AsosiyDunyo

Bu urush ko`plab qurbonlarga va insonlar aziyatlariga sabab bo`ladi — Xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga hujumini keskin qoralamoqda

'Bu urush ko`plab qurbonlarga va insonlar aziyatlariga sabab bo`ladi — Xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga hujumini keskin qoralamoqda'ning rasmi

Payshanbaga o`tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududida «maxsus harbiy amaliyot» boshlanganini e`lon qildi. Bundan maqsad, Putinning iddoasiga ko`ra, «Kiev rejimi tomonidan sakkiz yildan beri tahqirlanib, genosidga duchor qilinib kelayotgan odamlarni himoyalash», «Ukrainani demilitarizasiya va denasifikasiya qilish» hamda «tinch aholi vakillari, shu jumladan Rossiya Federasiyasi fuqarolariga qarshi ko`plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni sudga tortish»dir. Bu haqda Xalqaro shahlovchi Abduvali SOYIBNAZAROV yozmoqda.

Ukraina poytaxti Kiev, Xarkov va boshqa shaharlarida portlashlar ro`y bergani haqida xabarlar tarqalmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi shaharlarni emas, Ukraina harbiy ob`ektlarini nishonga olayotgani haqida ma`lum qildi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy butun mamlakat bo`ylab favqulodda holat e`lon qildi. Prezident Zelenskiy so`zlariga ko`ra, aerodromlar va boshqa infratuzilmalar hujumga tutilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning harbiy mudofaa tizimi va avia bazalari ishdan chiqarilgani va Ukraina chegarachilari hech qanday qarshilik ko`rsatmayotgani haqida xabar tarqatdi. Ukraina chegarachilariga ko`ra, Ukraina hududiga nafaqat Rossiya, balki Belorus hududidan ham hujum qilingan. 

Belarus prezident Aleksandr Lukashenko esa Belarus harbiylari Rossiya Donbassda o`tkazayotgan maxsus amaliyotda ishtirok etmayotgani haqida bayonot berdi. Bu haqda Belarus hukumatiga tegishli BelTA xabar qildi. 

Avvalroq Ukraina chegara xizmati: «Soat 5:00 lar chamasida Rossiya Federasiyasi va Belarus Respublikasi bilan davlat chegarasiga rus qo`shinlari hujum qildi. Ularni Belarus qo`llab-quvvatlamoqda», deb ma`lum qilgandi.

Ukraina chegara xizmatining bildirishicha, «chegara qismlariga, patrullar va o`tkazish punktlariga hujum» artilleriya, og`ir harbiy texnika va o`qotar qurollar vositasida amalga oshirilmoqda. Lukashenko 24 fevral kuni ertalab Putin bilan telefon orqali muloqot qilganini aytdi va «Putin amaliyot o`tkazishdan maqsad Donesk hamda Lugansk viloyatlarida aholi genosidini to`xtatish ekanini bildirdi», deb ma`lum qildi. 

CNN telekanali Belarus — Ukraina chegarasi hududiga jamlangan Rossiya harbiy texnikasi aks etgan videoni namoyish etdi. Xabarda video Belarusning Veselkovo va Ukrainaning Senkova aholi punktlari chegaradosh bo`lgan hududida soat 6:48 da olingani aytilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi jangovar hodisalar bo`yicha majlisga yig`ilgan. BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish «Prezident Putin, qo`shinlaringizni Ukrainaga hujum qilishdan to`xtating!», deya murojaat qildi. BMT Xavfsizlik Kengashi yig`ilishida Ukraina vakili Rossiyani urush boshlashda aybladi. Rossiya vakili aytishicha, bu «oqlangan harbiy amaliyot». 

Butun Ukraina bo`ylab avia qatnovlar to`xtatilgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoraladi va uni «asossiz bosqinchilik» deb atadi. Guvohlarga ko`ra, hozirda Ukraina hududiga tinimsiz raketa otilmoqda. Ukraina IIV harbiy boshqarma markazlari, aerodromlar, harbiy omborlar nishonga olinayotgani, Kiev, Xarkov, Dneprga raketalar otilayotgani haqida ma`lumot tarqatdi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi raketa zarbalari Ukraina shaharlariga emas, harbiy infratuzilma, aviasiya, havoga qarshi mudofaa ob`ektlari, harbiy aerodromlarga berilayotganini iddao qilmoqda. 

Ukraina nashrlari xabarlariga ko`ra, Rossiya qo`shinlari Xarkov hududida Ukraina chegarasini kesib o`tgan. Shuningdek, Mariupol va Odessaga Rossiya desantlari tashlangani aytilmoqda.

«Prezident Putin avvaldan rejalashtirilgan urush yo`lini tanladi, bu urush ko`plab qurbonlarga va insonlar aziyatlariga sabab bo`ladi. Bu urushdagi barcha talafotlar uchun faqat Rossiya mas`uldir. Qo`shma Shtatlar va uning ittifoqchilari yakdillik va qat`iylik bilan javob qaytaradi. Jahon hamjamiyati Rossiyani javobgarlikka tortadi», deb bayonot berdi Bayden. 

