“Kapitalbank” ATB amaliyot boshqaruvchisi O`rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 26 yanvar kuniga o`tar kechasi noma`lum shaxs tomonidan O`rtachirchiq tumani Toshkent yo`li ko`chasiga o`rnatilgan “Kapitalbank”ga tegishli bo`lgan bahosi 145 mln. so`mlik bankomat o`g`irlab ketilganligi haqida ma`lum qilib, ushbu noma`lum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, mazkur holat yuzasidan O`rtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o`g`irlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyat O`rtachirchiq tumanida yashovchi 24 yoshli E.A., 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D.,lar tomonidan bir guruh bo`lib sodir etilganligi aniqlangan.
Tergov davomida, qonunbuzarlardan mazkur bankomatni qaerga yashirganlari so`ralganda, ular bankomatni temir jism yordamida buzib ochishganliklari, biroq bankomat ichida pul bo`lmaganligi sababli uni Toshkent shahar Bektemir tuman hududidan oqib o`tuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganliklarini ma`lum qilishgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.






