1

Gavhar Zokirova: “Hazil-huzul bilan oila qurganmiz”

Jamiyat 23.11.2021, 08:52
Gavhar Zokirova: “Hazil-huzul bilan oila qurganmiz”

Gavhar va Jamshid Zokirovlar. Bu ikki ijodkor o`zbek teatri sahnasi va kinosida  o`ziga yarasha  duet yarata olgan juftlik. Hayotda ham bir- birlariga suyanchiq bo`lgan bu ikki insonning nomlarini ayro tilga olishga odatlanmagandik. Amml Yaratganning hukmi ekan, Jamshid aka bu dunyoni erta tark etdi... 

                       “Hamon Jamshid aka bilan dardshalaman...”

Gavhar Zokirova, O`zbekiston xalq artisti: — Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. “Erginamning orzusi” spektakli bilan Nukusga gastrolga borgandik. Jamshid akam o`sha erdan Buxoroga uchishlariga to`g`ri keldi. Men uyga qaytish uchun aeroportga bir o`zim chiqdim. Qizig`i shundaki, chipta olishga rosa qiynaldim. Aeroport xodimlari “Jamshid akasiz sizni hech qaerga qo`yib yubormaymiz”, deb hazil qilishgandi. Bu holat o`zimga ham g`alati ko`ringan. Yolg`iz bo`lsam, o`zimni xuddi  yarmimni yo`qotib qo`ygan insondek his qilishimni sezgandim. Bugungi kunda esa shu hissiyot bilan yashayapman. Xayolan har daqiqa, har soniyada Jamshid akam bilan gaplashaman, maslahatlashaman, dardlashaman. Qanchalar og`ir bo`lmasin, hayotimdagi bu bo`shliqni teatrdagi, seriallardagi yangi rollar bilan to`ldirayapman. “Mahallada duv-duv gap”, “Yig`lamagin” ko`rsatuvlaridagi boshlovchilik faoliyatimni bugungi kunda “Sevimli” kanalidagi “Bosh qahramon” ko`rsatuvida davom ettirayapman. 

               “Sevaman deganlarini eslay olmayman”

— Jamshid Zokirov bilan bir kursda tahsil olganmiz. Faqat ularning guruhlari boshqa edi. Talabalar sanoqli bo`lgani bois biz kursdoshlar tez orada tanishib, yaqin bo`lib ketganmiz. U paytlarda sevgi haqida gaplashmasdik. Xayolimiz faqat o`qish bilan band bo`lardi. Darslarga birga tayyorgarlik ko`rar, kutubxonalarda soatlab kitob mutolaa qilib o`tirardik. Kino, teatrlarga borardik. Jamshid aka “Sizni sevaman” deganlarini hech eslay olmayman. “Hazil-huzul gaplar bilan turmush qurganmiz...” desam ishonmassiz. Lekin chindan ham  shunday bo`lgan. O`shanda 4-bosqichda o`qib yurgan kezlarimiz edi. Jamshid akam meni odatdagidek birga dars tayyorlashga, lekin bu safar kutubxonaga emas, uylariga taklif qildilar. Shunchalik sodda ekamanki, hech narsani o`ylamay, borishga rozi bo`libman. Uydagilari meni yaxshi kutib olishdi. Birga dars tayyorladik, keyin Jamshid akam uyimizgacha kuzatib qo`ydilar. Oradan ikki uch kun o`tgach esa mendan “Gavhar, siz uyimdagilarga judayam yoqib qolibsiz. Menga turmushga chiqasizmi?” beb so`radilar. Men esa o`ylab ham o`tirmay, shartta “Chiqaman”, debman. 

                                 “Botir Zokirov sovchi bo`lib kelgan”

— To`yimiz ham qiziq bo`lgan. Institutni bitirishimiz arafasida rahmatli Botir Zokirovning o`zlari  biznikiga sovchi bo`lib kelganlar. Qudalar o`sha kuniyoq nikohdan o`tadigan kunimizniyam belgilab ketishgan. Lekin na men, na oila a`zolarimiz to`yga tayyor emasdik. Hatto, ZAGSga taqadigan fataniyam sotib olishga ulgurmasdan, dugonalarimdan birinikini  olishga majbur bo`lganman. Keyinchalik bilsam, Jamshid akam ham menga o`xshab, rosa shoshilibdilar. Ular ham kiyimlarini, tuflidan tortib kostyumgacha hammasini ijaraga olgan ekanlar. Qaynotam infarkt bo`lib, shifoxonada davolanayotgani  uchun ham biz kelin-kuyov libosida to`g`ri o`sha erga borganmiz. Rahmatli qaynotam Karim Zokirovning duolarini olganimizdan keyin do`stlarimiz bilan shahar aylanganmiz. ZAGSimiz may oyida bo`lib o`tgan bo`lsa, orada to`rt oy jimjitlik bo`lgan. O`qishga borardik, darsdan keyin men o`z uyimga, Jamshid akam o`z uylariga ketardilar. To`y haqida, hech qanday gap-so`z yo`q. Hamma xayron. O`sha  paytlarda  biz haqimizda tarqalgan turli mish-mishlarni eslab, haligacha  ajablanaman. Xullas, 11 sentyabr kuni to`yimiz bo`lib, visol oqshomimizda O`zbekiston va qo`shni respublikalarning deyarli barcha mashhur san`atkorlari qatnashishgandi.

