qo`mitasi, yuridik yo`nalishdagi oliy o`quv yurtlari mutaxassislari ishtirok etmoqda. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasining Inson huquqlari va shartnomaviy mexanizmlar faoliyatini ta`minlash bo`yicha departamenti rahbari Mahaman Sisse-Guro kirish so`zi bilan ishtirok etdi. Uning ta`kidlashicha, keyingi davrda O`zbekistonda inson huquqlarini ta`minlash va ayni sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarish borasida ijobiy natijalarga erishilgan va O`zbekiston oldida ishlar turganini ta`qidladi. Ushbu jarayonda fuqarolik jamiyat institutlarning roli oshirish va jalb qilish eng muhim vazifalardan biridir. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Fakultativ protokolni ratifikasiya qilish to`g`risidagi tashabbuslarini amalga oshirish alohida ahamiyatga eganligi ta`qidlab o`tildi.
BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`linmasi ko`magida onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan mazkur treningda xalqaro spikerlar ishtirok etmoqda. BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasining Inson huquqlari bo`yicha maslahatchisi Natalya Oliynik (Jeneva), BMT Taraqqiyot dasturining Inson huquqlari va ijtimoiy himoya bo`yicha katta eksperti Salman Asif, BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`linmasi inson huquqlari bo`yicha maslahatachisi Artur Yasevich shular jumlasidandir.
Tadbirda dastlab Milliy markaz vakillarining taqdimotlari tinglandi. Ushbu taqdimotlarda O`zbekiston ratifikasiya qilgan inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni bajarish yo`lida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samaralarini hisobga olgan holda, milliy ma`ruzalar tayyorlanayotgani ta`kidlandi. Bunda Milliy markaz asosiy muvofiqlashtiruvchi tashkilot ekaniga e`tibor qaratildi.
Milliy ma`ruzalarni tayyorlash jarayonlariga barcha manfaatdor tomonlar jalb etilmoqda. Bu o`rinda, albatta, vazirliklar va davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining daxldorligi haqida so`z bormoqda.
Chunki milliy ma`ruzalarni tayyorlashda qamrovni shunday keng olish birinchi navbatda xolislikni ta`minlaydi. Eng muhimi, bu bilan Yangi O`zbekistonni demokratik rivojlantirish jarayonlarining barcha bosqich va sohalarida inson huquqlariga amal qilinishi borasida tadrijiy asosda amaliy natijalar qo`lga kiritlayotgani yaqqol ko`rinadi.
Uch kunlik treningdan ko`zlangan maqsad mamlakatimiz ratifikasiya qilgan xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlarni amalga oshirish borasida tegishli tuzilmalarning salohiyatini oshirishdan iboratdir. Qolaversa, bu boradagi eng maqbul milliy amaliyot va xalqaro tajribani atroflicha o`rganish ko`zda tutilgan.






