AsosiyJamiyat

Sudlarda “yagona darcha” xizmati: fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo`yiladi

'Sudlarda “yagona darcha” xizmati: fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo`yiladi'ning rasmi

Toshkent shahar sudi tomonidan “Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasida tarbirkorlik sudb`ektlari ishtirokida sudlarga murojaat qilgan shaxslarga qulayliklar yaratish maqsadida ishlarning sudlarga taaluqliligi masalasida davra suhbati o`tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi...

Davra suhbatida Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xodjakulov, Toshkent shahar sudi rais o`rinbosarlari Maqsudbek Saidov va Shuxrat Abbasov, Toshkent shahar ma`muriy sudi rais o`rinbosari G`olibjon Davlatov, tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Kun tartibidan fuqarolarga hamda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida sudga murojaat qilishda “yagona darcha” tartibini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar va hal etilishi lozim bo`lgan masalalar muhokamasi va sudga murojaat qilishda “yagona darcha” tartibini joriy etish masalasida tarbirkorlarning fikr-mulohazalari va takliflari muhokamasi o`rin oldi. 

Erkin Xodjakulov, Toshkent shahar sudi raisi:

“Prezidentimizning saylovoldi dasturida sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yo`nalishlariga to`xtalib, endilikda sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tartibi joriy etilishi bilan bog`liq tashabbusni ilgari surgan edi. Jumladan, bundan buyon ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma`muriy sudga taaluqli bo`lishidan qat`i nazar, ariza “yagona darcha” asosida qabul qilib olinishi, bu orqali fuqaro va tadbirkorlarning eshikma-eshik sarson bo`lib yurishiga chek qo`yilishi ta`kidlangan edi. Haqiqatdan ham bugungi kunda sud-huquq islohotlari jarayonida fuqarolarga qulaylik yaratish, sudlarga murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish masalasiga katta e`tibor qaratilmoqda. Xususan, 2021 yildan boshlab jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo`yicha viloyat sudlari birlashtirilib, bitta viloyat sudi sifatida ish boshladi. Bugungi kunda respublikaning ko`p tumanlarida ham sudlar bitta binoda faoliyat ko`rsatmoqda. Buning natijasida hozirda ham fuqaro va tadbirkorlarning masalasi bir binoda joylashgan sud orqali hal etilmoqda. Endilikda esa davlatimiz rahbarining tashabbuslari asosida sudlarga murojaat qilishda fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish masalalari o`rganib chiqilmoqda. Jumladan, ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma`muriy sudga taaluqli bo`lishidan qat`i nazar, fuqarolarga o`z arizasini sudga “yagona darcha” prinsipi asosida topshirish imkonini yaratish masalasi o`rganib chiqilmoqda. Bu prinsip bugungi kunda shu yilning 1 dekabr kunidan boshlab Toshkent shahar sudining sudlari tomonidan ham tajriba tariqasida amaliyotga joriy etildi”.

 

Shuningdek, tadbirda sudlarga tadbiq etilishi rejalashtirilayotgan “yagona darcha” tizimining afzalliklari va qulayliklari tushuntirilib, buning uchun amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar haqida ham to`xtalib o`tildi.  Shu bilan birga, yig`ilishda qatnashgan ayrim huquqshunos va tadbirkorlar loyihani amalga oshirishda e`tiborga qaratilishi lozim bo`lgan masalalar yuzasidan o`z takliflarini ham birdirib o`tdilar.

Xususan, so`zga chiqqan huquqshunoslar sudlarga to`lanadigan davlat bojlarining stavkalari turlicha bo`lganligi bois “yagona darcha” tizimini joriy etishda bu masalaga ham e`tibor qaratish lozimligi, misol uchun davlat bojining stavkalari bo`yicha mulkiy tusdagi da`volar bo`yicha davlat bojining miqdori iqtisodiy sudlarda 2 foizni, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarda esa 4 foizni tashkil etishi, iqtisodiy sudga taqdim etilgan da`vo arizasi sud tomonidan taaluqliligi bo`yicha fuqarolik ishlari bo`yicha sudga yuborilganda, fuqarolik ishlari bo`yicha sud davlat bojini qay tartibda inobatga olishi lozimligi, davlat boji kam to`langan deb hisoblab da`voni qaytarishi yoki davlat bojining etishmagan qismini ishni ko`rish natijalari bo`yicha undirishi lozimligi yuzasidan aniq tushuntirishlar berilishi kerakligini ta`kidlab o`tdilar.

Shuningdek, yig`ilishda ishtirok etganlar orasidan sudlarga davlat boji to`lashda ayrim muammolar mavjudligi, xususan har bir sudning davlat boji to`lovi bo`yicha alohida hisob raqamlari mavjudligi, bu holat bugungi kunda fuqarolar uchun ayrim noqulayliklar keltirib chiqarayotganligini ham bildirib o`tdi.

Bundan tashqari, tarbirkorlar bugungi kunda sudlarga murojaat qilishda ayrim murakkabliklar mavjudligi, da`vo arizalarini rasmiylashtirish, uni taaluqliligi bo`yicha sudga topshirish, davlat bojlarini hisoblash masalalari maxsus yuridik bilim talab qilishi, yuridik ma`lumotga ega bo`lmagan fuqarolar uchun ham qulayliklar yaratish lozimligi, shuning uchun sudlarda sudga murojaat qilmoqchi bo`lgan shaxslarga yuridik ko`mak beradigan maxsus bo`limlarni tashkil etish lozimligi yuzasidan o`z takliflari bilan bo`lishishdi. Yig`ilishda qatnashganlar tomonidan bildirilgan takliflar yuzasidan sud rahbariyati va sudyalarning fikrlari tinglanib, loyihani amalga oshirishda bildirilgan takliflar albatta o`rganib chiqilishi ma`lum qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar