AsosiyDunyo

DXR va LXRni dunyo hamjamiyati qanday qabul qildi?

'DXR va LXRni dunyo hamjamiyati qanday qabul qildi?'ning rasmi

Rossiya dunyo xaritasiga ikki yangi davlatni qo`shishga tirishayotgan bir paytda ko`plab mamlakatlar bu harakatdan noroziligini bildirmoqda. Ammo Donesk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasining mustaqilligini ijobiy qabul qilayotganlar ham yo`q emas.

Avval xabar qilganimizdek, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donesk va Lugansk xalq respublikalarini tan olish to`g`risidagi farmonga imzo chekdi.

Evropa Ittifoqi bu voqeani xalqaro huquqning buzilishi deb atadi va Rossiyaga sanksiyalar e`lon qilishga va`da berdi. Ko`p o`tmay EI o`z va`dasini bajardi. 22 fevral kuni EI Rossiya banklariga sanksiya kirita boshladi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham ushbu tan olinishni qoraladi va bu Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish harakatlariga putur etkazishini ta`kidladi.

AQSh esa bunday ssenariyga avvaldan tayyor bo`lganini bildirdi. Okean orti mamlakati iqroriga mos ravishda LXR va DXRga qarshi cheklovlar e`lon qilishga ham ulgurdi. Unga ko`ra, 21 fevraldan keyin «shu davlatlarga tegishli hududlarda ishlayotgan yoki ishlagan» har qanday Rossiya yoki chet el fuqarolari va kompaniyalari AQSh sanksiyalariga duchor bo`lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, DXR yoki LXRga sarmoya kiritgan har qanday Rossiya kompaniyalarini AQSh o`z sanksiyalari ro`yxatiga kiritadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning DXR va LXRni tan olishini xalqaro huquqning buzilishi deb baholadi va Birlashgan Qirollik Rossiyaning beshta bankiga nisbatan sanksiyalar joriy qilayotganini ma`lum qildi. Shuningdek, u may oyida Sankt-Peterburgda o`tkazilishi belgilangan Chempionlar ligasi finali Ukrainadagi mojaro tufayli Londonning «Uembli» stadioniga ko`chirilishi mumkinligini ma`lum qildi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olganini keskin qoraladi va Evropa Ittifoqini bunga nisbatan chora ko`rishga chaqirdi. Makron bu tan olinishni Rossiyaning xalqaro majburiyatlarni buzish va Ukraina hududiy yaxlitligiga putur etkazish deb atadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyatga izoh berarkan, xalqaro huquq normalariga sodiq qolish lozimligini ta`kidladi: 

— Xitoyning Ukraina masalasi bo`yicha pozisiyasi izchil. Boisi har qanday davlatning qonuniy xavfsizlik manfaatlari hurmat qilinishi, BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rioya qilinishi kerak. Ukraina masalasining rivojlanishi hali ham Minsk kelishuvini samarali amalga oshirishning kechikishi bilan chambarchas bog`liq. Bu vaziyatdagi eng to`g`ri echim barcha tomonlarning bosiqlik va o`zaro muloqotga asoslanib xulosa chiqarish, — deyiladi izohda.

Yaponiya Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi qator taqiqlar tayyorlamoqda. Jumladan, Rossiyaga Yaponiyaning yuqori texnologiyali mahsulotlari, chiplar, robototexnika qurilmalarini eksport qilish to`xtatilishi mumkin, – deya yozdi Kunchiqar mamlakatning markaziy nashrlaridan bo`lgan Yomiuri gazetasi.

Germaniya ham bu vaziyatga qarshilik kayfiyatida ekanini bildirdi va mamlakatning tashqi ishlar vazirligi Rossiyani DXR va LXRni tan olish haqidagi qarorni bekor qilishga chaqirdi.

Shuningdek, Latviyaning Seym spikeri DXR/LXR maqomining o`zgarishi hech qachon tan olinmasligi to`g`risida rezolyusiya tashabbusi bilan chiqishga va`da berdi. Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy esa dunyo hamjamiyatini zudlik bilan Evropa Ittifoqi sammitini chaqirishga va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Italiya Tashqi ishlar vazirligi bu farmon Minsk kelishuvlariga zid ekanligini va inqirozni diplomatiya yo`li bilan hal qilishning oldini olish tarafdori ekanini aytdi.

Gruziya prezidenti Putinning qarorini qoraladi va buni 2008 yilgi ssenariyning takrorlanishi deb atadi.

Katta bahs va munozaralarga sabab bo`lgan farmonni qo`llab-quvvatlagan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning fikricha, bu «siyosiy boshi berk ko`chadan chiqishning yagona yo`li» edi:

—DXR va LXR xalqlari nihoyat xalqaro maydonda o`z huquqlarini himoya qila oladilar, o`z zaminida tinchlik va osoyishtalik uchun kurashadilar. Bu tarixiy kun, — deydi Qodirov.

Abxaziya ham Rossiyaning Donbass bo`yicha qarorini olqishladi. Janubiy Osetiya yangi mamlakatlarni tan olishni qo`llab-quvvatladi.

Yaman xusiylari LXR va DXR mustaqilligini ijobiy qabul qildilar. Suriya prezidenti Bashar Asad Damashq Putinning bu qarorini tan olishga tayyorligini ma`lum qildi.

Risolat MAXSIMOVA

    Boshqa yangiliklar