2015 yilning “Eng yaxshi kino aktrisasi” deb tan olingan yosh ijodkor Yulduz Rajabova bilan uchrashish bir muncha qiyin bo`ldi. Gastrol safarlari, tasvirga olish ishlaridan ortib gazetamizning “O`zbegim oshxonasiga” loyihasida ishtirok etishga aktrisani ko`ndirdik. Yulduzning oshxonadagi mahoratiga baho berishdan avval esa u bilan suhbatlashib, yig`ilib qolgan savollarimizga javob olishga harakat qildik.
— Ishingiz juda ko`pmi yoki siz ham ayrim mashhurlar kabi matbuotdan uzoqroq yurishni ma`qul ko`rasizmi?
— Aslida intervyu berishni yaxshi ko`raman. Ammo vaqt tanqisligi tufayli uchrashuvlarga rozi bo`lmayotgandim.
Bugungi kunda O`zbekiston Davlat San`at va Madaniyat instituti qoshida ochilgan teatr studiyasida faoliyat yurityapman. Bundan tashqari bir vaqtning o`zida ikkita filmda suratga tushdim. Tez kunlarda ularning ham premerasi bo`lib o`tadi.
— So`nggi yillarda sog`lig`ingiz bilan bog`liq muammolarga duch kelganingiz va bunga faoliyatingizdagi ayrim vaziyatlar sababchi bo`lgani haqida gapirgan edingiz...
- San`atkor sahnada kulib turgani bilan uning ham qalbida dardi, shaxsiy muammolari bo`lishi muqarrar. Aktyor birovning dardini ijro eta turib, o`zi ham o`sha dardga chalinib qolishi mumkin ekan. Institutda diplom ishini yoqlayotganimda Shekispirning asarini sahnalashtirgandik. Men ruhan o`ta og`ir fe`l-atvorga ega, bosh qahramon Medeya rolini ijro etdim. O`sha spektakldan keyin ancha vaqt o`zimga kelolmadim, og`ir xastalikka uchradim. Hatto oradan bir necha yillar o`tgan bo`lsa-da, hamon shifokorlar nazoratidaman. Ammo kasalligim haqida batafsil gapirishni istamayman.
— Rollaringizda asosan dard chekayotgan qizlarning qiyofasini ko`ramiz. Bu tashqi ko`rinishingiz bilan bog`liqmi yoki o`zingiz shunday rollarni tanlaysizmi?
- Bunday rollarni o`zim tanlayman. Menga aynan shunday dramatik obrazlar yoqadi.
— Bir xil ampluaga tushib qolishdan cho`chimaysizmi?
— Yo`q. Chunki turli xil obrazga “kira olishimni” bilaman. Masalan, tez kunlarda taqdim etiladigan “Artist” serialida komik xarakterdagi shaddod qiz ko`rinishida namoyon bo`laman.
— “E`tirof-2015” milliy mukofotida “yilning eng yaxshi kino aktrisasi” sifatida tilga olindingiz. Ammo tadbirda o`zingizning ishtirok etmadingiz. Bu haqida turli mish-mishlar oraladi, lekin biz anig`ini o`zingizdan eshitmoqchimiz.
— Taqdirlash marosimidan avval ko`pgina hamkasblarim bilan qo`ng`iroqlashib, ularga taklifnoma berilganidan xabar topdim. Ammo menga hech kim xabar bermadi. Shundan so`ng “Demak, bu mukofotni olish uchun menga hali vaqtli ekan” deb o`yladim va boshqa rejalashtirilgan ishlarimni bajarishga kirishdim. O`sha kuni xonanda Lolaning klipini suratga olish uchun tog`li hududlarga yo`l oldik. Bayramga bir yarim soat qolganda menga qo`ng`iroq qilib, marosimda ishtirok etishim kerakligini aytishdi. Endi ahvolimni tasavvur qilavering... Bir tomonda klipning tasvirga olish ishlari, ikkinchi tomonda esa tadbir. Shaharga etib borishim uchun esa kamida 5 soat vaqt kerak. Xullas ishimni tashlab ketolmaganman. O`sha payt yuragimdan o`tganlarini izohlab berishim qiyin. Shunday muhim kunda ishtirok etolmaganimdan xafa bo`lib, yig`lagandim. Ammo vaqt o`tib, asosiysi ishtirok emas, xalq e`tirofi ekanini tushunib etganman. Nima bo`lganda ham meni mukofotga loyiq topishganidan juda xursandman.
— Muxlislaringizga sizning shaxsiy hayotingiz ham juda qiziq. Eshitishimizcha, turmushga chiqayotgan ekansiz?
— (Sirli jilmayib) Tez kunlarda men ham baxtli kelinchaklarning biriga aylanaman...
Lekin shaxsiy hayotim bilan bog`liq yangiliklarga ortiqcha to`xtalib o`tishni istamayman.
— Oshxona yumushlariga ham vaqt topasizmi?
— Bo`sh vaqtim faqat oshxonada o`tadi desam yolg`on bo`ladi-yu, ammo pazandalikka qiziqaman. Oxirgi marta Yangi yil bayramida archa ko`rinishidagi salat tayyorlagandim.
YuLDUZ RAJABOVADAN “TUNES BALIQ” SALATI
Yulduz suhbatdan so`ng “Palet” restorani oshpazi Abdulaziz Abdunabiev yordamida “Tunes baliq” nomli salat tayyorlashga kirishdi.
Kerakli mahsulotlar:
- 60 gr. konservalangan tunes balig`i
- 100 gr salat bargi
- 5 dona mayda pomidor
- 4 dona bedana tuxumi
- 1 dona qizil piyoz
- Rukolo bargi
- tuz muruch va zaytun yog`i
Tayyorlanishi
1-jarayon
Piyozni somoncha shaklda to`g`raymiz. Salat barglarini esa yirik to`g`rab, mahsulotlarga ta`bga ko`ra tuz, muruch va zaytun yog`i aralshatiramiz.
2-jarayon
Mayda pomedorlar va bedana tuxumi o`rtasidan kesib, ikkiga bo`linadi.
3-jarayon
Salat uchun mo`ljalangan qolipni likopcha o`rtasiga joylashtiramiz. Birinchi bo`lib, salat bargi va piyoz aralashmasini joylaymiz. Ustidan konservalangan tunes balig`ini qo`yib, qolip tashqarisiga pomidor va tuxum bo`lakchalarini ketma ketlikda joylashtirib chiqamiz. Ular ustidan zaytun yog`i sepib, qolip sekingina olinadi va tayyor “tunes balig`i” dasturxonga tortiladi. Oson tayyorlanadigan va hazmi tez ushbu salat parxez tutuvchilar uchun ayni mudao.
Aliya SULAYMANOVA tayyorladi
Fotomuxbir Islom RO`ZIEV