1

Jizzaxdagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yig`ini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi

Jamiyat 15.02.2022, 17:05
Jizzaxdagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yig`ini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi

Jizzax viloyati harbiy-ma`muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yig`ini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi.

Unda  18-30 yosh atrofidagi 100 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport o`yinlari, ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik hamda kasbga yo`naltirish bo`yicha mashg`ulotlarga jalb qilinadi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan 

Jizzaxda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlar joyiga ega bo`lmagan yoshlar hamda ichki ishlar nazoratida bo`lgan yoshlar ro`yxati shakllantirildi va ulardan yuz nafari “Yosh vatanparvarlik yig`ini”ning ikkinchi mavsumi ishtirokchisiga aylandi. 

Bu erda yoshlar bilan ularni kasbga yo`naltirish bo`yicha etakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar o`tkaziladi. 

Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman va Jizzax shahridan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi, o`z istagiga ko`ra kelgan yoshlarga harbiy liboslar berildi. Ular avval tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. So`ngra guruhlarga bo`lib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat ta`minoti yo`lga qo`yildi.

“Yosh vatanparvarlar yig`ini”ning ochilish tantanasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilgani va ayni damda amalda ekanligini ta`kidlab, birinchi mavsumdagi yoshlarning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari xususida to`xtaldi va bu mavsumdagi yoshlar uchun yanada ko`proq imkoniyatlar va sharoitlar yaratilgani haqida so`zlab yoshlarni ruhlantirdi.

Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Oybek Saidov yig`in davomida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va a`lo ko`rsatkichlar qayd etgan yoshlar okrug qo`shinlarida kontrakt asosida xizmat qilishlari mumkinligi va buning uchun mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinishi xaqida gapirib, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagi bo`lgan yoshlarga imkon borligini ma`lum qildi.

Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasining iste`dodli sana`tkorlari hamda folklor jamoalarining konsert dasturi ishtirokchilarga ilk kunidayoq ko`tarinki kayfiyat ulashdi.

Eslatib o`tamiz, joriy yilning 13 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi “Mudofaani boshqarish milliy markazi”da o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig`ilishida davlatimiz rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy-ma`muriy sektorlar ham oldingi qatorlarda bo`lishi va ushbu yosh vatanparvarlar yig`inini izchil davom ettirish zarurligini ta`kidlagandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1