Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o`qituvchilar ota-onalar oldida tik turib kechirim so`rashga majbur qilingani haqida xabarlar va o`qituvchilarning bosh egib turgani aks etgan surat tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham “Hech bir ustoz va murabbiylarimiz unday holatga tushishlariga yo`l qo`ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda ta`zimdamiz”, - deya fikr bildirdi.
Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov Marhamat tumanida ota-onalar oldida uzr so`rashga majbur qilingan o`qituvchilar bilan uchrashish maqsadida Andijon viloyatiga bordi.
Vazir o`qituvchilar bilan suhbatlashib, ularning ruhiyatini ko`tarar ekan, bugun ularning obro`si va qadr-qimmati Davlatimiz siyosati darajasidagi muhim masala ekanligi va ularni obro`sizlantirishga hech kim haqli emasligini qayd etdi hamda yuz bergan holatni ustoz sha`nini erga urish deb baholadi:
"Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev o`qituvchilarni ulug`lash masalasini Davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqib, o`qituvchi jamiyatimizning eng hurmatli insoni bo`lishi ekanligini doimiy ravishda ta`kidlab kelmoqda. Shunday ekan , o`qituvchini hafa qilishga hech kimning haqqi yo`q. O`qituvchi qadrlanmagan yurtning ertasi bo`lmaydi. Shunday ekan, bugun har birimiz, hattoki o`qituvchilarning o`zi ham sha`ni va obro`sini oshirish uchun harakat qilishi zarur", — dedi Baxtiyor Saidov o`qituvchilar bilan uchrashuv chog`ida.
Uchrashuv so`ngida o`qituvchilarning fikrlarini tinglagan vazir ular bilan maslahatlashgan holda mazkur holatga yo`l qo`ygan mutasaddilarga albatta chora ko`rilishi alohida qayd etdi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Xalq ta`limi vazirligi Marhamat tumanidagi holat yuzasidan o`rganish natijalariga qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborgan.






