Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 20-dekabr kuni poytaxtda “Toshkent yoshlar forumi–2021” doirasida yoshlar bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik xodimlarining do`ppi kiyishi haqidagi muhokamalar bo`yicha to`xtaldi.
Uchrashuv chog`ida O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti 3-kurs talabasi Samandar Mirzaev Ozodbek Nazarbekovning do`ppida kirib kelishini kutganini bildirdi.
Shundan so`ng madaniyat vaziri cho`ntagidan do`ppini olib, boshiga kiydi va “Endi savolingizni ham do`ppida berasiz”, deya hazil qildi. Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik xodimlarining do`ppi kiyishi haqidagi muhokamalarga ham izoh berib ketdi.
“Mana shu do`ppi masalasi ko`tarilishini bilib cho`ntagimga solib kelgandim. O`rni kelganda aytib o`tsam, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ancha muhokama bo`ldi. Lekin bu muhokama bo`lishga arziydigan ishmi, yo`qmi? Menimcha, yoshlar xulosa chiqargansizlar. O`zbekistonda yashayotgan har bir millat vakili o`z bosh kiyimini targ`ib qilish huquqiga ega. Buni hech kim negativ o`laroq tarqatishga haqqi ham yo`q, unga taqiq qo`yishga yoki qandaydir e`tiroz bildirishga haqqi yo`q”, – deydi u.
Madaniyat vazirining so`zlariga ko`ra, shu kunlarda yoshlar orasida boshqa millatlarning bosh kiyimlariga ishqiboz bo`lish, ularni kiyib, targ`ib qilish ko`payayotgani haqida gapirdi.
“Shuning uchun bu narsa bizning o`z bosh kiyimimiz bor va u boshqa millatlarning bosh kiyimidan kam emas, degan ma`noda taklif etildi. Kim qabul qiladi, kim qabul qilmaydi, o`zining ixtiyorida. Lekin shaxsan men o`zbekligimdan faxrlanaman”, – deya qo`shimcha qildi Nazarbekov.