Qashqadaryoda o`zini bloger sifatida tanishtirib, firibgarlik orqali daromad topmoqchi bo`lgan fuqaro qo`lga olindi. Bu haqda viloyat IIB Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, muqaddam O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi (qasddan odam o`ldirishga suiqasd qilish) va 164-moddasi (bosqinchilik) jinoyatlarini sodir etganlik uchun sud hukmi bilan 10 yildan ortiq muddatda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tab chiqqan fuqaro Sh.M. berilgan jazodan o`ziga xulosa chiqarmasdan, firibgarlik yo`li bilan oson boylik ortirishni maqsad qilib kelgan.
G`uzor tumanida yashovchi M.Sh. (blogerlik faoliyati bilan shug`ullanadi) o`zini shahar va tuman hokimiyatlarida tanishlari ko`pligi haqidagi yolg`on gaplari bilan o`zgalar ishonchini qozonib, mansabdor tanishlari orqali er maydonlarini olib berishni va`da qilib, viloyatda yashovchi fuqarolar ishonchiga kirgan.
Jumladan, M.Sh. 2022 yil 21 fevral kuni Chiroqchi tumani hokimligidagi tanishi orqali maishiy xizmat ko`rsatishga ajratilgan manzildan 3 sotix erni olib berish evaziga Qarshi shahridagi choyxonalardan birida fuqaro E.O.dan 7 mln so`mni firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtda viloyat IIB va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.Mga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi IJQK departamentining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi(firibgarlik), 25-211-moddasi (pora berishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






