AsosiyJamiyat

Tibbiy sug`urta orqali  O`zbekiston tibbiyotida yaxshi tomonga o`zgarish bo`layaptimi?

'Tibbiy sug`urta orqali  O`zbekiston tibbiyotida yaxshi tomonga o`zgarish bo`layaptimi?'ning rasmi

Prezident tomonidan 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog`liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida  fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sug`urtalash masalasi o`z aksini topdi.

Unga ko`ra, Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi tashkil etildi. Jamg`arma Sirdaryo viloyat sog`liqni saqlash tizimida 2021 yilning 1 iyulidan 2022 yilning oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sinovdan o`tkazmoqda. Hozirda viloyatdagi tuman tibbiyot birlashmasi (shahar tibbiyot birlashmasi), viloyat sog`liqni saqlash muassasalari bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga ko`ra, birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlarini ko`rsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va stasionar muassasalar davolangan holatlar bo`yicha moliyalashtirish tizimiga o`tkazildi. 

2022 yil 1 yanvardan davlat buyurtmasi asosida davolangan bemorlarga ko`rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan byudjet mablag`larini boshqarish, ularni samaradorligini doimiy monitoring va nazorat qilishni Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi amalga oshirmoqda.

Jamg`arma shartnoma asosida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga davolangan holatlar uchun haq to`laydi, bemorlarga ko`rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini tasdiqlangan standart va protokollarga muvofiqligini nazorat qiladi hamda klinik xarajatlar guruhlarini ishlab chiqish va “har bir davolangan holat uchun” to`lov uslubini joriy etish uchun barcha davolangan holatlar hisobini yuritadi. 

Davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Hozirda Sirdaryo viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida, 2023 yilga borib, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Farg`ona viloyatlarida, 2025 yilda esa yurtimizning barcha hududlarini qamrab oladi.

Davlat tibbiy sug`urtasining eng asosiy talablaridan biri -  eng avvalo, har bir inson o`z hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktirilgan bo`lishi kerak. Fuqaro oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni ro`yxatga olish, shifokorga kirishi, tahlillardan o`tishi nazoratga olinadi. Kafolatlangan xizmatlar tekin. Biroq, uning tekinligini ta`minlashning shartlari, standartlari, hajmi bor. 

Kuzatadigan bo`lsak, aholi oilaviy shifoxonaga bir necha sabablarga ko`ra kelishi mumkin - profilaktika uchun, nimadir bezovta qilsa yoki hamshira chaqirganda, emlashga. Agar fuqaro eshikdan kirib boshim og`ridi, desa doktor uning qon bosimini o`lchaydi, qonini tahlil qilish, qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga yuboradi. Shunda ham oilaviy shifokor tashhiz qo`yishga ikkilansa, bemorni tor soha doktorlari, misol uchun, kardiologga yo`llanma yozib, ko`p tarmoqli shifoxonaga yuboradi. Ya`ni bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo`yicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq, tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo`llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo`llanmalar viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda,  kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko`rsatiladi.

Jarayonlarning borishi,  Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sug`urtasining ayrim jihatlari haqida  Sirdaryo tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning fikrlarini o`rgandik.

Urol NORJIGITOV, Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori:

– Dunyoning nufuzli davlatlari, jumladan Turkiya, Rossiya, Germaniyada ham tibbiy sug`urta tizimi mavjud. Yaqindan bizda ham davlat tibbiy sug`urtasi  joriy etilmoqda. Buni esa aholi uchun ham, tibbiyot hodimlari uchun ham o`ziga xos foydali jihatlari mavjud. Tibbiyot xodimlar uchun yaxshiligini aytadigan bo`lsak, tibbiy punktlarga ajratiladigan pullar miqdori oshadi, jihozlar bilan ta`minlandi. Hozirda elektron xizmatlarni yaxshilash uchun har bir shifokor kompyuter bilan ta`minlanmoqda. Men uchun yana bir quvonchli jihati  shundaki, davlat tibbiy sug`urtasining talablari orasida bemorlarni soni uchun emas  davolashning sifatiga ko`ra shifokorga mablag` to`lash borligi. Shu bois xizmat ko`rsatish sifati keskin oshib, qilingan mehnatga yarasha maosh   oshib boradi.