                                    O`zga xonadon…

— Zokirovlar xonadoniga kelin bo`lib tushgan ilk kunlarim kechagiday esimda. Bu qutlug` dargohdan keldi-ketdining keti uzilmasdi. Deyarli har kuni mehmon kutardik. Barcha san`atkorlar biznikida, katta hovlining ishi tamom bo`lmas, qo`ldan supurgi tushmasdi. Ertalabki soat 6gacha kir yuvgan paytlarim, qish paytida  kechasi bilan ko`mir tashib, pechka yoqib chiqqan paytlarim ko`p bo`lgan. Lekin baribir xonadonimiz nihoyatda fayzli va barakali edi.Qaynonam olijanob inson edilar. Karim Zokirov bilan 6 yil, qaynonam bilan 29 yil birga yashash baxtiga muyassar bo`ldim. 

                          “Nigora obrazi meni elga tanitgan”

— Meni  aktrisa sifatida tanitgan obrazim “To`ylar muborak” filmidagi Nigora deb bilaman. Bu kinodagi birinchi rolim edi. Fotosinovdan keyin kinosinovdan ham o`tishim kerakligini aytishdi. Kinosinov aynan bir yarim yoshli qizim shifoxonaga tushib qolgan paytga to`g`ri kelib qoldi. “Bo`ldi, bormayman” deb o`tirganimda onam bizni ko`rgani kelib qoldilar. Shundan keyingina kinostudiyaga otlang anman. Rejissyor ssenariydagi eng murakkab sahnalardan biri dorixona sotuvchisi huzuriga borgan joyimni o`ynab berasiz, dedi. Film komediya bo`lishiga qaramay o`sha kadrda men yig`lashim kerak edi. Teatrda bu birmuncha osonroq, chunki voqealar rivoji bilan sizdagi o`sha holat kelib chiqadi. Kinoda esa boshqacha. Atrofingda birov yuradi, gaplashadi, qancha ko`z senga tikilib qarab turadi. Lekin kayfiyatim shunga mos bo`lib turgan ekanmi, bu epizod bitta urinishda suratga olindi. Rolga sinovga chaqirilgan ko`pgina  aktrisalar qolib, men tasdiqlanganman. Shu kadr filmda qoldirilgan, qayta suratga olmaganmiz. Bir so`z bilan aytganda, bu rolning aktrisa Gavhar Zokirova ijodida alohida o`rni bor.

                                 Eng oliy mukofot

— “Erginamning orzusi” spektaklining asosiy tomoshabinlari chindanam aynan er-xotinlar bo`lishardi. Spektaklni tomosha qilgan bir tanishimizdan “Yonimdagi er-xotinlar  avvaliga bir-birlariga e`tiborsiz o`tirishgandi. Spektakl davomida munosabatlari o`zgarib, oxirgi sahnalarni er ayolining qo`lidan tutgan, rafiqasi turmush o`rtog`ining elkasiga bosh qo`ygan holatda tomosha qilishdi”, degan gaplarni eshitib rosa xursand bo`lgandik. 

Gastrol safarida bir yigit kula-kula “Ko`chada chiroyli ayollarga qaraydigan odatim bor edi. Spektakllaringizni ko`rganimdan keyin ayolimga bo`lgan hurmatim ortdi. Endi boshqalarga qaramayapman. Buning uchun sizlarga rahmat”, degan so`zlaridan ortiq mukofot bormi aktyor uchun?!

Spektaklingizni bir emas, uch-to`rt marta ko`rdik, degan gaplari ham bizni juda quvontirardi. Shuning uchun biror sabab bilan o`rniga “Erginamning orzusi”ni o`ynaysizlar deb qolishsa, sirayam og`rinmasdik. Chunki spektaklingni tomoshabin ko`rayotganining o`zi katta baxt, deb hisoblardik. Bugungi kunga kelib, o`sha paytlarda bu takrorlanmaydigan, ertaga qaytarib bo`lmaydigan baxt ekanligini tushuna bilganimizdan xursand bo`layapman...

Tomoshabinlar bilan bo`lib o`tgan bir uchrashuvda shoir Botir Ergashevning “Erginamning orzusi” spektaklini ko`rib, qattiq ta`sirlanganimdan rafiqamga atab she`r yozgandim. Qo`shiqni Anvar Sanaev ijro etgan...” deb aytdi va yana o`sha o`tgan baxtli kunlarni yodimga soldi.

             

Yulduzlik onlari

— Biz ijod olamiga kirib kelgan yillarda yulduzlarning hammasi osmonda edi. Biz erda edik. Biror yutuq tufayli oyog`imiz ozgina erdan uzilganini sezishgan zahoti, darrov burnimizni erga ishqalab qo`yishardi. Biz uchun san`at tinimsiz mehnat va kasbga fidoyilik ekanini qulog`imizga quyib olgancha shu qoidaga bir umr amal qilib yashadik. Yulduzlik onlariniyam boshdan kechirgandirmiz, ammo his qilmaganmiz. El orasida tanilishga ham faqat va faqat mehnat bilan javob qaytarishga harakat qilganmiz. San`atkor sifatida tan olishdi, yaxshi ko`rishdi, hurmat qilishdi, demak, ularning oldida  qarzdormiz. Yangi obrazlar, esda qolarli qahramonlarimiz bilan ishonchlarini oqlashimiz kerak, degan fikr bilan ijod qilardik.  Shu kungacha erishgan kata-kichik muvaffaqiyatlarimuchun san`atdan minnatdorman.   

                                                   Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1