1

Diniy erkinlik odamlarni birlashtiradimi, yo aksi?

Mutolaa 09.12.2021, 17:38
Diniy erkinlik odamlarni birlashtiradimi, yo aksi?

 

O`zbekistonda azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e`tiqod qiluvchi insonlar tinch-totuv yashagan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo`lgani, turli tuman millatlar Vatan taraqqiyoti yo`lida elkadosh bo`lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko`p qayd etilgan.

Hozirgi kunda O`zbekiston aholisining soni 33 mln.dan oshdi. Ayni paytda ushbu odamlar 130 dan ziyod millatga mansub. Fuqarolarning 94 foizdan ziyodi islom diniga e`tiqod qiladi. 3,5 foizga yaqini pravoslav diniga mansub, qolganlarini boshqa konfessiya vakillari tashkil etadi. Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasida 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 239 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2065 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari, konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani yurtimizda hukm surayotgan diniy bag`rikenglikning amaliy ifodasidir.

Shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizdagi erkinlik, tenglik, totuvlik va shu asosda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik hisoblanadi.

Yaqin Sharq voqealari tashvishga soladi

Ma`lumki, bugun dunyoda murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to`qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoev ta`kidlaganlaridek: “Bugungi tez o`zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko`rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G`arazli kuchlar sodda, g`o`r bolalarni o`z ota-onasiga, o`z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo`lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko`y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo`liga berib qo`ymasdan, ularni o`zimiz tarbiyalashimiz lozim”.

So`nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta`sir doirasiga olish, ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko`rinishda tarqatish, “Internet” orqali targ`ibot o`tkazish, yashirin “hujralar” tashkil etish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, Internet tarmog`ida “IShID”, “Jabat al-Nusra” kabi terroristik tashkilotlar go`yoki islom ravnaqi yo`lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ`ibot-tashviqot keng ko`lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko`plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da`vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo`shilayotganining guvohi bo`lmoqdamiz. 

Mutaassib oqim a`zolarining bosh maqsadlari - “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofir bo`lish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta`siridan chiqarish, o`qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to`qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg`oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo`natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat. 

Diniy ekstremizmning zararli ta`sirlari 

Diniy ekstremizm shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaaatlariga tahdid solmoqda. Jumladan, diniy ekstremistik g`oya va yot diniy qarashlarning jamiyatdagi ijtimoiy-ma`naviy muhit va tadrijiy rivojlanishga zararli ta`siri quyidagilarda aks etmoqda:

- mutaassib oqim va sekta a`zosi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” da`vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo`g`ini bo`lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;

- jamiyatda an`anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o`rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo`qotishi oqibatida ma`naviyat pasayadi; 

- ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilishi orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga ko`nikib qoladi. Ayni chog`da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg`otadi, qochoqlar oqimi paydo bo`ladi; 

- terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;

- davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko`rish uchun byudjet mablag`larining sarflanishi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko`rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar etkazadi. Oqibatda ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo`naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;

- mamlakatning taqdiri iqtisodiy donor va qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog`liq bo`lib qoladi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning jahon tajribasi shuni ko`rsatadiki, mazkur muammoni faqat harbiy kuch ishlatish bilan to`la hal etib bo`lmaydi. Ularni takror ishlab chiqarish tizimi saqlanib qolar ekan, qayd etilgan tahdidlar saqlanib qoladi. Diniy ekstremizm va terrorizmni takror ishlab chiqarish tizimining muhim bo`g`inlari aqidaparastlik va terrorizm mafkurasi, ularning ilhomchilari va da`vatchilari, mazkur mafkurani tarqatish kanallari va ular ta`siriga tushayotgan shaxslar hisoblanadi.

Shu sababli ilmiy asoslangan, texnologik jihatdan tartibga solingan, dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga mos (adekvat) axborot-mafkuraviy kurashni – aksiltarg`ibot ishlarini to`g`ri tashkil etish ekstremizm mafkurasi tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Aksiltarg`ibot ishlari – mafkuraviy kurashning spesifik ko`rinishi bo`lib, dushman kuchlarning axborot-qo`poruvchilik va psixologik hujumini zararsizlantirishga qaratilgan siyosiy, g`oyaviy, tashviqot va tashkiliy chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Jamiyatda diniy-ekstremistik g`oyalar tarqalishining oldini olishda DEO ga moyilligi bor shaxslar va ularning oila a`zolari bilan tashkil etiladigan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar muhim o`rin tutadi. 

Missionerlik nimasi bilan xatarli?

Bugungi kunda joylardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan omillardan biri ayrim diniy konfessiya vakillari tomonidan aholi ichida missionerlik bilan bog`liq noqonuniy faoliyat  amalga oshirilayotgani hisoblanadi. Diniy erkinlik tushunchasi va missionkrlik harakatlarini olib borish erkinligi o`rtasida katta farq bor. Umuman olganda, missionerlik o`zi nima?

Missionerlik (lotinchada “missio” – “yuborish”, “vazifa topshirish”) muayyan din, konfessiya yoki sekta vakillarining o`z diniy ta`limotini targ`ib qilish va tarqatishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi. Missioner (missionary) o`zi e`tiqod qiluvchi diniy ta`limotni o`zga din vakillari ichida tarqatish bilan shug`ullanuvchi shaxs hisoblanadi.

