“Tabriklaymiz! Siz yutuq egasi bo`ldingiz. Yutuqni olish uchun “falon” raqamga murojaat qiling”. Hammasi shundan boshlanadi va siz o`zingizni “omadli inson” deb hisoblab, “yutug`ingizni” olishga oshiqasiz. Tovlamachilar uchun bu ayni muddao bo`ladi. Sizning karta raqamingiz, unga keladigan kodga sizning ishonuvchanligingiz orqali erishib, sizni hisobingizdagi bor-budingizdan ham ayiradi. Bugungi mavzuimiz ommalashib borayotgan internetdagi tovlamachilik haqida.
"BU BOShQAChASI!"
“Yaqinda senga uy olib beraman”, — dedi bir do`stim qo`qqisdan, — “sovg`a qilaman”. Yuragim shuv etdi. “Chet eldan meros kelyaptimi, deyman. Agar shunday bo`lsa, darhol to`xtat. Bu tovlamachilik!”, — dedim men. Haqiqatdan ham shunday edi. U meni eshitishni istamas, go`yoki uning “merosi”ga hasad bilan qarayotgandek edim uning nazarida. Isbotlar keltirishimga ham qo`ymadi. Chunki u boylik iskanjasida edi. Orzusiga berilib bo`lgandi. Men bu haqida juda yaxshi bilganim, atrofimda ko`pchilik chuv tushib qolgani haqida ham aytdim – foydasiz. Uning javobi bitta edi: “Bu boshqachasi!” To`g`rida, begona bo`lsa ham “siz millionersiz”, deb turganning oldida “bu yolg`on”, deb turgan sen yoqarmiding?
"NIGERIYa XATI"
Bu qachondan boshlangan? Uyali aloqa bo`lmagan kezlarda ham bu kabi yolg`onlar bo`lganmi? Albatta! “Nigeriya xati”. Bu turdagi xatlar 1980 yillar o`rtalarida Afrika davlatlari o`rtasida oddiy pochta orqali xonadonlarga yuborilgan. Xat mazmuni o`shanda ham, hozir ham bir xil: “Sizning davlatingizdan hisob raqamida falon million dollari bor odam oilaviy vafot etdi. Biz merosxo`r qidiryapmiz. Uning familiyasi yoki vatandoshligi siz bilan bir xil. Agar shu mablag`ni olsak, siz millionerga aylanasiz. Mening yordamim evaziga pulni o`rtasidan bo`lishamiz.” Bunday mazmundagi xat ilk marotaba Afrikadagi sodda odamlar uylariga kelgan. Shuning uchun tovlamachilikning bu turi “Nigeriya xati” deb nomlangan. Internet rivojlangani sari bu turdagi “meros xabarlari” elektron pochtalarga, hozirgi kunda esa, Instagram, Facebook, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilmoqda.
XO`Sh, BIZ BU "QOPQON"GA QANDAY ILINAMIZ?
“Merosxo`r”ligimizni yozgan odam meros miqdori 700-800 mln. dollar atrofida ekanligini, faqatgina hujjatlar rasmiylashtirish uchun pul kerakligini aytadi. Bizga allambalo sertifikatlar, hisob raqamlar, pul to`la seyf rasmlarini yuborib, ishonchimizga kiradi. Rasmiylashtirish uchun bizdan taxminan 50-100 ming dollar pul so`raydi. Buncha pulimiz bo`lsa, ishonsak to`lab yuboramiz. Bo`lmasa, “B” rejaga o`tiladi. Ya`ni go`yoki ular bizning ishimiz bitishi uchun bankdan o`ziga kredit oladi va qachonki biz merosni olsak, shundan xarajatlar summasini ham olib qolishini aytadi. Tabiiyki, rozi bo`lamiz. Shu orada notarius, bank, sug`urtaga o`xshagan bir nechta hujjat rasmiylashtirilgani haqida bizga ma`lumotlar kelib turadi. Biz esa allaqachon xayollarda boyga aylanib bo`lgan bo`lamiz. Bundan foydalangan tovlamachilar oxirgi operasiya uchun 2000 dollar atrofida pul kerak bo`layotgani, uni o`zlari topolmasligini, shundoq ham biz uchun shuncha harakat va xarajat qilganini ta`na qilib, tezroq pulni olish kerakligini yozadi.
400- 500 ming dollar “meros” oldida 2000 dollar nima bo`libdi, to`g`rimi? Biz bu pulni qarz qilib bo`lsa ham topamiz, ular aytgan hisobga o`tkazamiz va chuv tushamiz.
SODDA BO`LMANG!
Ishoning, atrofimda bu pulni berib qo`yib, "kuygan" odam bor. Vaqtida meni eshitganida bu ko`yga tushmagan bo`lar edi. Biz bu maqolamiz bilan internetdagi yuzlab, balki minglab tovlamachiliklardan birini ko`rsatdik. Ularning turi ko`p. Sodda bo`lmang. Shaxsiy ma`lumotlaringizni hech kimga ishonmang. Pul hech qachon osmondan tushmagan, tushmaydi. Peshonadagi haloli kelaridan qo`ymasin. O`zingizni va hamyoningizni ehtiyot qiling.
Sardorbek RAHMONQULOV
"Darakchi" gazetasi 2021 yil 25 noyabr sonidan