Bahrom Toshmurodov, Respublika shoshilinch tibbiy  yordam ilmiy markazning Sirdaryo viloyat filiali shifokori:

– Kasbimiz bilan bog`liq holatda kuniga o`rtacha  20-22ta nafar bemor qabul qilamiz. Bizga ko`proq shoshilinch, tez yordamga zarur bo`lganda, masalan qon - bosim ko`tarilishi, insult yoki talvasa holatidagi bemorlar murojat qiladi. Bu jarayonda eng birinchi yordam qabulxonada ko`rsatiladi. Bemorning ahvoli barqarorlashgandan keyin oilaviy shifokor  nazoratiga tavsiya asosida yuboramiz. Agarda holat barqarorlashmasa, xuruj yana qaytalansa, stasionar davolashga yotqizamiz.

Davlat tibbiy sug`urtasi Sog`liqni saqlash vazirligi belgilagan diagnostika va davolash ishlarining davolash standartlariga qay tartibda amal qilayotganimizni monitoringini yurgizmoqda. Kasallik tarixiga yozilgan dorilarni bemordagi kasallikni davolashda qanchalik muhimligini asoslamaslik kabi yo`l qo`ygan xato-kamchiliklarimiz aniqlanmoqda. DTSJ xodimlari bu borada bizga tushuntirishlar berishmoqda. Zero, davlat tibbiy sug`urtasining maqsadi aholining barcha qatlamlarining bir xil, sifatli tibbiy xizmatdan teng bahramand bo`lishiga erishishdir. Shuningdek, bemor og`ir shoshilinch holatda istalgan shifoxonaga kelsa, muolaja ishlari bepul amalga oshiriladi.

Ma`rifat Turdieva, Sirdaryo viloyati Perinatal markazi direktor o`rinbosari 

–Sirdaryoda davom etayotgan tajriba-sinov tariqasida boshlangan davlat tibbiy sug`urtasi mexanizimlarini o`rganish jaryonida amin bo`ldimki,  haqiqatdan ham  bu tizimgao`tish davriga kelgan ekan. Chunki, jarayonni kuzatar ekanman aholiga qaratilayotgan e`tibor, qulayliklar, tibbiyotdagio`sishni  ko`rib  dili yayraydi.Davlat tibbiy sug`urtasi sababli eng avvalo shifokorlarning ma`suliyati oshdi. Har bir kasallikni standart bo`yicha davolash va tashxis qo`yish kerakligini angladik. 

Tibbiy sug`urtani xalq uchun foydali tomoni – har bitta ko`rsatiladigan xizmatlar yuzasidan kafolatlangan paket ishlab chiqilgan va ana shu paket doirasida bemorlarni so`zsiz qabul qilish, ularga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish  asosiy maqsad qilib olingan. Mana endi tibbiyotimiz zamon bilan hamnafas rivojlanmoqda. 

Bemorlar yo`llanma asosida kelsa, stasionar xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Buning uchun birlamchi tizimdagi shifokor bilim va malakasini oshirib borishi kerak. Chunki, bemorni qaysi yo`nalishda, qaysi shifoxonaga yo`naltirilishi uchun u  tashxisni to`g`ri qo`ya olishi kerak. Bemorning holatiga ko`ra respublika yoki viloyatga yo`llanma berishi talab qilinadi. Har bir shifokor kafolatlangan paket, unga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaqida bilimga ega bo`lishi, bu haqida to`liq tushunchasi bo`lishi kerak.Tibbiy sug`urta orqali  tibbiyotda yaxshi tomonga o`zgarish bo`layotgani mubolag`a emas.

 

    Boshqa yangiliklar