1

Sardor Umurzakov Islom taraqqiyot banki prezidenti bilan videokonferensiya tarzida muzokara o`tkazdi

Jamiyat 14.02.2022, 23:32
Sardor Umurzakov Islom taraqqiyot banki prezidenti bilan videokonferensiya tarzida muzokara o`tkazdi

14 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar o`tkazdi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi ma`lum qildi. 

Muzokaralar o`zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bag`ishlandi. So`nggi yillarda O`zbekistonda ITB faoliyati jadal kengayib borayotgani qayd etildi. Ayni paytda O`zbekistondagi ITBning investisiyaviy portfeli umumiy qiymati 1,8 mlrd dollarlik 29 ta loyihadan iboratdir. Shulardan umumiy qiymati 996 million dollarga teng 21ta loyiha amalga oshirilgan va 825 million dollarlik 8ta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.

Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarni hayotga joriy etilishini jadallashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar va joriy yilda ITB tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan infratuzilmaviy rivojlanish, ta`lim va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash sohalarida yangi loyihalarni ko`rib chiqish bo`yicha keyingi tadbirlarni belgilab oldilar.

ITB rahbari O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan yangi rivojlanish strategiyasining qabul qilinishini olqishladi va unda belgilangan ustuvor vazifalar dolzarbligini ta`kidlab, ushbu strategiyani amalda tatbiq etish hamda O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada rivojlantirishga hissa qo`shishga tayyorligini bildirdi.

Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg`armasi faoliyatini tashkil etish vazifalari ko`rib chiqildi. Joriy yilning yanvar oyida xususiy investorlarni Jamg`arma faoliyatida ishtirok etishga jalb qilish uchun ITB “roud-shou” o`tkazgani aytib o`tildi. Tomonlar joriy yilning ikkinchi choragida jamg`arma faoliyatini yo`lga qo`yish maqsadida tashkiliy va moliyaviy masalalarni jadal hal qilish bo`yicha faol ish olib borishga sodiqligini bildirdi.

ITB bilan 2023-2025 yillarga mo`ljallangan yangi Hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish to`g`risida kelishuvga erishildi. Hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari yuzasidan fikr almashildi, ular orasida aholi bandligi va malakasini oshirish, hududlar va qishloq joylarda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startaplarni qo`llab-quvvatlash, suv ta`minoti tizimlari, kanalizasiya, kommunal va transport infratuzilmasini modernizasiya qilish belgilab olindi. ITB tomonidan Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikda yaratilgan SmartED yangi moliyalashtirish mexanizmidan foydalangan holda ta`lim tizimini takomillashtirishning dolzarbligi ham alohida ta`kidlandi.

Ma`lumot uchun: SmartEd dasturi qiymati 500 million dollardir. Dastur “Ta`lim sohasida global hamkorlik” moliyaviy platformasi tomonidan taqdim etilgan 100 million dollarlik grant moliyalashtirish paketini, shuningdek, imtiyozli moliyalashtirish paketini o`z ichiga oladi va ITBga a`zo mamlakatlarda ta`lim loyihalarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan.

ITB rahbariyati, shuningdek, savdoni moliyalashtirish hamda mamlakat tijorat banklari bilan hamkorlik qilishning boshqa moliyaviy vositalarini ishga solib, O`zbekistonda kichik biznes va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashni kengaytirish imkoniyatlarini ko`rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

O`zbekiston tomoni ITB va (APICORP) Arab neft investisiya korporasiyasi muqobil energetika, infratuzilmaviy qurilish, suv resurslarini boshqarish va chiqindilarni yo`q qilish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlarning xususiy kompaniyalari va investorlarini jalb qilishga qaratilgan yangi “Infra Initiative” qo`shma tashabbusini olqishladi.

Aholi zich, qishloq va chekka hududlarda yashovchi aholi uchun ta`lim sifatini yuksaltirish maqsadida O`zbekiston hududlaridagi 400 ta maktabni rekonstruksiya qilish dasturini amalga joriy etish uchun ITB tomonidan qo`shimcha mablag` ajratishning istiqbollari muhokama qilindi.

O`zbekiston tomoni ITBning alohida chegara o`tish punktlarining imkoniyatlarini oshirish va samaradorligini yuksaltirishda texnik yordam ko`rsatish hamda O`zbekistonda yo`l harakati xavfsizligini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbusini qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu sohaning bugungi holatini tahlil qilish hamda bu yo`nalishda ilg`or innovasion ishlanmalar va amaliyotlarni joriy qilish bo`yicha takliflar ishlab chiqish uchun O`zbekistonga ekspertlar guruhini yuborish to`g`risida kelishuvga erishildi.

O`zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasida intellektual ma`ruzalar zali tashkil etishga grant mablag`lari ajratgani uchun ITB Prezidentiga minnatdorlik bildirildi. Boshqa manbalar bilan bir qatorda ITB Transformasiya jamg`armasi va O`zaro hamkorlik platformasi resurslaridan foydalanish orqali ikki tomonlama munosabatlarning boshqa yo`nalishlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha muhokama qilingan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1