Davlat xizmatlari agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, ikki fuqaroning farzandli bo`lgani haqida yanglish SMS-xabar olgani bilan bog`liq holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ta`kidlanishicha, agentlik tomonidan FHDYo sohasidagi davlat xizmatlarini takomillashtirish, ortiqcha byurokratiya va qog`ozbozlikning oldini olish hamda fuqarolarning xabardorligini oshirish bo`yicha qator choralar ko`rilmoqda. Xususan, tug`ilganlikni qayd qilish bilan bog`liq kompozit davlat xizmatlarini ko`rsatishda ham ota-onalardan ortiqcha ma`lumotnomalar talab qilish bekor qilinib, tibbiyot muassasasi tomonidan tug`ilgan bola haqidagi ma`lumotlarni axborot tizimiga kiritilganda darhol ota-onaga SMS-xabar yuborilishi joriy qilingan.
Ayrim holatlarda muassasalar mas`ullari tomonidan fuqaroga tegishli telefon raqami xato kiritilishi (texnik xato yoki fuqarolarning o`zlari tomonidan noto`g`i raqamlar berilishi) oqibatida SMS-xabar boshqa shaxsga yuborilishi mumkin.
«Biroq o`rganish davomida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan SMS-xabar agentlik yoki Sog`liqni saqlash vazirligi axborot tizimlari orqali yuborilmagani aniqlangan. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ‘bolaning tug`ilganligi haqidagi guvohnomasi tayyor bo`lganligi’ mazmunidagi SMS-xabar yuborilmaydi. Ma`lumot uchun? tug`ilganlik haqidagi guvohnoma fuqaroning FHDYo bo`limlariga qilgan murojaatiga asosan rasmiylashtiriladi va o`sha vaqtning o`zida chop qilib beriladi.
Shuningdek, FHDYo sohasiga oid SMS-xabarlar FHDYO yoki SMSINFO alfa nomlaridan yuborilishi ma`lum qilinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilgan holatda esa SMS-xabar FHDYo alfa nomidan yuborilgan. Ya`ni qayd etilgan SMS-xabar Davlat xizmatlari agentligi axborot tizimi orqali yuborilmagan. Mazkur holatda SMS-xabar boshqa shaxslar tomonidan (ehtimol, shaxsning tanishlari tomonidan hazil tariqasida) yuborilgan bo`lishi mumkin», deyiladi xabarda.






