Ma`lumki, FHDYo idoralari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o`tgandan so`ng mazkur sohani yaxshilash uchun bir necha yo`nalishdagi ishlarga qo`l urildi. Avvalambor tizim raqamlashtirildi. Chunki, tizim raqamlashsa, odamlar uchun davlat xizmatini olish soddalashadi. «ZAGS» sohasiga oid hujjatlarni kompyuterda bir barmoq bosishda olish imkonini yaratish uchun maxsus «FHDYoning yagona elektron arxivi» tizimi yaratilib, u axborot tizimiga kiritildi, ya`ni integrasiya qilindi. Xo`sh, integrasiyaning odamlarga nima nafi bor dersiz? Nafi shundaki, qog`ozbozlik kamaydi. Fuqaro va soha xodimlarining ortiqcha ovoragarchiligiga barham berildi. Masalan, tibbiyotda tug`ilish va o`lim holatlari elektron shaklda bazaga kiritilgani bois ikki idora orasida «bordi keldi»ga chek qo`yildi
Tizimdagi o`zgarishlardan biri kompozit va eksterretorial xizmatlarning yo`lga qo`yilganidir. Joriy yildan boshlab tug`ilishni qayd etish bilan bog`liq xizmat kompozit shaklga keltirildi. Ya`ni, fuqaro bir murojaat bilan 6 ta xizmatni oladi. Bola tug`ilganligini qayd qilish, bir martalik «suyunchi puli» olish, doimiy yashash manzili, poliklinika va bog`cha, maktabga ro`yxatga qo`yish kabi harakatlar elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Eksterritorial tamoyilning esa xalq uchun juda katta foydasi ko`zga tashlandi. Masalan, nikohdan o`tishda kelin Xorazmda, kuyov Toshkentda, ammo oila Navoiy viloyatining Nurota tumanida tuzilishi bu mo``jiza. Elektron murojaat orqali oila qurish kunini belgilab, o`sha kuni o`zlari belgilagan FHDYo idorasidan nikohdan o`tish bu odamlarning vaqtini va mablag`ini tejab qolmoqda.
Ko`pchilik uchun muhim bo`lgan yana bir jihat - FHDYo xizmati uchun to`lovlarni amalga oshirishda avtomatlashtirilgan «billing» tizimi joriy etildi. Mablag`lar faqatgina rasmiy bank hisob raqamiga tushishi, murojaatchining telefon raqamiga «sms» shaklida «sizdan ortiqcha pul talab qilinmadimi?» degan xabarning kelishi odamlarda xizmat uchun ishonchni ortirmoqda,bu esa shubhasiz shaffoflikni ham ta`minlayapti. Ayni kunlarda FHDYo idoralarida xizmat oluvchilar uchun elektron navbat ham yo`lga qo`yildi. Yuqorida ta`kidlangan yangiliklar tizim DXA tasarrufiga o`tganidan so`ng amalga oshirilgan islohotlardir. Shu bilan birga
«zags»ni eng ko`hna davlat idoralardan biri, dedik . Uning dardichi?
Sir tutib nima qildik, bugun Davlat xizmatlari Agentligi uchun eng og`ir va echimtalab masalalari ko`p organ bu Fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish idorasi bo`lib qoldi. Eng asosiy e`tibor kadrlar siyosatiga qaratilib, unda islohot olib borilishini davrning o`zi taqozo etdi. Xodimlar adliya vazirligida attestasiyadan o`tkazildi, bilimli va salohiyatli mudiralar va isnpektorlar o`z ishlarida qoldilar. Afsuski, ayrim xodimlar tizimni tark etdilar. Yillar davomida mudiralar uchun tug`ilishni qayd etishda tashlab ketilgan “suyunchi pullari”, nikohdan o`tishda esa “yo`q, hech narsa bermadim” deganda shampan vinosi-yu, qimmatbaho korobkada keladigan shokoladlar, farzand asrab olinganida yoki otalikni belgilashdagi holatlarda qoldirib ketilgan “xizmat haqqi”lar korrupsion holatlarni keltirib chiqarganiga nafaqat ota-bobolarimiz, balki hozirgi avlod ham guvoh. Faqat avval tizimda hozirgiday murosasiz kurash yo`q edi. Endi har bir xodim hallollik vaksinasi bilan emlanishi shart. Yuqsa, tizimdagi o`rnidan mosuvo bo`lishi bor gap.
