O`zbekistondagi maktablarga o`quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo`lga qo`yishga zarurat bor. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonovning intervyusiga asoslanib, "Qalampir" ma`lum qildi.
“Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o`tgan yo`lning 300 metr masofasida transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o`quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo`lga qo`yishga zarurat bor”, deydi vazir.
Po`lat Bobojonovga ko`ra, 380 ta umumta`lim maktabida yo`l harakati qoidalarini o`qitish bo`yicha maxsus sinfxonalar, yana 167 ta maktabda yo`l harakatini o`rgatish maydonchalari tashkil etilgan. Mazkur sharoitlardan foydalanib, maktablarda o`quvchilarga yo`l harakati qoidalari bo`yicha zaruriy tushunchalar berilmoqda. Yo`llarda o`zini xavfsiz tutish yuzasidan ko`nikmalar shakllantirilmoqda. Lekin mazkur ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktablar qamrab olingan, xolos.
“Shuning uchun barcha maktablarda maxsus sinfxonalar tashkil etilib, “Yo`l harakati xavfsizligi” bo`yicha alohida fan kiritish taklif qilinmoqda. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, yo`l harakati qoidalariga moslashtirilgan “Yo`l harakati xavfsizligi” istirohat bog`larini tashkil qilish rejamiz bor”, deya ta`kidladi vazir.
Po`lat Bobojonovning aytishicha, har yili O`zbekiston yo`llarida 10 minggacha avtoavariya sodir etilmoqda. Jumladan, o`tgan yili YTHlar oqibatida 965 nafar piyoda vafot etgan, shundan 263 nafari bolalar.






