BAAning Dubay shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 40-Bosh Assambleyasi bo`lib o`tdi. Unda ushbu nufuzli tashkilotning vise-prezidenti, hamyurtimiz Otabek Umarov, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov hamda MOQ raisining o`rinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Bosh assambleyadagi chiqishida O.Umarov mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan Yangi O`zbekiston loyihasi, unda jismoniy tarbiya va sport, sog`lom turmush tarzi targ`ibotiga berilayotgan e`tibor haqida gapirib o`tdi.
Kun tartibiga muvofiq, har bir ma`ruzachi yaqin orada qit`amizda o`tkaziladigan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo`yicha o`z taqdimotlarini namoyish etishdi. Ular orasida O`zbekiston delegasiyasining “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o`yinlariga tayyorgarlik bo`yicha tayyorlagan taqdimoti va videorolik ko`pchilikning diqqat-markazida bo`ldi. Boisi, Toshkent mezbonligida o`tadigan ushbu sport bayrami dasturiga har qachongidan ham ko`proq sport turlari kiritilishi rejalashtirilgan.
Bu borada Oybek Kasimov o`z taqdimotida Bosh assambleya ishtirokchilarga batafsil ma`lumot berib o`tdi. Jumladan, taqdimotdan avval O`zbekiston haqida umumiy ma`lumotlar, uning sportdagi qudratini o`zida mujassam qilgan maxsus videorolik ham namoyish etildi. Shuni ta`kidlash kerak, tarixda ilk marotaba yoshlar Osiyo o`yinlaridan keyin Toshkentda IV yoshlar ParaOsiyo o`yinlari ham o`tkaziladi. Hali yoshlar Osiyo o`yinlari tarixida bu ikki nufuzli musobaqa ketma-ketlikda bir mamlakatda o`tkazilmagan edi. Bu borada Toshkent qit`amizda birinchi bo`lmoqda.
Shuningdek, Bosh assambleyada Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlari, Tailandning Bangkok va Chonburi shaharlarida o`tadigan Jang san`ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o`yinlari va boshqa kompleks musobaqalarning tashkiliy qo`mitalari ham yig`ilganlarni o`z taqdimotlari bilan tanishtirishdi.
Tadbir davomida OOK mutasaddilari qit`amizda Olimpizm g`oyalarini yanada keng targ`ib qilish bo`yicha rejalar barobarida tashkilotning sportchilar, moliya, tibbiyot, etika kabi yo`nalishlarida yil yakunlariga bag`ishlangan hisobot taqdim etishdi.