Jamoatchilik xabardor bugun mamlakatimizdagi FHDYo idoralarida qog`oz shaklida saqlanayotgan 60 milliondan ortiq fuqarolik dalolatnoma yozuvlarining qariyb 2 millioni Navoiy viloyatiga tegishli. 11 ta tuman va shahar FHDYo organlari arxividagi ma`lumotnomalar to`liq raqamlashtirildi. Ayni kunda inson omili tufayli FHDYo elektron arxiv bazasiga kiritilmay qolgan hujjatlar ustida ish olib borilmoqda. Chunki, bu ma`lumotlar to`liq va xatosiz kiritilishi zarur. Hatto bitta harf noto`g`ri kiritilsa, tizim fuqarolarga oid ma`lumotni inkor etadi. Shuning uchun ham raqamlashtirish masalasi juda muhim.
Navoiy viloyatida 2021 yilning 1 noyabr holatiga 21627 ta bolaga tug`ilganlik haqidagi guvohnoma berildi. 7897 ta oilaga nikoh tuzilganligi to`g`risidagi guvohnoma rasmiylashtirildi. Baxtga qarshi 1007 ajrim, 4455 o`lim holati bo`yicha dalolatnoma yozuvlari kiritildi. Mazkur harakatlar nafaqat idoraning o`zida, ba`zan uyma-uy yurish natijasida, ba`zan sayyor qabulda, ba`zan mobil ofisda ham amalga oshirildi.
Shuni ham alohida ta`kidlash kerakki, besh qo`l barobar bo`lmaganidek, ayrim fuqarolar shaxsiy hujjatlariga shunchalar beparvolarki, bunga hududlarda bo`lganimizda guvoh bo`ldik. Farzand tug`ilsayu, unga tug`ilganlik haqidagi guvohnoma olishmasa, ikki yosh oila qursayu, nahot nikohdan o`tganliklarini rasmiylashtirmasalar, odam dunyodan o`tadi, nega uning vafoti qayd etilmaydi. Bunday holatlar sababi aholi xonadonlariga uyma-uy yurib o`rganildi. Ma`lum bo`lishicha, ayrim fuqarolarning beparvoligi, huquqiy savodxonligi etarli emasligi, ba`zi hollarda moddiy jihatdan nochorligi, ijtimoiy himoyaga muhtojligi, aksariyat hollarda markazdan olis manzillarda, deylik cho`llardagi ovullarda yoki tog` etaklarida yashayotgani bois yuqorida ta`kidlangan holatlarni kuzatish mumkin. Ammo, odamlarda boqimandalik kayfiyati hamon mavjud. “Portal”ga birgina telefon orqali qilgan murojaati bilan shaxsiy hujjatini tiklashga urinayotgan, puli bo`la turib, xizmat uchun to`lanadigan boj to`lovlarini mahalla yoki saxovatpesha insonlardan undirayotgan odamlarga Yaratganning o`zi “insof bersin” deymiz. Ammo, nochor odamlarga tizim doimo ko`maklashadi.
Oila - shaxsiy xotirjamlik hududi.
