O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi JSST Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening pandemiyasi tugashi haqidagi prognozini keltirdi.
JSST eksperti “omikron” shtammidan so`ng koronavirus pandemiyasi tugashi ehtimolini inkor qilmaydi. Masalan, Evropada aholining katta qatlami bu infeksiya bilan kasallangach, ommaviy immunitet hosil bo`ladi. Qolaversa, emlanish ko`rsatkichlari oshishi ham vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirishi mumkin.
“Ammo bu virus bizni bir necha bor hayratda qoldirganini ham unutmaylik, — deydi Klyuge. — Shu sababli ehtiyotkorlik choralarini ko`rishimiz shart”.
Tashkilot eksperti Mariya van Kerxovening xulosalari esa xavotirli. U “omikron” hozirgidek tez sur`atda tarqalishda davom etsa, u shunchalik ko`p mutasiyaga uchrab, yanada yuqumliroq shtammlar paydo bo`lishi mumkin, degan fikrda.
“Omikron” biz eshitadigan so`nggi variant bo`lmaydi va kelajakda xavotirli mutasiyalar paydo bo`lish ehtimoli real”, — deydi ekspert.
Avvalroq Rossiyaning N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi direktori Aleksandr Ginsburg ham “omikron” tufayli yanada xavfliroq mutasiya shakllanishi mumkin, degan prognozini ma`lum qilgan edi.
AQShlik olimlar esa vaksina olish muhimligi, biroq buster dozada emlanmasdan “omikron” shtamiga qarshi kurashish kutilgan samarani bermasligini ta`kidladi. Mamlakatda o`tkazilgan uchta yirik tadqiqot natijasi ushbu xulosaga asos bo`ldi.
Shuningdek, rossiyalik infeksionist Evgeniy Timakov yangi variant bilan kasallanishning asosiy belgilari haqida ma`lum qildi. Unga ko`ra, agar odamda darhol burun oqishi, bosh og`rig`i, tomoq og`rig`i, ovozda xirillash kuzatilsa, bu uning deyarli 100 foiz «omikron»ga chalinganidan dalolat beradi.
Mutaxassis, shuningdek, yangi shtamm holsizlik, uyqu buzilishi, isitma, qorin og`rig`i va oshqozon-ichak tizimidagi buzilishlar bilan birga kechishini ham qayd etdi.