AQSh vise-prezidenti Kamala Xarris va Ukraina etakchisi Vladimir Zelenskiy Myunxen konferensiyasi doirasidagi birinchi uchrashuvini o`tkazdi va unda Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi. Bu haqda Zamon.uz' nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, muzokaralar davomida, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Moskvaga nisbatan tezkor va qat`iy iqtisodiy choralar ko`rilishi aytib o`tilgan.
Amerika vise-prezidenti Qo`shma Shtatlar Rossiya "agressiyasi"ga qarshi Ukrainani qo`llab-quvvatlashda davom etishini ta`kidlagan.
"Rossiya harbiy harakatlarining kuchayishi oldida AQSh Ukraina bilan birga. Men Myunxenda prezident Zelenskiyga aytganimdek, biz Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqmiz", - dedi Xarris bayonotida.
Zelenskiy, o`z navbatida, tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatik yo`l bilan hal qilish yo`llarini izlashni davom ettirishga kelishib olganini aytgan.
"Men AQSh vise-prezidenti Kamala Xarris bilan muhim muzokaralar o`tkazdim. Biz Ukraina atrofidagi xavfsizlik bilan bog`liq vaziyatga baho berdik. Keskinlikni yumshatishning diplomatik yo`llarini topish zarurligi haqida bir ovozdan fikr bildirdik”, - deb yozadi u.
Ta`kidlanishicha, Myunxenda Xarris Germaniya kansleri Olaf Shols, Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Leen va Gresiya bosh vaziri Kiryakos Mitsotakis bilan Ukraina masalasini alohida muhokama qilgan.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Dmitriy Kuleba Ukraina hech qanday hujumkor operasiyalarni rejalashtirmaganini ma`lum qilgandi.






