Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ–755-son, 18.02.2022 y.) bilan "Davlat bojxona xizmati to`g`risida"gi Qonunga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Shunga ko`ra, bojxona organlarining:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg`in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo`yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi;
jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda pulli xizmatlar ko`rsatish huquqiga ega ekanligi;
bojxona nazoratini amalga oshirishda maxsus vosita sifatida xizmat itlaridan foydalanishi mumkinligi belgilandi.
Bojxona organlarida lavozimlar va ularga muvofiq maxsus unvonlar Qo`mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonunda bojxona organlariga qabul qilingan xodimlarning majburiy tartibda birlamchi kasbiy qayta tayyorgarlikdan o`tishi kerakligi belgilandi.
Sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar, qo`llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va o`ziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qo`llanilganligidan qat`i nazar yoxud yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar bojxona organlariga xizmatga qabul qilinmaydi.
Davlat bojxona qo`mitasi raisining buyrug`i bilan O`zbekiston yoki chet davlatning OTM va tashkilotlariga magistratura mutaxassisliklari bo`yicha o`qishga yuborilgan bojxona organi xodimi o`qish davrida, oxirgi egallagan lavozimidagidan kam bo`lmagan miqdorlardagi pul ta`minoti saqlangan holda bojxona organlarining ixtiyorida qoldiriladi.