Oila insonning ishdan horib kelganida halovat topadigan maskani... Yurakning barcha chigillari yoyiladigan qo`rg`on... Er-xotin, bola-chaqa uchun shaxsiy xotirjamlik hududi. Ammo, hammadayam shundaymi? Uyma-uy yurib o`tkaziladigan huquqiy targ`ibotlar tufayli ancha-muncha oilaviy munosabatlarga duch keldik. Ammo, bir oilaga vakolatimiz doirasida ko`rsatgan davlat xizmatidan rosti o`zimiz ham suyundik. Navoiy viloyatining olis hududlaridan biri Uchquduq tumanining “Oltintov” ovulida yashaydigan oila murojaati sabab hududda bo`ldik. Oila boshi Nurlan Aytiganov 10 yildan buyon Saltanat Karimbaeva bilan turmush qursada, fuqarolik pasporti yo`qligi bois nikohdan o`tisholmagan. Zanjirli muammo ularning farzandi hayotiga ham ta`sir qilmay qo`ymaydi. Bolaga tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma olinmagan bo`lsada, unga Artur deb nom bergan ota-ona hujjatsiz farzandini na bog`chaga, na maktabga bera olishini tushunib etdilar.
Endi hujjat uchun ovora bo`lmaysiz.
-10 yil davomida o`g`limga tug`ilganlik haqidagi guvohnomani ololmadim. Boisi, tirikchilik uchun o`zga yurtlarda ishlashga va farzandimni o`sha yurtlarda ijarada yashagan uyda qo`limga olishga majbur bo`ldim,- deydi kumushkonlik Dilfuza Bobomuratova. Fuqaro ayni kunda ota yurti Karmana tumaniga qaytgan. 10 yoshli o`g`liga Yusufbekka "metrika"olish uchun prezident qabulxonasiga qo`ng`iroq qilib, og`zaki murojaat qoldirgan. "Aslida to`g`ridan-to`g`ri "ZAGS"ga murojaat qilsam bo`larkan, avvalgiday yana hujjat so`rashlar boshlanadi, deb uylagandim" deydi fuqaro suhbat chog`ida. DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshchiligida olib borilgan tezkor o`rganish natijasida Karmana tumani FHDYo bo`limi xodimlari hamkorligida fuqaro murojaati qanoatlantirilib, Yusufbek Bobomuratovga muddati o`tgan bo`lsada, tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma rasmiylashtirildi. Fuqaro esa FHDYo xizmatidan minnatdor. Xuddi shunday Navoiy shahar Fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo`limi tomonidan muddati o`tgan tug`ilishni qayd etish bo`yicha amalga oshirilayotgan harakat orasida 6 yoshni qarshilagan bolakayning hayoti befarq qoldirmadi. Oilaviy muammolar girdobidagi ayolga huquqiy va amaliy ko`mak berildi. Azizjon Nazarovga tug`ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi. Shunday taqdir egalari borki, ba`zida ularga ko`mak qo`lini cho`zishning o`zi ham kishini saodatli qiladi. Azizjon Nazarovga saxovatpesha insonlarning ko`magi bilan "metrika"li bo`ldi. Endi maktabga borish muammo bo`lmaydi.
Shunaqasi ham bo`larkan...
Navoiy viloyati Konimex tumanining "Boymurod" ovulida umrini chorva boqishga bag`ishlagan Keylimjan Jamanbaev 63 yil deganda mobil ofisda tug`ilganlik haqidagi guvohnomani ilk bor qo`liga oldi. Shunaqasi ham bo`larkan.
-Bizda bu yoshni "payg`ambar yoshi", deyishadi. Payg`ambar yoshida metrkalik bo`ldim. Bir umr ovulda yashaganmiz. Ota-onam vafot etganiga ancha yillar bo`lgan. Oilam, farzandlarim ko`chib ketishdi. Mening hujjatlarim esa yo`q ekan. Konimexga “ZAKS”ga murojaat qildim. Baraka topishsin, ovulga yaqin hududga chaqirib manov avtobusda qo`limga berishdi, deydi otaxon.
Aslida nima bo`lgandi?
