AsosiyJamiyat

Farzandlikka olishning huquqiy asoslari takomillashtirildi

'Farzandlikka olishning huquqiy asoslari takomillashtirildi'ning rasmi

Oila – muqaddas dargoh. Bolaning xulq-atvori, hayotga bo`lgan ilk qarashlari shakllanishida, jamiyatga moslashishida va umuman uning shaxs sifatida kamol topishida oilaning, oilada berilgan tarbiyaning o`rni beqiyosdir.

BMTning “Bola huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyasida o`zining oila g`amxo`rligidan vaqtincha yoki doimiy mahrum bo`lgan yoki o`zining eng yaxshi manfaatlari yo`lida bunday g`amxo`rlikda qola olmaydigan bola davlat tomonidan ko`rsatiladigan alohida himoya va yordamni olish huquqiga ega ekanligi belgilangan. 

O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunida davlat bolaning oilada bo`lishiga to`sqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilishi, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish bo`yicha zarur choralarni ko`rishi mustahkamlab qo`yilgan.

Farzandli bo`lish har bir insonning huquqidir. Tahlillar bu huquqni farzandlikka olish orqali ro`yobga chiqarish istagini bildirgan shaxslar mamlakatimizda 4 mingdan ortiq ekanligini ko`rsatmoqda. Ularning xohishini qondirish uchun amaldagi qonunchilikni takomillashtirish zarurati mavjud edi.

Qonunchilikka ko`ra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga etmaganni farzandlikka olishlariga yo`l qo`yilmas edi.

Mazkur qoida ijtimoiy ahamiyati katta bo`lmagan, uncha og`ir bo`lmagan hamda farzandlikka olishga to`sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinar edi.

Ta`kidlash joizki, AQSh, Xitoy, Fransiya, Kanada, Germaniya, Norvegiya, Daniya, Isroil, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlarda farzandlikka olishni taqiqlovchi talab sifatida shaxsning muqaddam sudlanganligi umuman ko`zda tutilmagan.

Qolaversa, har bir harakatlarimiz zamirida farzandlarimizning baxtu-iqboli, farovon kelajagi maqsad qilib qo`yilgan. Har bir bola kelajagi uchun barchamiz birdek mas`ulmiz. Shunday ekan, jamiyat va davlat uchun xavf tug`diradigan, og`ir jinoyat qilgan shaxslarga farzandlarimiz tarbiyasini ishonib topshirish davlat parokandaligiga qo`yilgan qadam bilan barobardir.

Biroq, inson borki, xatodan xoli emas. Bilib-bilmasdan xato qilgan insonga farzandlikka olish huquqining berilishi ularning farzandlarimizni Vatanimizga munosib, sadoqatli va barkamol shaxs sifatida tarbiyalashda o`z hissasini qo`shishi uchun bir imkoniyatdir.

Vaholanki, misol uchun, agar shaxs jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risidagi qonunchilikni buzsa, bu holat uning bola asrab olishiga imkon bermasdi.

Ilmiy-tadqiqot yoki sinov tajriba faoliyatini amalga oshirayotganda xavfsizlik qoidalarini buzgan shaxsning ham bolani farzandlikka olishiga yo`l qo`yilmasdi. Holbuki, ko`p holatlarda xavfsizlik qoidalari buzilishi ehtiyotsizlik oqibatidagina buziladi.

Ana shunday cheklovlar farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga (har yili o`rtacha 
200 nafar bola) nisbatan ancha yuqoriligicha qolishiga sabab bo`lmoqda.

Taraqqiyotimizning yangi bosqichida mamlakatimizda etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, jismonan sog`lom va ma`naviy etuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, o`tgan qisqa davr mobaynida bola huquqlarining kafolatlarini ta`minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, xususan 3 ta Qonun, 16 ta O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va qarorlari, 14 ta Hukumat qarorlari qabul qilindi. 

Joriy yilning 21 oktyabr kuni qabul qilingan “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun shular jumlasidandir.

Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan mazkur Qonun bola huquqlarini to`laqonli himoya qilish, jumladan bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish holatlarini, bola savdosi bilan bog`liq jinoyatlarni bartaraf etishga qaratilgan. 

Endilikda ba`zi ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan va uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar sodir etgan fuqarolarga farzandlikka olishga imkoniyat yaratildi. Ya`ni, qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab, uni sodir etgan shaxsning farzandlikka olishi mumkin yoki mumkin emasligi aniqlanadi. 

Ushbu maqsadda Qonun bilan quyidagi shaxslarga nisbatan farzandlikka olishga bo`lgan cheklov olib tashlandi:

a) o`zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog`liq bo`lmagan jinoyatlar (jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olish yoki o`tkazish bundan mustasno) iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar, xo`jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar, tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog`liq jinoyatlar hamda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar (tijoratda pora evaziga og`dirib olish, nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og`dirib olish bundan mustasno) sodir etganlarga;

b) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar, transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar, bo`ysunish va harbiy sha`nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlar, harbiy xizmatni o`tash tartibiga qarshi jinoyatlar, harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etganlarga;

v) tuhmat va haqorat qilganlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlar, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzganlar, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o`tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish jinoyatini sodir etganlar, karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarni tarqatganlar, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzganlarga;

g) tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzganlar, mehnatni muhofaza qilish, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash, tog`-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi, yong`in xavfsizligi qoidalarini buzganlarga.

Shu asnoda ilgari farzandlikka olishga Jinoyat kodeksida ko`rsatilgan 268 ta jinoyat turi monelik qilgan bo`lsa, endi ularning soni qisqartirilib, 165 taga tushirildi.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, vasiylik va homiylik organlari tomonidan farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar, ularning yashash shart-sharoitlari va ota-ona bo`lish imkoniyatlari atroflicha o`rganilib, har bir holatga alohida baho beriladi.

Qonun bilan jinoyat turidan qat`iy nazar og`ir (5 yildan 10 yilgacha) va o`ta og`ir (10 yildan ortiq) jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar tomonidan bola asrab olishga bo`lgan taqiq mustahkamlab qo`yildi.

Shuningdek, yaqin qarindoshlar o`rtasida farzand asrab olishda ortiqcha sansalorlikni oldini olish maqsadida farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o`n besh yoshdan kam bo`lmasligi to`g`risidagi qoida endilikda yaqin qarindoshlariga tatbiq etilmasligi belgilandi.

Mazkur qonun bola huquqlarining himoya qilinishini to`laqonli ta`minlash, ular o`rtasida turli g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etilishini barvaqt oldini olish hamda bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish holatlariga barham berishga ko`maklashadi.

Oydin NOROVA

Bosh prokuratura boshqarma prokurori 

    Boshqa yangiliklar