AsosiyJamiyat

"Uzbekistan Airways" Qora dengiz bo`ylab amalga oshirilgan parvoz yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

'"Uzbekistan Airways" Qora dengiz bo`ylab amalga oshirilgan parvoz yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi'ning rasmi

Joriy yilning 19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda HY-271 Toshkent – Istanbul yo`nalishi bo`yicha Qora dengiz ustidagi ayni vaqtda harbiy mashg`ulotlar o`tkazilayotgan havo maydonidan amalga oshirilgan parvoz haqida xabarlar tarqaldi. "Uzbekistan Airways ” AJ tarqalgan mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, har bir reysning parvoz yo`nalishi uni amalga oshiradigan aviakompaniya tomonidan ob-havo va barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish asosida tanlanadi va xavotirga aslo o`rin yo`q.

Ta`kidlanishicha, ushbu yo`nalishdagi parvozlarni cheklovchi aeronavigasiya ma`lumotlari bo`lmagan.

19 fevral kungi parvoz uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida hamda xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda, HY271 qatnovini O`zbekiston, Qozog`iston, Kaspiy dengizi, Rossiya Federasiyasi, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz va Turkiya orqali o`tadigan marshrut bo`yicha amalga oshirish rejalashtirilgan.

"Qora dengiz ustidagi havo maydoni parvozlar uchun to`liq ochiq va xavfsiz edi",-deyiladi xabarda. 

Ayni shu hududda va shu vaqtda "Uzbekistan Airways ” aviakompaniyasining Boeing 757 samolyoti yaqinida Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Iroq va boshqa mamlakatlardagi bir qator aviatashuvchilarning samolyotlari ham o`z parvozini amalga oshirgani aytiladi.

Ta`kidlanishicha, har bir aviakompaniya aviaqatnovlarning parvoz yo`nalishini belgilangan xavfsizlik talablari asosida, barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish orqali tanlaydi. Mobodo ma`lum bir cheklovlar mavjud bo`lsa, aviakompaniya ekipaji ushbu hududni chetlab o`tish uchun muqobil yo`nalishlarni tahlil qilib chiqib, bu borada yakuniy qaror qabul qiladi.

Havo kemasida bo`lgan 155 nafar yo`lovchining hayotiga hech qanday xavf yuzaga kelmagani, parvoz qat`iy belgilangan jadval asosida, xalqaro havo transporti standartlariga to`la rioya qilqingan holda amalga oshirilgani ma`lum qilindi.

    Boshqa yangiliklar