AsosiySport

Ishsiz qolgan mashhur murabbiylar: Joze Mourinodan – Vadim Abramovgacha

Joriy mavsumda bir qator top-klublar bosh murabbiylarni ishdan bo`shatishdi. Bunga ularning namoyish qilgan samarasiz o`yinlari va bildirilgan ishonchni oqlamagani sabab bo`ldi. “Chelsi”ni chempionlik shohsupasiga olib chiqqan Joze Mourino, “Real”ni muammolar girdobiga g`arq qilgan Rafael Benites, Toshkentning “Lokomotiv” klubini orziqib kutilgan chempionlik sari boshlay olmagan Vadim Abramov shular qatoridandir. Bugungi sahifamizda ishsiz qolib ketgan murabbiylar bilan sizlarni yaqindan tanishtiramiz.

Joze Mourino

Yoshi: 53da

Faoliyat olib borgan klublari: “Benfika”, “Uniao de Leyriya”, “Portu”, “Inter”, “Real” Madrid, “Chelsi”

O`tgan mavsumda “Chelsi”ni chempionlik shohsupasiga olib chiqqan Joze Mourino joriy mavsumda kutilmagan natijalar qayd etib, klub rahbariyati ishonchini yo`qotdi hamda muxlislarni ranjitdi. 2015 yilning dekabr oyida Roman Abramovich direktorlar kengashi bilan uni o`z lavozimidan ozod qilishga qaror qildi. Uning ketishi ko`pchilikni ajablantirgan bo`lsa, ba`zilar esa aksincha, “benazir”ning ketganidan mamnun bo`ldi. Mourino London klubini tark etgach, uning o`rnini gollandiyalik mutaxassis Gus Xiddink egallaydi. Aytish kerakki, yangi bosh murabbiy qo`li sotida “nafaqaxo`rlar” biror marta ham mag`lubiyatga uchramadi. Shunga qaramay, jamoa hamon qo`yi pog`onalarni egallab kelmoqda. Mourino janjalkash, ehtiroslarga beriluvchi bo`lishiga qaramay, uning futbolda o`z o`rni bor. Portugaliyalik “Chelsi”dan ketishi bilan jamoaning shiddatli o`yini yo`qoldi, matbuot anjumanlari u siz zerikarli o`tadigan bo`ldi. Ammo, u tez orada futbolga qaytishini aytib o`tdi. Ko`plab top-klublar unga qimmatbaho shartnomalar taklif qilishga tayyor, lekin, Joze katta ehtimol bilan yozda “Manchester Yunayted” jamoasini o`z boshqaruviga oladi. U ushbu tanlovi bilan sobiq jamoasining qilgan ishidan afsuslanishiga olib kelsa, ajab emas.

Nuno Santo

Yoshi: 42da

Faoliyat olib borgan klublari: “Rio Ave”, “Valensiya”

“Valensiya” klubining sobiq bosh murabbiyi Nuno, o`tgan mavsumda jamoani EChLga olib chiqishga muvaffaq bo`lgandi. Joriy mavsumda esa unga omad kulib boqmadi. U ketgunga qadar jamoa mamlakat chempionatida 9-pog`onada borayotgan va EChL guruh bahslaridan chiqib ketgandi. Portugaliyalik mutaxassis ishidan mamnun bo`lmadi va o`z xohishiga ko`ra klubni tark etdi. Rahbariyat esa uning qaroriga qarshi chiqmadi. Bir muddat “Valensiya” murabbiysiz o`ynadi. Omadsizlik ko`chasiga kirib qolgan jamoa rahbariyati Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi, “Manchester Yunayted” sobiq himoyachisi Gari Nevillni ishga taklif qiladi. Baxtga qarshi, tajribasiz Nevill “Valensiya”ni yanada og`ir ahvolga boshladi. Uning qo`li ostida “ko`rshapalaklar” mamlakat chempionatida mana 9 o`yindirki g`alaba nima ekanini bilmaydi. Turnir jadvalida ular o`ziga yarashmaydigan 14-o`rinda bormoqda. Bundan tashqari, klub sharmandalarcha Ispaniya Kubogi musobaqalarini tark etdi. Nuno barchasini chetdan turib kuzatayotgan va sobiq jamoasiga achinayotgan bo`lsa kerak. 42 yoshli mutaxassisga bir qator o`rtamiyona klublar qiziqish bildirgan. Biroq, u hozircha futboldan dam olmoqchi.

