AsosiyJamiyat

"Birlashib, ko`chat ekib, bog` yarataylik!". Qashqadaryo hokimi viloyat ahliga murojaat qildi

'"Birlashib, ko`chat ekib, bog` yarataylik!". Qashqadaryo hokimi viloyat ahliga murojaat qildi'ning rasmi

Prezidentimiz tomonlaridan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil “Yashil yillik” umummilliy tadbir yili deb e`lon qilindi. Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov viloyat ahliga murojaat bilan chiqdi:

– Bugun mamlakatimiz miqyosida muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar bizni Yangi O`zbekistonni barpo etish va Inson qadrini ulug`lash g`oyalari atrofida birlashtirdi.

Ona tabiatni asrash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi.

Azal-azaldan ko`chat ekkan, bog` yaratgan insonlarga xalqimiz alohida ehtirom bilan qarab, ulug`lab keladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil “Yashil yillik” umummilliy tadbir yili deb e`lon qilindi.

O`z navbatida, bahor eshik qoqayotgan shu kunlarda viloyatimizning har bir fuqarosini yon-atrofni xushmanzara bo`lishiga hissa qo`shishini xohlaymiz.

Ko`chat ekish, gulu nihollarni ko`paytirish bu musaffolik, ekologik muhit sofligi hamda ona tabiatga g`amxo`rlik va insoniylikning yuksak namunasidir!

Eng muhimi, shu toza havodan o`zingiz, oila a`zolaringiz, boringki kelajakda nevara-evaralaringiz nafas oladi. Yoniga farzandi, nevaralarini olib ko`chat ekkan hamyurtimiz ularga ibrat bo`ladi, bu qadriyatning davomli bo`lishini ta`minlaydi.

Agar “ekologik muhit ifloslandi” yoki “buzildi” deb qo`l qovushtirib turaversak, keyingi 5-10 yillikda ahvol qanday bo`ladi? Bir o`ylab ko`ring.

Hurmatli vohadoshlar, aziz yoshlar!

Hadisi sharifda bizga ato etgan ne`matlarni, ona tabiatni asrab-avaylash, ko`chat ekish, bog` yaratish, iymonning yarmi ekani, ekilgan har bir daraxtning mevasidan yoki soyasidan boshqalar bahramand bo`lsa, uni ekkan kishiga savob yozilishi haqida aytiladi.

Shunday ekan, daraxtni kesish, borni yo`q qilish bilan emas, yaratish, ekish va ko`klamzorlashtirish ishlari bilan shug`ullanish ulkan savob, kelajak avlod uchun yuksak xazinadir!

Viloyatimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko`lamli ishlarni amalga oshirish belgilab olingan.

Mavjud 796 ta mahalla va 13 800 dan ortiq ko`chalarni obod qilish, mevali va manzarali daraxt ko`chatlarini ekish, bog` barpo etish, ona tabiatni asrashga o`z hissamizni qo`shish bo`yicha Dastur ishlab chiqildi.

Viloyatimizning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, o`tgan yil kuz mavsumi va joriy yilning bahor mavsumida 16 mln. 356 ming dona mevali va manzarali ko`chatlar ekishni reja qilib olganmiz.

Shu o`rinda, olimlarimiz va mutaxassislarimiz bilan maslahatlashgan holda, viloyatning:

cho`l hududlarda issiq garmsel va qurg`oqchilikka chidamliligi uchun qayrag`och (gujum), chinor, bodom daraxtlari;

sho`rlanishga qarshi tut, suvsizlikka chidamli saksovul, yasen (shumtol), yapon saforasi daraxtlari;

tog`li hududlarda dub, igna bargli daraxtlar (archadoshlar) barcha turlari, lola daraxti, yapon saporasi daraxtlari ekilmoqda.

Hozirgacha viloyat bo`yicha 7 mln 285 ming tup manzarali, mevali daraxt, butalar ko`chatlari hamda qalamchalari ekildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda viloyat markazidan tortib chekka tumanlargacha bo`lgan hududlarda hasharlar tashkil etilmoqda. Bizni mamnun etayotgani, mazkur ezgu va xayrli ishda etti yoshdan, etmish yoshgacha bo`lgan aholi vakillari ham faol ishtirok etishmoqda. Jumladan,

Qarshi - Samarqand yo`lida joylashgan 37 gektarlik Qo`ng`irtog` maishiy chiqindi poligonida obodonlashtirish ishlar olib borildi. 24 gektar er maydoniga 17 ming dona daraxt va buta ko`chati ekildi.