Navbahorlik Lolaxon Xo`jaevaning ikki farzandi ham "metrika"siz ulg`ayishdi. Biri 24 ikkinchisi 21 yoshda. Navbahor tumani FHDYo bo`limi mudirasi Halima Nurmatovaning ta`kidlashicha, bolalar biror marta hujjat olishmagan. Ularda na maktabni tamomlaganlik to`g`risidagi shahodatnoma, na fuqarolik pasporti bor. Chunki, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma bo`lmasa hech birini olishning imkoni yo`q-da. Berilgan huquqiy va amaliy ko`mak bois, opa-ukalarning tug`ilganlik guvohnomalari fuqarolik sudining qarori orqali qonuniy hal etildi. Xo`sh, o`zi aslida nima bo`lgandi? Ona 1996 va 1999 yillarda ikki bolasini ham uyida qo`liga olgan. Tumanning olis cho`l hududida istiqomat qilgani bois tug`ruqxonaga borishga imkoni va sharoiti bo`lmagan. Ikki bola ham maktabni hujjatsiz tamomlagan. Behruzbekning ta`kidlashicha, maktabni tugatgach, hatto biror bir ishga hujjatsizligi tufayli kirolmagan. Maftuna esa yillar davomida familiyasini Axmedova deb uylagan. Sudqarorigako`ratiklangannasl-nasabesaulargaXo`jaevlarfamiliyasiniberdi. Tug`ilganlikguvohnomalariniolganopa-ukalarningquvonchicheksiz. Ular yillar davomida hujjatsiz va nasl-nasabini bilmagani uchun hech kimdan ranjimagan. Biroq, hujjatsiz yurishning huquqiy oqibatlarini tushunganlari aniq.
Bu idorada aholi murojaatlariga doim javob bor!
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik juda ko`p fikr bildirayotgan tizim FHDYo idorasidir. Chindan bu tashkilot eshigidan odam arimaydi. Tug`ilganlik, nikoh to`g`risidagi guvohnomalarini olish, otalikni belgilash, ba`zida baxtga qarshi nikohdan ajralish yoki o`lim guvohnomasini olish, fuqarolik holatlari bo`yicha arxiv hujjatlariga ehtiyoj sezganlar ham shu maskan tomon shoshiladilar. Chunki, bu idorada aholi murojaatlariga doimo javob topiladi. Xatirchilik Nargiza Haydarova e`tiborsizlik tufayli 19 yil tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasini ololmagan. Fuqaroning aytishicha, uning ota-onasi sha`riy nikohda yashagan, otasi vafotidan so`ng esa “metirka” olishning umuman imkoni bo`lmagan. Yillar o`tib o`zi ham oila qurdi, farzandli bo`ldi. Tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi bo`lmaganligi uchun fuqaroligi yo`q odamlar qatorida o`zi ham nikoh guvohnomasisiz Samarqand viloyatiga kelin bo`ldi, farzandi tug`ilganida esa bolasiga ham guvohnoma ololmadi. Chunki, onada pasport yo`qligi bois farzandga “metrika” olishni qonun ta`qiqlaydi. Yillar davomida zanjir kabi bir-biriga bog`lanib kelayotgan muammolarni bartaraf etishni ahd qilgan N.Haydarova vakolatli idoralarga murojaat bilan chiqdi. Berilgan huquqiy tushuncha va tavsiyalar natijasida19 yoshida sud qarori bilan Nargiza Haydarova Xatirchi tumani FHDYo bo`limidan tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomani qo`liga oldi.
Baxtimni ikkinchi oilamdan topdim, ammo....
Qiziltepa tumani "Varozun" mahallasida yashovchi fuqarolar Shaxob Rajabov va Gulshan Yarbekovalar o`z baxtlarini ikkinchi oilasidan topdi. Afsuski, ular nikohda emaslar. Boisi, har ikkisining ham birinchi nikohi mavjud. Ayni kunda sud tomonidan mazkur holat bo`yicha fuqarolik ishi ko`rilmoqda. Ammo, bu orada oilada ikki farzand tug`ilib, ularga ham tug`ilganlik guvohnomasi ololmaganidan ota-ona tashvishda edi. Mazkur oilaning murojaati o`rganilib, Qiziltepa tuman FXDYo bo`limi tomonidan oilaning ikki farzandi 2014 va 2017 yilda tug`ilgan Gulina va Shaxbozjonlarga tug`ilganlik haqida guvohnomalar rasmiylashtirildi. Ayniqsa, bolalar quvonchini aytmaysizmi? Baxtli bo`lish uchun ularning quvonchdan porlagan ko`ziga boqishning o`zi kifoya.
