AsosiyJamiyat

"U intervyu berishni xush ko`rmasdi". Shohruxxon, Jun Sang, Jumong, Po`lat Alemdarni o`zbekcha so`zlatgan dublyaj ustasi Sanjar Sa`dullaevni birga xotirlaymiz

'"U intervyu berishni xush ko`rmasdi". Shohruxxon, Jun Sang, Jumong, Po`lat Alemdarni o`zbekcha so`zlatgan dublyaj ustasi Sanjar Sa`dullaevni birga xotirlaymiz'ning rasmi

Mendan “Radioda Sanjar Sa`dullaev bilan birga ishlagan ekansizlar, intervyu olib bering”, deya ko`p bora iltimos qilishgan. U intervyu berishni xush ko`rmasdi. Bu fe`liga xos vazminlikdanmi yoki buni imij o`rnida qabul qilganmidi, bilmadim. Ana shu qoidaga umrining oxirigacha amal qildi. Ba`zilarga o`xshab oilasidagi gaplarni “dasturxon” qilishni ham yoqtirmas, bekorchi narsalarga vaqt sarflab o`tirishdan yiroq edi. Biz uzoq yillar birga ishlagan hamkasb sifatida avval otasi, so`ngra onasi erta vafot etganlaridan so`ng ukalariga bosh bo`lib qolganini bilardik, xolos.

Sanjar Sa`dullaev Teatr va rassomchilik institutining aktyorlik fakultetini tugatgan bo`lishiga qaramay, ijodini radioda rejissyorlik lavozimidan boshlagan. O`sha yillari katta-kichik rollar taklif etishgan, hammasini rad etganiga guvohmiz. Biz hayron bo`lardik, Sanjar esa odatiga ko`ra kulib qo`ya qolardi.

Rejissyor sifatida qilgan mehnatlari besamar ketmadi, O`zbekiston radiosi xazinasida u tasmaga tushirgan bir nechta radiospektakl va ko`plab eshittirishlar saqlanmoqda. Bir necha yillik “Tabassum” radiojurnali, “Yaxshi kayfiyat” eshittirishlaridagi rejissyorlik faoliyatida esa u o`zining yumorni yaxshi tushunadigan ijodkor ekanligini namoyish etdi. Dublyaj san`atida esa o`zini chinakamiga topdi. O`zbek tomoshabini hind kinoaktyori Shohruxxonni uning ovozi bilan sevdi. U ovoz bergan “Qish sonatasi”dagi Jun Sang sabab Koreya kino san`atiga mehr qo`yishdi. 

Sohir ovoz egasi 4 dekabr kuni 67 yoshida bu dunyoni tark etdi. Yuzlab filmlar, seriallar va she`riy misralarda uning ovozi yangrashda davom etadi...

"MIYIG`IDA KULIB QO`YIShI KO`Z OLDIMDAN KETMAYaPTI..." 

Gulyuz KALONOVA, O`zbekiston radiosi muharriri: 

— Bir jamoada ancha yillar ishlagan insonlaring vaqt o`tib qarindoshlaringday bo`lib qolarkan. Shuning uchunmi Sanjar akaning vafotlarini yuragimga qattiq oldim. Bu inson bilan rejissyor sifatida birga ishlamagan bo`lsam-da, radioga birinchi marta qadam qo`yganimda iliq kutib olganlari uchunmi juda hurmat qilardim. Ish jarayonida nimalar bo`lmaydi deysiz, studiya talashibmi yoki rejissyor va aktyorlar o`rtasidami turli kelishmovchiliklar chiqib turadi. Birdan baqir-chaqirlar boshlanib ketardi. Ijodkor odamlar uchun bu oddiy hol. Lekin men hech qachon Sanjar aka birovga qattiq gapirgani, baqirgani yoki jahl qilganini ko`rmaganman. Jahllari chiqsayam, xursand bo`lgan paytlaridayam miyig`larida kulib qo`yadigan odatlari bor edi. Ammo birovga bir narsa demasdilar. Shu kulib qo`yishlari hech ko`z oldimdan ketmayapti. 

Juda madaniyatli inson edilar. O`tgan ko`p yillik ish faoliyatim davomida hech qachon hech kimdan “Sanjar akadan xafaman”, degan gapni eshitmaganman. O`z kasbining ustasi ekanligi, tug`ma iste`dodi, chiroyli ovozi bilan bir qatorda halol va mehnatkash inson ham edilar. Joylari jannatlarda bo`lsin. 

"KO`PLAB HIND FILMLARIDA BIRGA IShLAGANMIZ" 

Zuhra AShUROVA, O`zbekiston xalq artisti: 

— Sanjar aka bilan “Subhidam salomi” eshittirishini olib borgan paytlarimizni to`lqinlanib eslayman. Tong sahardan radioning qulog`ini burab bizning ovozimizni kutadigan muxlislarimiz bo`lardi. “Ovozlaringiz buncha yoqimli...” “Maza qilib tinglayapmiz”, “Rahmat sizlarga” degan maqtovlarni ko`p eshitardik. Keyin dublyajdagi ijodiy hamkorligimiz boshlandi. Ko`plab hind filmlarida Sanjar aka Shohruxxonga, men Madhuri, Ayshvariya Rayga ovoz berganmiz. Hind kinosining klassikasi darajasiga ko`tarilgan “Vir va Zara” filmida ham birga ishlaganmiz. Bu filmlarni tomosha qilgan dugonalarim “Shohruxxonga kim ovoz bergan?” “U qanaqa inson?” “Ko`rinishi qanaqa?” deb savollarga ko`mib tashlashardi. Oddiy, kamsuqum, kamtar inson, derdim. 

