Qonunchilik hujjatlariga avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi uchun “O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Qonunuchilik palatasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo`lib o`tgan majlisida ikkinchi o`qishda qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan avtomototransport vositasini elektron savdo platformalarida ijaraga berish tartibi joriy etilmoqda. Bunday tartibning joriy etilishi taraflar o`rtasida alohida ijara shartnomasi tuzilmasligiga olib kelayotganligi, mulk egasi va foydalanuvchi o`rtasida turli bahslar kelib chiqmasligi uchun elektron-auksion natijasida hosil bo`lgan bayonnomada g`olibga majburiyatlar va qo`shimcha shartlar yuklatilishi belgilanmoqda. Shuningdek, avtomototransport vositasini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda mazkur auksion natijalariga ko`ra, rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo`lishi va uni notarial tartibda tasdiqlash talab etilmasligi belgilanyapti.
O`z navbatida, ushbu qonun avtomotransport vositalarini ijaraga berish bilan bog`liq munosabatlarni engillashtirishga, ijara bozorining rivojlanishiga hamda sohadagi byurokratiyaning oldini olishga xizmat qiladi.






