Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bektemir tuman bo`limi xodimlari tomonidan tumandagi Ixtisoslashtirilgan Davlat umumta`lim maktabi (IDUM)da tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda "Darakchi"ga Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati rahbari Sadoqat Allaberganova xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, maktab direktori vazifasini bajaruvchi shaxs qizini shu maktabning 1-sinfiga o`qishga joylashtirmoqchi bo`lgan fuqarodan 500 000 so`m berishini talab qilgan. Direktor talab qilingan pullardan 400 000 so`mini o`z xizmat xonasida olgan vaqtda ushlangan.
Sudda jabrlanuvchi quyidagilarni ma`lum qildi...
— Bektemir tumanida joylashgan maktablardan birida rus tiliga ixtisoslashgan maxsus sinf borligidan xabar topdim. Qizimni mazkur maktabning 1-sinfiga qabul qilinishini so`rab borganimda, direktorga murojaat qilishim lozimligini aytishdi. Navbatda turib qabulga kirdim. Qizimni rus tili sinfiga qabul qilishini so`raganimda “xarajati bor”, dedi. U qizimni 1-sinfga qabul qilishi evaziga 500 000 so`m berishimni talab qildi. Men sharoitimdan kelib chiqib 400 000 so`m bera olishimni aytdim. Uning xatti-harakatlari noqonuniy ekanini tushungan holda ushbu shaxsga qonuniy chora ko`rishni so`rab, ariza bilan Departamentning Bektemir tuman bo`limiga murojaat qildim.
Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi...
— Farzandini mazkur maktabning 1-sinfiga qabul qilishim evaziga maktabga homiylik qilishi, ya`ni 500 000 so`m pul berishini bildirganman. Taklifimga rozi bo`lgan. Turmush o`rtog`i bilan maslahatlashgach esa 400 000 so`m bera olishini aytdi, holatidan kelib chiqib rozi bo`ldim. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
Sud ish bo`yicha to`plangan dalillarga baho berib, sudlanuvchining sodir qilgan jinoyati dalillar bilan isbotlangan deb hisobladi.
Sherzod EShMATOV, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi:
— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi (JK)ning 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi. JKning 45-moddasini qo`llab, 1 yil muddatga umumta`lim maktablarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya`ni 12 250 000 so`m jarima jazosi tayinlandi.