Ichki talabdan kelib chiqib 2022 yilda 410 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.
Yig`ilishda bu raqam tarmoqdagi mavjud imkoniyatlarga nisbatan ancha kamligi ta`kidlandi.
Shu bois avtomobillarni ko`proq ichki bozorga yo`naltirib, butlovchi qismlar hisobiga yillik eksportni 500 million dollarga etkazishga ko`rsatma berildi.
Bunda Rossiya va Qozog`istonning yirik savdo tarmoqlari orqali butlovchi qismlar sotish tajribasini boshqa davlatlarda ham yo`lga qo`yish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
“Endi mashinasozlik tarmog`ini sanoat klasteri usulida rivojlantiramiz. Bunga uchun etarli imkoniyat va salohiyatimiz bor”, dedi Prezident.
Avvalambor, ilm-fanga asoslanib, “injiniring – butlovchi qismlar – tayyor mahsulot – savdo va servis” yaxlit zanjirini yaratish kerak. Bunda:
- 8 ta yirik mashinasozlik korxonasi (engil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo`jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchilar);
- butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 300 dan ziyod korxona;
- moliya, logistika, ichki va tashqi bozorlardagi savdo va servis tarmog`i;
- Turin politexnika va Andijon mashinasozlik institutlari faoliyatini qamrab olish zarur.
Buning natijasida Milliy mashinasozlik klasteri tashkil etiladi.
Ikki oy muddatda ushbu klasterni tashkil etish dasturini kiritish topshirildi.
Klasterga xorijiy investorlar va xususiy sektorni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Bu borada 1 iyulga qadar "O`zavtosanoat"ning 3 ta korxonasini sotuvga chiqarishga ko`rsatma berildi.