Tim Shurvud

Yoshi: 47da

Faoliyat olib borgan klublari: “Tottenxem”, “Aston Villa”

Angliyalik tajribali mutaxassis “Aston Villa”ni Premer-ligada saqlab qolishi uchun klubga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Bir vaqtlar “Tottenxem”da yoshlar bilan ishlay olishini isbotlagan murabbiy bu erda aksini ko`rsatdi va ko`pchilikning ishonchni yo`qotdi. Uning boshqaruvida birmingemliklar ishonchsiz o`yin ko`rsatib, turnir jadvalining so`nggi pog`onasiga muhrlanib qolishdi. Klub vakillari bunga ortiq chidab o`tirmadi va Shervudni ishdan bo`shatdi. Jamoa shu darajada pastga sho`ng`iganki, uning o`rniga kelgan Remi Gard ham yordam bera olmayapti. “Aston Villa” hozirda 16 ochko bilan so`nggi pog`onadan siljimay turibdi. Tim Shervud esa ko`rsatgan “karomati” uchun murabbiylik faoliyatiga katta dog` tushirdi.

Brendan Rojers

Yoshi: 43da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “Uotford”, “Reding”, “Suonsi”, “Liverpul”

Ikki yil avval Brendan Rojers “Liverpul”ni orziqib kutilgan chempionlik sari deyarli olib chiqqandi. Ammo, bir qancha tajribali murabbiylar eplay olmagan ishni u ham uddalay olmadi. Qaysidir ma`noda bunga Stiven Jerrardning “Chelsi”ga qarshi o`yindagi yo`l qo`ygan xatosi sabab bo`ldi. Xullas, mersisaydliklar 2013/14 yilgi mavsumda vise-chempionga aylandi. Shundan so`ng, u aytarli yutuqlarga erishmadi. Uning ketishi hech qanday shov-shuvlarga sabab bo`lmadi. Rojers tinchgina, ortiqcha ovozalarsiz klubdan ketdi. Bosh murabbiylik esa Yurgen Kloppga topshirildi. Germaniyalik mutaxassis o`zining latofati bilan muxlislarni shimoliy irlandiyalik mutaxassis haqida tez unutib yuborishga majbur qildi. Tan olish kerak, ayni damda “Liverpul”ning holati yaxshi emas, ammo, jamoa Angliya Liga kubogi finaliga yo`llanma oldi va bir necha yil deganda dastlabki sovrinni qo`lga kiritishga yaqin turibdi. Brendan Rojers kamtarin inson bo`lgani uchun ishdan ketganidan so`ng deyarli OAVda ko`rinmadi. Uni “Sounsi”ga qaytib borishini tahmin qilishgandi. Lekin unday bo`lib chiqmadi va u yozga qadar dam olishini aytdi.

Devid Moyes                                                                                                 

Yoshi: 52da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “Preston Nord End”, “Everton”, “Manchester Yunayted”, “Real Sosedad”

Shotlandiyalik mutaxassis “Manchester Yunayted”ni qabul qilib olganida, ko`pchilik uni “yangi Fergyuson”ga aylanishini kutgandi. Afsuski, bu shunchaki hom-hayol bo`lib chiqdi. U Manchesterga kelgach, jamoa engil raqiblarga engilishni, ishonchsiz o`yin ko`rsatishni boshladi. Amalga oshirilgan transferlar ham uni muammolardan qutqara olmadi. Natijada mankunianliklar top-klub nomini yo`qotdi va o`rtamiyonalar safiga qo`shildi. Moyes “MYu”da bir qator antirekordlarni qayd etib, jamoa va uning muxlislarini evrokuboklardan mahrum qildi. 52 yoshli mutaxassis o`z omadini sinab ko`rish uchun Ispaniyaga yo`l oladi. San-Sebastyan shahrining “Real Sosedad” klubi uni katta umidlar bilan o`z safiga qo`shib oldi. Basklar murabbiyning Angliyadagi xatolaridan xulosa chiqarmadi va bu ularga qimmatga tushdi. Mazmunsiz futbolni o`zi bilan olib kelgan shotlandiyalikka ko`p o`tmay katta eshiklarni ko`rsatib yuborishdi. Moyes Ispaniyadan ketish chog`ida “Manchester Yunayted”ga qaytib borish istagi yo`q emasligini aytdi. Bu esa “qizil iblislar” muxlislarini yana havotirga solib qo`ydi. Ayni damda u ishsiz. Uning “ulkan” xizmatlariga esa Xitoy klublari qiziqish bildirmoqda.

