Toshkent shahridagi Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilish ishchi loyihasi va smeta hujjatlari ekspertizadan o`tkazildi. Keyingi bosqich — maydonda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradigan pudratchi tashkilotni tanlash uchun tender o`tkazishdan iborat. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov ishtirokchilaridan “matematiklar bog`i”ning landshaft dizayni konsepsiyasini taklif etish so`ralgandi. Natijalarga ko`ra, “Insard Architects” arxitektura byurosi g`olib deb topildi va ularga “Yuksalish” UMHning 10 mln so`m miqdoridagi pul mukofoti taqdim etildi.
Konsepsiyada nafaqat Al-Xorazmiyning merosini va matematikani ommalashtirishga, balki an`analar bilan zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalarning uyg`unlashuviga ham urg`u berilgan. Landshaft dizaynida maydon hududidagi daraxtlarni hamda o`ziga xos xususiyatlarini saqlab qolish nazarda tutilgan. Sport va bolalar maydonchalarini, amfiteatr va tomoshabinlar uchun, interfaol va ma`ruzalar uchun hududlarni barpo etish rejalashtirilgan.
Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklashning dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun mablag`larning bir qismi (900 mln so`m) konsepsiyani openbudget.uz tashabbusli byudjetlashtirish platformasiga joylashtirish orqali olindi. Ushbu mablag`lar qurilish ishlarining buyurtmachisi sifatida faoliyat yurituvchi va barcha zarur tartib-qoidalarni amalga oshiruvchi Chilonzor tumani hokimligining hisob raqamiga kelib tushdi. Loyihani, shuningdek, xalq deputatlari shahar Kengashining Chilonzor va Uchtepa tumanlaridan saylangan deputatlari ham qo`llab-quvvatlamoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozliq to`lqini” tashabbusi faollari poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi vakillari bilan birgalikda Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilishning barcha bosqichlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Eslatib o`tamiz, 2021 yilning iyun oyida “Yuksalish” umummilliy harakati poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi va O`zbekiston ekologik qurilish kengashi bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida joylashgan Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklash bo`yicha yosh arxitektor-dizaynerlar uchun tanlov e`lon qilgandi. Maqsad — buyuk allomaning butunjahon merosini hamda matematika fanini ommalashtirish.






