Davlatimiz rahbari kelgusi yildan 7 ta vazirlik va idora foydalanishida bo`lgan 13 million gektar, hokimliklar zaxirasidagi 3,3 million gektar erning elektron xaritasini tuzish va davlat ro`yxatidan o`tkazish shartligini ko`rsatib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Masalan:
- bugungi kunda 8 ming gektar o`rmon erlarida 27 mingta turar va noturar ob`ektlar mavjud bo`lgani bilan, ushbu maydon o`rmon fondi erlari toifasidan chiqarilmagan;
- 43 ming kilometr avtomobil yo`llarida er ajratish qarori bo`lmagani bois, ularning chegarasi va muhofaza zonasi qaerda boshlanib, qaerda tugashi noaniq;
- 7 ming kilometr temir yo`llar hamda 820 ming gektar suv fondi erlarida ham shu kabi muammolar mavjud.
Tegishli rahbarlar oldiga kelgusi yil 1 iyunga qadar haqiqatda egallab turgan erlarni xatlovdan o`tkazish ishlarni yakunlash va natijasi bo`yicha hisobot berish vazifasi qo`yildi.
"Ushbu toifalardagi erlarning hisobi chiqqanidan keyin har bir vazirdan o`ziga berilgan erdan qanday foydalanishi bo`yicha so`rov bo`ladi. Ularga byudjetdan mablag` ajratish ham shunga qarab bo`ladi. Shu bois, ushbu vazirlar hozirdanoq hisob-kitobini qilib, ajratilgan erlarda aniq loyihalarni boshlasin yoki erni topshirsin", dedi Prezident.
Er balansida aholi yashash punkti erlari 223 ming gektar bo`lsada, amalda 1 million gektardan oshib ketgani ta`kidlandi.
Masalan, Asaka va Shahrixon tumanlarida o`tkazilgan xatlovda 74 mingta xonadonning (jami xonadonlarning 65 foizi) er ajratish qarorlari yo`qligi, 4,5 mingtasi (4 foiz) muhofaza zonalarda qurilgani ma`lum bo`ldi. Demak, ushbu tumanlar er balansida aholi punkti erlari 2 ming gektar deb ko`rsatilgan bo`lsada, haqiqatda 10 ming gektar erlar uy-joy bilan band bo`lib turibdi (bunga yo`l, ariq, xiyobon va boshqa ob`ektlar kiritilmagan).
Shu munosabat bilan kelgusi yil yakuniga qadar 6 millionta ko`chmas mulk ob`ektlarini “xonadonbay” xatlovdan o`tkazish topshirildi. Bunda, har bir mahalladagi hokim yordamchilari o`z hududidagi holatni tahlil qilib, kadastr idoralariga beradi.
Xatlov natijasi bilan bino-inshootlarning elektron xaritasi yaratilib, aholi uchun qulay va ochiq-oshkora onlayn platformaga joylashtiriladi.
"Er balansini to`g`ri yuritish, erni asrab-avaylash hokimlarning konstitusiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas", dedi davlatimiz rahbari.