Toshkent mezbonlik qilgan og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasidagi jahon chempionati o`z yakuniga etdi. Bir necha kun davomida dunyoning eng kuchli atletlari chempionlik yo`lida murosasiz raqobat olib borishdi.
Qayd etish joiz, murakkab epidemiologik vaziyat bo`lishiga qaramasdan xorijlik mutaxassislar ushbu dunyo birinchiligi yuqori saviyada tashkil etilganiga alohida urg`u berdilar. O`z navbatida, sportchilar o`rtasidagi keskin raqobat muxlislarda bir olam taassurot qoldirdi. Avvaldan taxmin qilinganidek, og`ir vazn toifalaridagi bellashuvlar kutilgan intrigani taqdim qildi. Ayniqsa, -109 kg vazn toifasidagi bahs yurtdoshlarimiz xotirasida uzoq vaqt yodda qoladigan bo`ldi. Boisi unda 2 alp yigitlarimiz Akbar Jo`raev va Ruslan Nurudinov chempionlik uchun o`zaro raqobat olib borishdi. Ushbu vaznda o`zbek polvonlariga teng keladigan raqib yo`q ekanini yana bir karra isbotlashdi.
Umuman olganda, yigitlarimiz musobaqa davomida o`z chiqishlari bilan barchamizni xursand qilishdi. Ularning natijalari medallar jamg`arishdagi umumiy hisobda ham o`z aksini topdi. Kichik medallar kesimida 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamg`argan O`zbekiston erkaklar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egalladi.
Erkaklar, medallar bo`yicha:
1. O`zbekiston – 5-5-2
2. Koreya Respublikasi – 5-1-4
3. Gruziya – 3-4-1
Sportchilarimizning ishtirokiga qarab beriladigan ochkolar klassifikasiyasida esa jamoamiz uchinchi o`rinni egalladi.
Erkaklar, ochkolar bo`yicha:
1. Rossiya og`ir atletika federasiyasi – 581 ochko
2. Eron – 548
3. O`zbekiston – 525
Ayollar bahsida medallar jamg`arish bo`yicha qizlarimiz o`n birinchi pog`onani band etgan bo`lsalar, ochkolar kesimida kuchli 15 talikni yopib berishdi.
Umumiy hisobdagi medallar jamg`armasida ham jamoamiz etakchilar qatorida bo`lgani faxrlanarli. Doston Yoqubov va Akbar Jo`raevning oltin, Sarvarbek Zafarjonov, Ruslan Nurudinov va Tursunoy Jabborovaning kumush medallari bilan ushbu kesimda ikkinchi o`rinni bandi qildik.
Umumiy hisobdagi medallar jamg`arish bo`yicha:
1. Koreya Respublikasi – 4-1-2
2. O`zbekiston – 2-3-0
3. Tailand – 2-2-1
Shu o`rinda, o`z yurtimizda birinchi bor o`tkazilgan kattalar o`rtasidagi jahon chempionatida shohsupaga ko`tarilib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan qahramonlarimizni eslab o`tamiz:
Oltin medal:
-67 kg: Doston Yoqubov – siltab ko`tarish va ikki kurash
-109 kg: Akbar Jo`raev – mutlaq chempionlik (har uch yo`nalishda)
-87 kg: Tursunoy Jabborova – dast ko`tarish
Kumush medal:
-67 kg: Doston Yoqubov – dast ko`tarish
-89 kg: Sarvarbek Zafarjonov – siltab ko`tarish va ikki kurash
-109 kg: Ruslan Nurudinov – siltab ko`tarish va ikki kurash
-87 kg: Tursunoy Jabborova – ikki kurash
Bronza medal:
-67 kg: Adhamjon Ergashev – siltab ko`tarish
-109 kg: Ruslan Nurudinov – dast ko`tarish