Ushbu daraxtlarni ekish rejasida dastlab sug`orish masalasini hal qilish bo`yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan. Suv manbaidan poligongacha bo`lgan 4 km uzunlikdagi masofaga Amu-Qashqadaryo havza boshqarmasi tomonidan 1,6 mlrd so`mlik quvurlar tortish ishlari olib borilmoqda.

Tashkil etiladigan bog`ning o`zida tomchilatib sug`orish tizimini joriy qilish maqsadida mahalliy byudjetdan zarur mablag`lar ajratilmoqda.

Azizlar, Viloyatimizda ko`chatchilik tarmog`ini rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratyapmiz. Joriy yilning bahorida 9 mln. donadan ortiq ko`chatlar ekiladi.

Kelgusida, Talab etiladigan ko`chatni to`liq o`zimizda etishtirish maqsadida 2022 yilda o`rmon xo`jaliklarini 65 gektar maydonida yangidan niholxona va ko`chatxonalar tashkil qilib, 18 mln. dona nihol hamda ko`chatlar etishtirish rejalarimiz ham bor.

Shuningdek, joriy yilda 152 gektar maydonda “Yangi O`zbekiston” bog`lari, 37,8 gektar “yashil bog`lar” 22,5 gektar “yashil jamoat parklari” hamda bir turdagi daraxt va buta ko`chatlarini ekish orqali "kashtan ko`chasi", "chinor ko`chasi” kabi daraxt nomlari bilan ataluvchi 58 ta  namunaviy ko`chalar tashkil etiladi.

Daraxt ekkanimiz bilan u o`z-o`zidan ko`karib qolmaydi. Aslida ekishdan ham ko`ra uni ko`kartirish bizdan alohida g`amxo`rlikni talab qiladi. Ko`chatlarning to`liq ko`karishini ta`minlash uchun tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy qilinadi.

Buning uchun 693 km (shundan, 360 km avtomobil yo`llari yoqasi, 221 km fermerlar dala chetiga, 110 km mahallalar hududi va aholi xonadonlari) sug`orish tizimi barpo qilinadi.

Sug`orish tizimini yo`lga qo`yish uchun 41 dona sug`orish qudug`i, 39 dona nasos agregati va 360 km qo`shimcha sug`orish tarmog`ini qurish hamda 76 km uzunlikdagi ko`chatlarga tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy qilinadi.

Oldimizda turgan yuksak marra va maqsadlarni amalga oshirish uchun ayni kunlardan harakatni boshlamoq, bahor oylarida sidqidildan mehnat qilish, daraxt ko`chatlarini ekish bilan birga undirib olish chorasini ko`rish – chin insoniy vazifamiz va Konstitusion burchimizdir.

Obodlik ko`ngildan boshlanadi! Har bir hamyurtimizni o`z tomorqasi, hovlisi, ko`cha va mahallasidan boshlab nihol ekishga, xonadonlari atrofini gulu gulzorga aylantirishga chorlaymiz. Bog`dorchilikda tajribasi bo`lgan bog`bonlarni, dehqonu fermerlarni namuna ko`rsatishga, bog` yaratib, go`shalarni fayzli maskanga aylantirishga da`vat etamiz. 

Keyingi yillarda iqlim o`zgarishi kuzatilib, hayotimizda tez-tez qum va chang bo`ronlari uchramoqda, shu muhitda yashashga majbur bo`lyapmiz. Bu kabi holatlardan barchamiz tashvishga tushmoqdamiz.

Lekin, bu ekologik holatni chetdan kelib birov bizga yaxshilab bermaydi. Yoki kimdir biz uchun daraxt ekib bog` yaratib bermaydi. Buning hammasi bizning o`z qo`limizda.

Barchangizni, nafaqat ekologiya, balki inson salomatligi, yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyati bo`lgan bu umummilliy loyihani sog`liqni saqlash muassasalari, maktab va maktabgacha ta`lim tashkilotlarida alohida taraddud bilan olib borish, har bir uyda, har bir mahallada hasharlar tashkil etib, bu ommaviy tadbirga munosib hissa qo`shishga chaqiraman.

Biz yoshlarimizga muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusning mazmun mohiyatini, azaliy milliy qadriyatlarimizni tushuntirishimiz, Vatanimizni bog`-u bo`stonga aylantirishga o`z hissasini qo`shishga chorlashimiz, har birimiz shu jarayonning ichida yashashimiz lozim.

Ulkan Vatan bog`ini obod va fayzli bo`lishiga munosib hissa qo`shing! Birlashib, ko`chat ekib, bog` yarataylik!

Keling, aziz yurtdoshlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etaylik.

    Boshqa yangiliklar