Bugun, 22 noyabr kuni Toshkent shahrida “Orolbo`yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi bo`lib o`tdi. Tadbirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Konferensiyani O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMTning Taraqqiyot Dasturi Administrator yordamchisi, Evropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish qo`mitasi raisi Boriy Alixanov, Megapolislarni rivojlantirish Buyuk Parij alyansi prezidenti Nikolya Bushu, YuNESKO Bosh direktorining ilm-fan bo`yicha yordamchisi Shamila Nair-Beduel xonim, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qatnashdilar va tabrik so`zlari bilan chiqdilar.
“Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasi tomonidan Maxsus rezolyusiyani amalga oshirish chora-tadbirlari ko`rilmoqda. 2021 yil 29 iyulda BMTning Maxsus rezolyusiyasini amalga oshirish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirishning etti yo`nalishi belgilandi. Bundan tashqari, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda «yashil qoplamalar» barpo etishga doir ishlar ketmoqda. 2021 yilda ushbu tadbirlar natijasida 560 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» tashkil etilib, shundan 375 ming gektarida o`rmonzor barpo etiladi. Qoraqalpog`istondagi o`rmon fondi erlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo`yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o`rmon fondining tog`, vodiy va to`qay erlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekish ishlari tashkil etilmoqda”, - dedi O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.
Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo`yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatib kelmoqda. Ma`lumki, keyingi 55 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,2 million gektar maydonga Orolqum deb nomlangan yangi cho`l paydo bo`ldi.
Dunyoning boshqa har qanday cho`llarida bo`lgani kabi Orolqumda ham insonlarning to`kis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bioxilmaxillik va ekotizimni qo`llab-quvvatlash uchun zarur bo`lgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar etarli emas. Shu bois ham 2021 yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan, Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish to`g`risidagi maxsus Rezolyusiya bir ovozdan qabul qilindi.
Mazkur Rezolyusiyaga asosan ekologik innovasiyalar va texnologiyalar, shuningdek, yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan ko`p marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolbo`yi hududini ekologik va insoniyat inqirozi bilan bog`liq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish bo`yicha strategik yo`nalishlar hamda ustuvor loyihalar yo`nalishlari belgilandi.
“Orolbo`yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiya davomida asosiy muhokamalar dunyo tajribasidan kelib chiqib, Orolbo`yi mintaqasida innovasiyalar va ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, cho`llanishning oldini olish va ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan bo`ladi.
Hozirda BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbuslaridan kelib chiqib, O`zbekistonda bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Innovasion rivojlanish vazirligi va Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazi hamkorligida BMT Taraqqiyot Dasturi, Evropa Ittifoqi, YuNISEF, Islom taraqqiyot banki, ICBA xalqaro markazi bilan yaqin aloqalar yo`lga qo`yildi. Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Tunis, Shveysariya va Kanadalik olimlar bilan birgalikda Orolbo`yining sho`rlangan va qurg`oqchil erlarida ilmiy hamkorlik ishlari yo`lga qo`yildi.
Orolbo`yida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18 ta o`simliklarni va mahalliy yovvoyi o`simliklar florasi namunalarini madaniylashtirish bo`yicha sinovdan o`tkazishga doir tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidan 10 turdan ortiq tuproq toifalari asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi. “Oroldagi mening bog`im” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi va hozirgi kunda ko`rgazma uchastkalarida 5126 dan ortiq dekorativ hamda cho`lga chidamli daraxtlar ekilgan.
Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ko`magida Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O`zbekistondagi YuNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda ImkonLab dasturi doirasida Qoraqalpog`istonda Mo`ynoq, Bo`zatov, Qo`ng`irot, Nukus tumanlari yoshlarining startap loyihalariga yordam ko`rsatildi. Tunisning Chahbani Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda tuproq ostidan sug`orish yangi innovasion irrigasiya tizimini joriy etilmoqda. Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Sinszyan Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda suvni tejash texnologiyasi asosida makkajo`xori va paxta hosildorligini ko`paytirish tajriba-sinovlari o`tkazilmoqda (ushbu loyihalar doirasida jami 211 ming AQSh dollari jalb qilindi).
Bugungi xalqaro konferensiyada Yaponiya davlati bilan SATREPS dasturi doirasida ilmiy-tajriba ishlarining rasmiy boshlanishi va Germaniya davlati bilan CLIENT III dasturi doirasida yangi qo`shma tanlov o`tkazish yo`lga qo`yilmoqda va hamkorlik ishlariga kirishilmoqda.
Anjuman yakunlari bo`yicha Orolbo`yi mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga hamda innovasion rivojlanishning zaruriy infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlariga katta ahamiyat qaratilib, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish tashabbusi dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi.






