Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, palataning Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo`yicha parlament komissiyasi tomonidan aholi salomatligini saqlashga, ko`rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga doir ishlarning ahvoli doimiy ravishda o`rganib borilmoqda.
Deputatlarning joylardagi tibbiyot muassasalariga tashriflari amalga oshirilib, mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan tegishli choralar ko`rilmoqda.
Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatilishini ta`minlash, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash bo`yicha olib borilgan ishlar doirasida sog`liqni saqlash tizimini isloh qilishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Bu borada albatta, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish borasidagi ishlar samaradorligini ta`minlashda byudjet mablag`laridan oqilona va maqsadli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun dastlab 3 trln. so`m, 2021 yil 5 noyabrda qabul qilingan “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bilan qo`shimcha ravishda 1.2 trln. so`m, jami 4.2 trln. so`m mablag` ajratildi.
Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlarini va boshqa kasbdagi xodimlarni rag`batlantirish xarajatlariga 1 413.9 milliard so`m, dori-darmon vositalari, gigiena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun 604.2 mlrd. so`m, bir marotabalik shaxsiy himoya uchun kombinezonlar, qo`l va yuz niqoblari hamda boshqa xarajatlar uchun 89,5 mlrd. so`m, oziq-ovqat mahsulotlariga 86,6 mlrd. so`m ajratilgan.
Laboratoriya reagentlari, pirometrlar, test tizimlari va boshqa xarajatlarga 113,9 mlrd. so`m, vaksina sotib olish uchun 1 328,8 mlrd. so`m, emlash punktlarini tashkil etishga 9,8 mlrd. so`m, Toshkent shahrida va Namangan viloyatida koronavirusga qarshi kurashish bo`yicha tibbiyot markazlarini tashkil etish xarajatlariga 270,6 mlrd. so`m va boshqa xarajatlar uchun 174,5 mlrd. so`m ajratildi.
Ammo Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat to`g`risida taqdim etilgan axborotda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat byudjeti ijrosining borishi yuzasidan taqdim etilgan hisobotlarda, Moliya vazirligi taqdim etgan axborot va materiallarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish hamda vaksina sotib olish xarajatlari uchun ajratilgan mablag`larning ishlatilishiga doir ma`lumotlar o`z aksini topmagan.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasining so`rovi bo`yicha ham Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan zarur ma`lumotlar taqdim etilmadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda Sog`liqni saqlash vaziri B.Musaevga “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablag`larning oqilona sarflanishi bo`yicha amalga oshirilgan ishlar to`g`risida” Qonunchilik palatasining parlament so`rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.






