Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Buxoro NQIZning eng yaxshi rasionalizatori” ko`rik-tanlovi e`lon qilingan edi.
Ushbu tanlovni tashkil etishdan maqsad innovasion, rasionalizatorlik va ixtirochilik g`oyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish, yangi mahsulot chiqarish, mahsulot sifatini oshirish, yoqilg`i va yoqilg`i tejashga qaratilgan dolzarb vazifalarni hal etishda ijodiy salohiyat va resurslardan samarali foydalanishdan iborat. Bundan tashqari zavoddagi energiya resurslari, xom-ashyo, materiallar, mehnatni muhofaza qilish holati va boshqa yo`nalishlari bo`yicha loyihalarni faollashtirish ham ko`zlangan.
Tanlovda ishtirok etish uchun 2020 yilning 1 dekabridan 2021 yilning 1 dekabrigacha 22 ta rasionalizatorlik taklifi kelib tushdi. Tanlov natijalari sarhisobi rasionalizatorlar tomonidan g`oyalar taqdimoti shaklida namoyish etish va muloqot tarzida muhokama qilish formatida o`tkazildi.
Taqdim etilgan takliflarda zavod faoliyatining turli yo`nalishlari – jarayonlarni mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish, ikkilamchi resurslardan foydalanish, yoqilg`i-energetika resurslarini tejash, chiqindilarni qayta ishlash, xavfsizlik va atrof-muhit muhofazasini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va energiya xavfsizligini ta`minlash, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va sifatini oshirish, jarayonlarni raqamlashtirish mavzulari qamrab olingan.
Hakamlar hay`atining yakuniy xulosalariga ko`ra, K.R. Safarovning “21–E-20 issiqlik almashinish qurilmasi liniyasida filtr o`rnatish” taklifi birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`ringa B.A. Xaydarovning “Oqava suvlarni tozalash jarayonida qo`llaniladigan alyuminiy sulfatni foydalanilgan adsorbentni qayta ishlash yo`li bilan olish” va “Suyuq uglevodorodlar olish maqsadida neft shlamini piroliz yo`li bilan qayta ishlash” taklifi munosib ko`rildi. A.Sh. Saidov o`zining “Vodorod liniyasida yangi issiqlik almashtirgichni o`rnatish” taklifi bilan uchinchi o`rin g`olibi bo`ldi.
B.Bahronov hamda X.Baqoev “Buxoro NQIZning eng yaxshi yosh rasionalizatori” nominasiyasi bo`yicha g`alabaga erishdilar. G`oliblar moddiy rag`batlantirildi.
Ma`lumot uchun: Ta`kidlash joizki, zavod ishchi-xodimlari o`rtasida ijodiy salohiyatni oshirish bo`yicha tanlovlar o`tkazish allaqachon yaxshi an`anaga aylangan. 2019 yilda “Eng yaxshi innovasion g`oya”, 2020 yilda “5 ta eng yaxshi innovasion va investision g`oya” tanlovlari o`tkazilgan edi. Bunday tanlovlar xodimlarning yangi g`oyalar yaratish va ularni hayotga tadbiq etish ishtiyoqini oshiradi.






