Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda mana bunday yozuvlar kelmoqda: “Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo`lib eslatsa, do`zax olovi o`sha inson uchun harom qilinadi” degan hadislari bor”. Shu hadis ishonchlimi?
Ushbu savolga O`zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay`ati javob berdi:
"Va alaykum assalom. “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo`lib eslatsa, do`zax olovi o`sha inson uchun harom qilinadi” mazmunida hadis yo`q! Balki, bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to`qilgan uydirmalardan biridir. Buni bir necha jihatdan asoslash mumkin:
Birinchidan – ushbu to`qima “hadis”ni biror hadis to`plamiga keltirilmagan va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamgacha bo`lgan isnodi – roviylar silsilasi mavjud emas. Zero, har bir hadisning isnodi bo`lishi lozim. Agar biror rivoyatni isnodi bo`lmasa uni hadis deb, atashga hech kimning haqqi yo`q. Shuning uchun ham buyuk muhaddislardan biri Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi: «Isnod dindandir! Agar isnod bo`lmasa, xohlagan kimsa o`zi xohlagandek gapiraveradi», deganlar.
Ikkinchidan – Ramazon oyining kirib kelish sanasi oldindan hech kimga ma`lum bo`lmaydi. Balki, Ramazon oyining hilolini ko`rish bilan ma`lum bo`ladi. Demak, u haqida avvaldan eslatish mantiqan imkonsiz ishdir.
Uchinchidan – Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo`lib eslatgan kishiga do`zax olovi harom qilinishi ham shariatimizning umumiy qoidalariga ziddir. Chunki, kim jannatga kirishi, kim do`zaxga kirishi bu kabi amallar bilan belgilanmaydi. Balki, shariat ko`rsatmalariga amal qilishi bilan belgilanadi.
Imom Jaloliddin Suyutiy (rahimahulloh) o`zining hadis ilmiga bag`ishlangan kitobida to`qima hadislar haqida so`z yuritib, muhaddis olim ibn Javziydan quyidagilarni naql qilib keltiradi:
“Agar biror hadisni aqlga to`g`ri kelmasligini yoki (sahih) naqllarga muvofiq emasligini yoxud asl manbalarga zid ekanini ko`rsang, bilginki, u – to`qima hadisdir. Asl manbalarga zid ekanidan murod – musnadlar va mashhur kitoblardan iborat Islom olamidagi (hadis) to`plamlariga kiritilmaganidir” (“Tadribur-roviy”, 469-bet).
Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg`on to`qish, bilib-bilmay turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o`sha odamning do`zaxga kirishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun biror rivoyatning haqiqiy ekanligiga to`liq ishonch hosil qilmasdan turib, naql qilish yaxshi emas.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim menga qasddan yolg`on to`qisa, do`zaxdan o`z o`rnini tayyorlayversin”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Imom Muslimning rivoyatida:
“Albatta, menga yolg`on to`qish boshqa birovga yolg`on to`qishdek emas. Kim menga yolg`onni bilib turib to`qisa, do`zaxdan o`z o`rnini tayyorlayversin”, deyilgan.
Ya`ni, Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmagan gapni u zotdan, deb naql qilish, insonni do`zax tomonga etaklovchi amaldir. Bunday yo`l tutishdan nihoyatda ehtiyot bo`lish kerak.
Mug`iyra ibn Sho``ba raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim mening nomimdan yolg`on deb gumon qilingan hadisni aytsa, u yolg`onchilardan biridir”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz to`qima hadislarni aytish va tarqatishdan qattiq qaytarganlar. Hatto ba`zi ulamolar uni gunohi kabiralardan sanagan. Faqat o`sha “hadis” to`qima ekanidan ogohlantirish maqsadida aytishga ruxsat berilgan. Shunday ekan, bilmaganlar bilib olsin, bilganlar boshqalarga ham etkazib, ogohlantirib qo`ysin. Bu ishni qilib, to`qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin, oddiy-asossiz gaplarni hadis deb taqatishni to`xtatishsin. Vallohu a`lam"






