AsosiyJamiyat

Aholi uchun suv iste`moli me`yorlari yanada soddalashdi

'Aholi uchun suv iste`moli me`yorlari yanada soddalashdi'ning rasmi

Mamlakatimizda ichimlik va oqova suv sohasida ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, barcha toifadagi iste`molchilar uchun qulay, soddalashtirilgan va shaffof hisoblash tizimini joriy etish bo`yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

Ichimlik va oqova suv xizmatlaridan foydalanishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari  tomonidan tasdiqlangan 200 dan ortiq  iste`mol me`yorlari mavjud edi.  O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 yanvarda qabul qilingan qaroriga asosan ichimlik va oqova suv xizmatlaridan foydalanishda soddalashtirilgan va shaffof hisoblash tizimi joriy etilmoqda. Jumladan,  mavjud qoidalarga tegishli o`zgartirishlar kiritilib, me`yorlar to`liq optimallashtirildi.

– Mazkur qarorga binoan aholi tomonidan avtotransport vositalari, yirik qoramol, ot, qo`y-echki va parrandalar uchun avval hisoblanayotgan iste`mol me`yorlari to`liq hisobdan chiqarib tashlandi, – deydi «O`zsuvta`minot» AJ axborot xizmati rahbari A.Murodov. – Natijada, joriy yilning 1 fevralidan boshlab respublikamizning barcha hududlarida suv hisoblagichsiz ichimlik suvidan foydalanuvchi aholi iste`molchilariga 4 turdagi quyidagi iste`mol me`yorlari qo`llaniladi:

– ichimlik suvini ko`cha kolonkasidan tashib ichuvchilar uchun kishi boshiga kunlik 50 litr;

– ichimlik suv tarmog`iga ulangan, suv berish jadvali asosida suv beriladigan xonadonlar uchun kishi boshiga kunlik 200 litr;

– ichimlik suvi tarmog`iga ulangan xonadonlar uchun kishi boshiga kunlik – 350 litr;

– suv sepish va sug`orish maydonining har 1 metr kvadrati uchun kunlik 15 litr etib belgilandi.

Shuningdek, suv hisoblagichsiz ichimlik suvidan foydalanuvchi iste`molchilarda hovuz (basseyn), mikroiqlim yoki favvora mavjud bo`lganda ichimlik suv iste`moli hajmi ichimlik suv quvurining suv o`tkazish quvvati bo`yicha hisoblanadi. Bu kabi holatlarda iste`molchilarga ichimlik suvidan hisoblagichlar orqali foydalanish tavsiya etiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, suv hisoblagichdan foydalanish ichimlik suv xarajatlarini kamida 2 barobardan 20 barobargacha qisqartirish imkonini beradi.

Eslatib o`tamiz, suv ta`minoti va oqova suv xizmatlari borasida hududingizda korrupsion holatlarga duch kelsangiz, «O`zsuvta`minot» AJ kompleans-nazorat boshqarmasining 55 kodi bilan 503-10-55 «Ishonch telefoni»ga, stopcorruption@umail.uz elektron pochtasiga va @UzsuvAnticorruptionBot telegram botiga murojaat qilishingizni so`raymiz.

Ichimlik suvidan to`g`ri va samarali foydalanish bu har bir kishining  insoniylik burchidir.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar