Ijtimoiy tarmoqlarda Ekaterinburg – Samarqand yo`nalishida uchgan samolyot parvoz vaqtida favqulodda holat yuz bergani to`g`risidagi ma`lumotlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi quyidagilarni ma`lum qiladi.
2022 yilning 28 yanvar kuni “Uralskie avialinii” aviakompaniyasining A320 VQ BNI havo kemasi Samarqand – Ekaterinburg yo`nalishi bo`yicha SVR 2862 reysini amalga oshirgan. Toshkent vaqti bilan 07:41 da samolyot Samarqand aeroportidan muvaffaqiyatli uchgan.
Parvoz davomida Moskva vaqti bilan soat 10:01 da ekipaj komandiri samolyotda texnik nosozlik yuz berganligi haqida havo harakatini boshqarish dispetcheriga avariya signalini bergan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, samolyot kabinasi germetizasiyasida nosozlik yuzaga kelgan.
Kolsovo aeroportining favqulodda xizmatlari samolyotni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan. Bortida 159 nafar yo`lovchi va 6 nafar ekipaj a`zosi bo`lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:28 da Kolsovo aeroportiga muvaffaqiyatli qo`ngan.
"Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo`q.
Ushbu hodisa bo`yicha Sverdlovsk transport prokuraturasi tomonidan parvozlar xavfsizligi to`g`risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.", - deyiladi xabarda.