Evropa Ittifoqi bir necha soat ichida a`zo davlatlar liderlari yig`ilishi o`tkazilishini va Rossiyaga qarshi favqulodda sanksiyalar joriy etilishini bildirdi. 

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga «mulohazasiz va hech bir provokasiya bo`lmagan holda qilgan hujumi»ni keskin qoraladi. U Rossiyani harbiy harakatlarni zudlik bilan to`xtatishga hamda Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirgan.

Sanksiyalarni kuchaytirish rejalari haqida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham ma`lum qildi. U 24 fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotida «prezident Putin ukrain xalqiga qarshi o`z kampaniyasini olib borayotgan paytda G`arb qo`l qovushtirib turmasligi»ni, Ukrainaga ko`mak ko`rsatishda davom etishini bildirgan. 

Xitoy TIV vakili esa rasmiy Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi amaliyotini «tajovuz» deb hisoblamasligini ma`lum qildi. Shuningdek, Chexiya bosh vazir Petr Fiala Rossiyaning xatti-harakatlarini «severen davlatga qarshi o`rinsiz agressiya akti» deb atadi. «Urush biz tan olishimiz mumkin bo`lganidan ham yaqinroq. Biz Ukraina dastaklarkan, o`z mamlakatimizni himoya qilamiz», dedi Chexiya ichki ishlar vaziri Vit Rakushan. 

Rossiyaga xayrixohligi aytiladigan prezident Milosh Zeman hozircha izoh berganicha yo`q. 

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto urush — eng yomon ssenariy ekanini aytdi, biroq Rossiyani to`g`ridan-to`g`ri qoralashdan o`zini tiydi. Umuman, yuqori martabali venger mulozimlaridan hozircha hech biri qoralovchi mazmunda bayonot bergani yo`q. Viktor Orban bugun EI liderlarining shoshilinch sammitida qatnashish uchun Bryusselga keladi. 

Polshada Ukrainadan qochib kelayotgan odamlarni qabul qilish uchun maxsus joylar tashkil etilmoqda, qochqinlar ovqat, tibbiy yordam va zarur axborot bilan ta`minlanadi. Avvalroq Polsha NATOdan a`zo mamlakatlardan biriga tahdid bo`lgan paytda shoshilinch maslahatlar olish imkonini beruvchi 4-moddani faollashtirishni iltimos qilgan edi. 

Latviya ham NATOga ayni iltimos bilan chiqdi va Rossiyani «Ukraina suverenitetiga, uning xalqi va demokratiyasiga qarshi harbiy tajovuz»ni to`xtatishga chaqirdi. 

Litvaesa favqulodda holat tartibini joriy etdi. 

Moldova favqulodda holat tartibini joriy etmoqda va, prezident Mayya Sanduga ko`ra, Ukrainadan o`n minglab odamni qabul qilishga tayyor. Moldova OAVlari xabar berishicha, mamlakatning Ukraina bilan chegarasida o`nlab avtomobillar to`planib turibdi. 

Ruminiya OAV xabarlariga ko`ra, mamlakat ukrain qochqinlarini qabul qilishni boshlagan. OAVlar, mahalliy hukumat idoralariga havola bergan holda, so`nggi kunlarda Ukrainadan 300 ga yaqin kishi kelgani haqida yozmoqda. Prezident Klaus Yoxannis avvalroq Rossiyaning xatti-harakatlarini «xalqaro qonunchilikning, Ukraina suvereniteti va yaxlitligining qo`pol ravishda buzilishi» deb atagan edi. Bolgariya tashqi ishlar vaziri Teodora Genchovska ham o`xshash mazmunda bayonot berdi.

Rossiyaning Donbassdagi harbiy amaliyoti boshlanishi manzarasida kotirovkalar eng quyi daraja tushib ketgani ortidan Moskva birjasi barcha bozorlarda savdo to`xtatilgani haqida ma`lum qildi. 

24 fevral tongidan e`tiboran Rossiyaning barcha shirkatlari aksiyalari shitob bilan arzonlab bormoqda. Moskva birjasi indeksi 11 foizga qulagan. Oldi-sotti jarayonida katta sarosima kuzatilmoqda. Investorlar Ukrainaga bostirib kirilgan taqdirda, Rossiyaga nisbatan G`arb va`da qilgan yangi keskin sanksiyalar joriy etilishidan xavfsiramoqda. AQSh dollari payshanba tongidan buyon qariyb 3 rublga qimmatlab, 84 rublga chiqib ketdi. Bu yana inflyasiya darajasining oshishiga sabab bo`lmasligi mumkin emas. O`z navbatida, mazkur holat aholi daromadlarida salbiy aks etadi.

    Boshqa yangiliklar