Meni ayollar daftariga kiritinglar...
Chilash qishlog`ilik ayol turmush o`rtog`ining ko`zi ojiz bo`lsada, nogironlik belgilanmaganligi, boz ustiga fuqarolik pasporti ham yo`qotganini o`z murojaatida bildirgan. Hayotda ayrim odamlar uchun muammolar zanjir kabi bir-biriga ulanadi.14 yil avval ota pasportini yo`qotganligi uchun ayol 2008 yilda tug`ilgan farzandiga “metrika” ololmagan. Boz ustiga bola uyida tug`ilgan. Ishsizlik va etishmovchilik, kasalmand turmush o`rtog`ini “duxtir”larga qaratishga “qo`li kalta"ligi uni ko`chaga chiqishga undaydi. DXA Navoiy viloyati boshqarmasi aralashuvi hamda Xatirchi tumani FHDYo bo`limi tomonidan ayol murojaatiga tezda echim topildi. Fuqaroning farzandigatug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma berildi. Farzandi metrikasi uchun to`lov ham mutaxassislar himmati bilan onaga "syurpriz" qilindi. Turmush o`rtog`iga fuqarolik pasporti va nogironlikni belgilash, o`zini "Ayollar daftari"ga kiritish murojaati ham tegishli idoralar nazoratida.
10 yildan so`ng nikoh qurishga ariza tashladim.
Navbahorlik Maftuna Yaxshimurodova bundan 10 yil avval oila qurib, ikki farzandli bo`ldi. Ayni kunda bolalari maktab yoshida. Kenjasining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bo`lmasa maktabga ham olishmaydi. Avvaliga huquqiy tushuncha etishmasligi, keyinchalik imkonsizlik sabab na nikohini qonuniylashtira oldi, na bolalarining tug`ilganlik holatini rasmiylashtira oldi. Boisi, turmush o`tog`ining fuqarolik pasporti yo`qligi bois vaqtida nikohlari qayd etilmagan. Xullas, zanjirdek bir-biriga ulanib ketgan muammolar Navbahor tumani FHDYo bo`limiga murojaat qilinganidan so`ng barham topdi. Maftuna ikki farzandiga otalik huquqini belgilash bilan tug`ilganlik to`g`risdagi guvohnoma oldi, o`zi esa nikohdan o`tishga ariza tashladi.
Xulosa o`rnida so`z. Nikoh faqat maktabga borish, bolalarni tug`ruqxonalardan chiqarish yoki mulkiy munosabatlarda tuzilishi lozim emas. Bu tushuncha fuqarolarda nikoh ahamiyatini etarli darajada anglamaslik oqibatida paydo bo`lmoqda. Zotan, qonuniy nikoh er va xotin zimmasiga muayyan huquq va majburiyatlar yuklaydi. Ayni kunda fuqarolar yo`l qo`yayotgan yana bir xatolik mavjud. Sud qarori bilan nikoh bekor qilingandan so`ng FHDYo bo`limiga kelib murojaat qilishlari lozim. Ko`pchilik sud qarorini ko`liga olgandan so`ng, ajrim munosabatlari yakunlandi, deb uylaydi. Aslida esa, fuqarolar FHDYo bo`limidan ajrim holatini qayd etishlari lozim. Kuzatilayotganidek, xizmatga aholi murojaatlarining ko`payishi esa vaqtida oilaviy munosabatlarni qonuniy rasmiylashtirmaslik oqibatida kelib chiqayotgani aniq. Demak, fuqarolik huquqi, burch va majburiyatlarni anglamaslik ortiqcha yugur-yugur va ovoragarchiliklarga sabab bo`lishini oldini olish fursati etdi.
Eldor Bahodirov.
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari.