11 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining O`zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkentda bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - savdo va integrasiya vaziri B.Sultanov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O`zbekiston-Qozog`iston munosabatlarining dolzarb masalalari, ustuvor yo`nalishlarda iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish yo`llari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yilning dekabr oyida Qozog`iston Respublikasiga tashrifi chog`ida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Investisiyaviy, savdo, transport va logistika hamda hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlariga alohida urg`u berildi. Tomonlar sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish, yangi investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish, mavjud bo`lgan savdo to`siqlarini olib tashlash hamda o`zbek va qozoq ishlab chiqaruvchilari uchun ikki mamlakat bozorlariga chiqishni osonlashtirishga doir takliflar to`g`risida fikr almashdilar.
Tomonlar keyingi 10 yil ichida O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi o`zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga etkazish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish va monitoringini amalga oshirish maqsadida ekspertlardan iborat ishchi guruhlarning hamkorligini faollashtirishga kelishdi.
Ikki mamlakat hududida qo`shma ulgurji tarqatish markazlari tarmog`ini tashkil qilish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni hayotga joriy etish borasida navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Mazkur tashabbusning ro`yobga chiqishi O`zbekiston va Qozog`iston ishlab chiqaruvchilari o`rtasida sanoat kooperasiyasi rivojiga qo`shimcha turtki berishi ta`kidlandi.
Muloqot, shuningdek, alohida loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bilan bog`liq masalalarni atroflicha ko`rib chiqish, har ikki tomonning manfaatlarini ta`minlaydigan echimlarni ishlab chiqish va ularni ilgari surish bo`yicha keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi iqtisodiy hamkorlik doirasida yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal qilish uchun yaqin munosabatlarni davom ettirish va faol hamkorlik qilishga kelishib oldilar.






