Avvalroq Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanida soliq inspeksiyasi boshlig`i 1-o`rinbosari A.A IIB xodimlari bilan bo`lgan vaziyatda vafot etgani haqida xabar qilingan edi.
Shundan so`ng mazkur holat bo`yicha jinoyat ishi qonuniy ko`rib chiqish uchun Kattaqo`rg`on tuman sudiga yuborilgan edi.
Keyinroq Oliy sud matbuot xizmati bergan xabarga ko`ra, mazkur soliq inspeksiyasi mulozimining vafotida ayblangan ikki nafar IIB xodimiga nisbatan sud xukmi o`qilgan.
Shundan so`ng, 2021 yil 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on tuman sudi binosida sudlanuvchilar M. Kuchkarov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, Kattaqo`rg`on tumani IIB yo`l harakati xavfsizligi bo`linmasi boshlig`i lavozimida ishlagan) va Sh. Raximberdiev (1990 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilingan edi.
Kecha, 2022 yil 31 yanvar kuni, Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida ushbu jinoyat ishi bo`yicha sudlanuvchi M. Kuchkarov va uning himoyachisi – advokat Sh. Maxammadiev hamda jabrlanuvchi I. Jamolov tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etib, apellyasiya instansiyasining ajrimi qabul qilindi.
Unga ko`ra M. Kuchkarov va Sh. Raximberdiev o`z mansab vakolatlaridan chetga chiqishi va belgilanmagan tartibda harakat qilishlari natijasida ehtiyotsizlikdan A. Axmedovning o`limiga sababchi bo`lganligi holati sudlov hay`ati majlisida so`ralgan sud-tibbiy eksperti va guvohlarning ko`rsatuvlari hamda jinoyat ishida mavjud sud-tibbiy ekspertiza xulosasi, murdani, avtomashinani va hodisa joyini ko`zdan kechirish bayonnomasi, bodi-kamerasi yordamida yozib olingan video yozuvlar va ularning stenogrammasi, xizmat tekshiruvi xulosalari, tushuntirish xatlari va boshqa inkor qilib bo`lmaydigan dalillar bilan o`z tasdig`ini topganligi sababli jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shrabot tuman sudining 2021 yil 3 dekabrdagi sudining hukmi o`zgarishsiz, keltirilgan apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirlmasdan qoldirildi.
Mazkur ajrimdan norozi taraflar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga kassasiya shikoyati (protest) keltirishga haqli ekanligi ma`lum qilinadi.






