Safdor xodimning ziyrakligi jinoyatni issiq izidan ochishga yordam berdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, 12 fevral kuni Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining safdor xodimi Baxrom Risboev Sharof Rashidov tumani Zilol mahallasida hududidan o`tib ketayotgan vaqtida o`zini shubhali tutgan va qo`lida temir seyfni olib ketayotgan fuqaroni to`xtatib, undan o`zini tanishtirishini so`raganida, noma`lum shaxs qo`lidagi seyfni tashlab, noma`lum tomonga qochib yashiringan.
Safdor B.Risboev bu haqda Jizzax shahar IIB Navbatchilik qismiga zudlik bilan xabar qilgan va uning ma`lumotiga asosan tergov-tezkor guruhi voqea joyiga chiqarilib, olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, mazkur jinoyatni Jizzax shahar Zilol mahallasida yashovchi 21 yoshli N.S. sodir etganligi aniqlangan.
Ma`lum bo`lishicha, N.S. 11 fevral kuni tunda Jizzax shahar Zilol mahallasi Mustaqillik ko`chasida joylashgan uylarning erto`lasida «LION style” erkaklar sartaroshxonasida hech kim yo`qligidan foydalanib, sartaroshxonaning eshigini buzish yo`li bilan ochib g`ayriqonuniy ravishda kirgan va javonda turgan jami 700 ming so`m pullar, 1 dona «Iphone 5» rusumli telefon apparatini hamda ichida 350 AQSh dollari va 1 mln. so`mdan ortiq pullari bo`lgan bir dona temir seyfni o`g`irlab, yo`lda ketayotgan vaqtda safdor B.Risboev tomonidan payqab qolinishi natijasida qo`lidagi temir seyfni tashlab qochgan. Biroq, tergov-tezkor guruhining sa`y-harakatlari natijasida N.S.ning shaxsi aniqlanib ushlangan va yonida bo`lgan 1 dona «Iphone 5» rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan N.S.,ga nisbatan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o`g`irlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