Missionerlik odatda milliy dinlardan boshqa deyarli barcha dinlarda uchraydi. Missionerlik faoliyatini fuqaroviy mansublik jihatidan tashqi (xorijda amalga oshiriladigan) va ichki (mamlakat ichida) turlarga ajratish mumkin. Xususan, xristianlikning katolik va pravoslav yo`nalishlarida missionerlik bilan ruhoniylar shug`ullansa, protestant konfessiyalarida missionerlik barcha dindorlarning burchi hisoblanadi.

Missionerlikning uzviy qismi bo`lgan prozelitizm (grekcha “proseh/tos” – yangi e`tiqodni qabul qilgan odam) – muayyan din, konfessiya yoki sekta vakillarining o`zga din vakillari yoki dahriylarni bevosita o`z diniga kiritishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyati sanaladi. Ikkinchi ma`noda prozelitizm yangi din g`oyalarini qabul qilgan shaxsning ushbu dinga kuchli sadoqatini anglatadi.

Mustaqillikning ilk davridan Markaziy Osiyo mintaqasida ham turli diniy konfessiyalar tomonidan o`z diniy qarashlarini mahalliy aholi ichida keng targ`ib qilishga qaratilgan faol harakatlar amalga oshirildi. Mintaqa mamlakatlarida tub aholi uchun an`anaviy bo`lmagan diniy konfessiyalarga mansub tashkilotlar ham rasmiy ro`yxatdan o`tib, faoliyat yurita boshladi.

Bugungi kunda O`zbekistonda ayrim diniy konfessiyalarning vakillari, shu jumladan, norasmiy jamoa a`zolari tomonidan qonunga xilof ravishda diniy saboq berish, noqonuniy yo`llar bilan diniy adabiyotlarni respublika hududiga olib kirish va tarqatish, xususiy xonadonlarda belgilangan tartiblarga zid ravishda diniy yig`inlar o`tkazish, eshikma-eshik yurib diniy qarashlarini targ`ib qilish, aholi ichida o`zlarining diniy ekspertizadan o`tkazilmagan buklet, jurnal, elektron disklarini tarqatish kabi qonunbuzarliklarga yo`l qo`yilmoqda.

Missionerlik va prozelitizm bilan bog`liq qonunbuzarliklarning oldini olishda mahallalarning o`rni qanday?

Missionerlik va prozelitizm bilan bog`liq qonunbuzarliklarning oldini olishda o`zini o`zi boshqarish organlarining o`rni muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aksariyat holatlarda missionerlik bilan shug`ullanuvchi jamoalar xonadonlarda cherkov ochish, mahallalarda eshikma-eshik yurib targ`ibot o`tkazib hamda o`zlariga moyil odamlarning uyiga kelib, moddiy yoki boshqa yordam ko`rsatish orqali da`vat ishlarini tashkil etadi. 

Shuningdek, aynan mahalla fuqarolar yig`ini yordamga muhtoj odamlarga xayriya yordami ko`rsatish orqali ularning missionerlar girdobiga tushib qolishining oldini olishda tashabbuskor sifatida faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq sanaladi. Fuqarolarda missionerlikning mazmun-mohiyati haqida xolis va etarli tushunchalar hosil qilish orqali unga qarshi immunitet shakllantiriladi. Mazkur jarayon asosan kompleks ravishda tashkil etiladigan, barcha ijtimoiy qatlamlarni, ayniqsa, missionerlar ko`proq “nishon”ga oladigan toifalarni qamrab oladigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, profilaktik va tushuntirish ishlari shaklida amalga oshiriladi. 

Ayni vaqtda, yoshlarning turli norasmiy, diniy jamoalarning ta`siriga tushib qolishining oldini olishda o`quv muassasalari va mahalla qo`mitasi tomonidan tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borilishi muhim o`rin tutadi.Shu bilan birga, missionerlikning oldini olish bilan bog`liq targ`ibot va tushuntirish ishlarida respublikada vijdon erkinligi qonunan kafolatlanganini hisobga olgan holda masalaga yondashish, missionerlikning real tahdidini hayotiy misollarda yoritib berish va bunday faoliyat respublikada qonunan man etilganini tushuntirishga e`tibor qaratish lozim.

Ta`kidlash joizki, dinning davlat ishlaridan ajratilganligi tamoyili davlat tomonidan diniy tashkilotlarning ichki faoliyatiga aralashmaslikni anglatadi. Biroq, bu diniy tashkilotlarning faoliyatiga qonunning daxli yo`q degani emas. Diniy tashkilotlarning a`zolari ayni paytda o`z davlatining fuqarolari ham hisoblanadi va ular Konstitusiyaning 48-moddasiga ko`ra: “... Konstitusiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”.

Zero, hech qachon unutmasligimiz lozim bo`lgan bir qoida bor: “Bir shaxsning erkinligi boshqa bir shaxsning erkinligi boshlangan nuqtada tugaydi”.

 

Risolat MAXSIMOVA 

Sharhlar

Меҳмон 11.04.2022, 13:16
Assalomu alaykum, juda aktual mavzu ko’taribsiz. Hamma uchun kerakli va foydali kontent bo’libdi. OAVlar Mana shunday kontentlarga ko’proq o’rin ajratish kerak, menimcha hozir. 👏👏👏👏👏👏👏
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1