Hech yodimdan chiqmaydi, dugonam bilan bir joyda o`tirgandik, Sanjar aka do`stlari bilan kirib qoldilar. “Yaxshimisiz, Zuhra. Ovqatlangani kiruvdik”, deya so`rashdilar. Bizni kuzatib turgan dugonam bu odam Sanjar Sa`dullaev ekanligini eshitdiyu “Men sizni ko`rishni orzu qilardim. Nega ekranlarga chiqmaysiz? Nega ko`rinmaysiz?” deb savollarni qatorlashtirib tashladi. Qarasam, Sanjar aka xijolat bo`lib ketyaptilar. Dugonam esa “Men sizni shunday tasavvur qilardim. Xuddi o`ylaganimday ekansiz...” deb rosa hayajonlangandi. Sanjar aka “Rahmat! Rahmat!” deyishdan nariga o`tolmagandilar o`shanda. Aktyorlik sohasini bitirgan, tashqi ko`rinishi kelishgan odam ekranda ko`rinmaslikka harakat qilishini hech tushunolmasdim. Odamlar e`tibordan xijolat tortarmidilar, bilmadim. Lekin tanib qolishlaridan uyalardilar. Shu kunlarda “Ayol qalbi” filmining ovozlashtirish jarayonida birga ishlayotgandik. Studiyaga qo`ng`iroq qilsam, hamma Sanjar akaning janozalariga ketganini eshitdim. Ishonmadim... 

Turmush o`rtog`im Qahramon aka bilan radioda birga ishlashgandi. Uch kun avval qo`ng`iroqlashishgan ekan. “Oshingizni sog`indik, bir yig`ilishaylik”, deb ko`rishishni rejalashtirishgan ekan. Bu xabardan qattiq siqildik, hamon o`zimizga kelolmayapmiz. 

"AYoLLARGA HURMATI BALAND EDI" 

Gulchehra G`IYoSOVA, “Tabassum” eshittirishining muharriri, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi: 

— Men Sanjar Sa`dullaevni bilimli ijodkor sifatida hurmat qilardim. Biror eshittirishi yoki radiospektaklga aktyorlarni nutqiga qarab, ovoz imkoniyatlarini hisobga olib taklif qilardi. Ammo ovoz bilan obraz yaratish, kutilgan holatni bera olish oson ish emas. Aktyor bu vazifani uddalay olmagan paytlarida esa chiday olmay o`zi studiyaga kirib o`qirdi. O`zim ham ko`p marotaba radiospektakllarimga aktyor sifatida taklif qilganman. Biror so`zga noto`g`ri urg`u bersa, darrov to`xtatib aytsam, og`ir olmasdi. Katta ketib, “Unaqa emas, bunaqa”, deb tortishmasdi. Shuning uchun ham u o`qigan manzara, ovozi bilan yaratayotgan obraz radiotinglovchining ko`z oldiga kelardi. Tinglovchi bevosita voqeaning ishtirokchisiga aylanardi. Bu Sanjar Sa`dullaevning yuksak mahoratidan edi. 

Ayollarga nisbatan juda hurmati baland inson edi. Yaratgandan yaqinlariga sabr so`rayman. 

"RADIODA UNING OLDIGA TUShADIGANI YO`Q EDI" 

Sobirjon SODIQOV, oliy toifali rejissyor: 

— Sanjar Sa`dullaevni hamma dublyaj ustasi, deya e`tirof etadi. U birinchi navbatda oliy toifali radiorejissyor edi. Uning radiodagi faoliyati 10 yoshidan boshlovchilik qilishdan boshlangandi. Shogirdga, yosh iqtidorga bo`lgan hurmatni qarang, ustozimiz Ne`mat Do`stxo`jaev Sanjar akani uylaridan olib kelib, efirdan so`ng yana olib borib qo`yar ekanlar. Mikrofonga o`rganganlaridan keyin Ne`mat aka unga radio to`lqinlari orqali beriladigan kichkina-kichkina postanovkalarda rollar berib, pishitgan ekanlar. Bu insonni biz bemalol mukammal san`atkor, deya olamiz. O`zbekiston radiosi fonotekasini boyitgan eshittirishlari qatorida u tayyorlagan O`tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” radiopostanovkasi, Satira teatrining “Temir xotin” spektaklining radiomontaji singari ko`plab ijod namunalari bor. 

Sanjar aka eshittirishlarni tayyorlashda musiqani ham talabchanlik bilan tanlardi. U oltin ovoz egasi edi. Radioda uning oldiga tushadigani yo`q. Oilasiga, farzandlariga mehribon inson edi. Nihoyatda ozoda inson edi. Yomg`irda, loyda yurgan taqdiridayam, poyabzali kir bo`lmasdi, shimiga loy sachramasdi. Allohim rahmatiga olgan bo`lsin. 

Tuhfa NAZAROVA, "Darakchi" gazetasi 2021 yil 9 dekabr soni

Boshqa yangiliklar