Karlo Anchelotti

Yoshi: 56da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “Rejjiana”, “Parma”, “Yuventus”, “Milan”, “Chelsi”, “PSJ”, “Real Madrid”

Italiyalik mutaxassis nohaq ravishda “Real”dan ketgan, deydiganlar talaygina. To`g`ri, u o`tgan mavsumda jamoani hech qanday yutuqlarga boshlab kelmadi, lekin, unga yana bir yil muhlat berish kerak edi. Anchelotti uzoq yillar davomida kutilgan Chempionlar ligasi bosh sovrinini Madridga olib kelishga muvaffaq bo`lgandi. Peres esa buning qadriga etmadi va o`ni bo`shatib, Benitesni tanladi. Prezident qilgan ishidan afsusda bo`lsa, ajab emas. Adolatsizlik qurboniga aylangan Anchelotti “qirollik klubi”dan ketishi bilan “Milan”, “Roma”, “Inter” kabi Italiya grandlari uni o`z safiga chorlay boshlashdi. U esa ta`til olishga qaror qildi. “Bavariya”ni mamlakat ichida engilmas jamoaga aylantirgan, ammo, Evropa maydonida salmoqli natijaga erisha olmagan Pep Gvardiola kelayotgan yozda “Manchester Siti”ni boshqarishi aniq bo`ldi. Shundan so`ng myunxenliklar ishsiz o`tirgan Karlo Anchelotti bilan bog`lanib, unga 3 yillik shartnoma taklif qilishdi. Qisqa tanaffusdan so`ng u yana murabbiylik kursiga qaytadigan bo`ldi.

Roberto Di Matteo

Yoshi: 45da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “MK Dons”, “Vest Bromvich”, “Chelsi”, “Shalke 04”,

Italiyalik murabbiy top-klublarda ishlash tajribasi bilan maqtana olmaydi. Lekin 2011/12 yilgi mavsum so`nggida u “Chelsi”ni Andre Villash-Boashdan qabul qilib oladi va sensasion tarzda jamoani Chempionlar ligasi g`olibiga aylantiradi. Qizig`i shundaki, Di Matteo mana shu nufuzli turnirda jamoani g`oliblikka boshlagan yagona murabbiy sanaladi. Na Joze Mourino va na Gus Xiddink bu ishning uddasidan chiqishadi. Bir vaqtlar London klubini boshqargan Klaudio Raneri ham buni eplay olmagan. Di Matteo Londonda uzoq qolib ketmadi. Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar uni ishdan ketishiga sabab bo`ldi. Ikki yillik tanaffusdan keyin uni Germaniyaga – “Shalke 04” jamoasiga taklif qilishdi. 45 yoshli mutaxassis jamoani qiyin ahvoldan olib chiqishga harakat qildi, ammo, unga yuklatilgan vazifalarni uddalay olmadi. U o`z xohishiga ko`ra gelzenkirxenlarni tark etadi.

Fabio Kapello

Yoshi: 69da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “Milan”, “Roma”, “Yuventus”, “Real” Madrid, Angliya terma jamoasi, Rossiya terma jamoasi

Italiyalik murabbiy anchadan buyon klub miqyosida faoliyat olib bormayapti. Yulduzli onlarini “Roma”, “Yuventus” va “Real”da o`tkazgan Kapello 2008 yildan terma jamoalarda ishlab keldi. Angliya terma jamoasida to`rt yil ishlagan murabbiy “uch sherlar”ga aytarli muvaffaqiyat keltirmadi. Shundan so`ng ruslar unga ishonch bildirio`di, ammo, u erda ham tajribali mutaxassis ko`zga ko`rinadigan ish qilmadi. Natijada u katta mojarolar bilan Rossiya termasini tark etdi. Tark etganda ham katta tovon pulini o`zi bilan olib ketdi. 69 yoshli mutaxassis faoliyatini qaerda davom ettirishini tahmin qilish ham juda qiyin. Zero, so`nggi 9 yilichida u hech qanday yutuqlarga erisha olmadi.

Vadim Abramov

Yoshi: 53da

Faoliyat olib borgan jamoalari: “Paxtakor”, “Neftchi”, “NBU-Osiyo”, “Traktor”, O`zbekiston U-23, O`zbekiston MTJ, “Lokomotiv”                      

Toshkentning “Lokomotiv” klubi tajribali murabbiy Vadim Abramovni bitta maqsadda jamoaga taklif qilgan. U ham bo`lsa O`zbekiston chempionligini qo`lga kiritish. Abramov “Loko” bilan O`zbekiston Kubogi va Superkubogini qo`lga kiritdi, biroq, “temiryo`lchilar” orziqib kutgan chempionlik sari etaklay olmaydi. Jamoa ketma-ket uch yil vise-chempion maqomida musobaqani yakunlaydi. Hozirda 53 yoshli mutaxassisga qaysi klub qiziqayotgani ma`lum emas. U katta ehtimol bilan MDH davlatlaridan biriga yo`l olsa kerak. Buni esa vaqt ko`rsatadi.

Boshqa yangiliklar