Mazkur tajriba Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Avstriyaning Vena Tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda. Bu haqda vazirlik "Darakchi.uz"ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, xalqaro molekulyar allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlar jamoasi ZF-UZ-VAC2001 O`zbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari olishgan.
"Olingan immun suti koronavirusga qarshi antitanachalarga ega bo`lib, SARS-CoV-2 virusini odam hujayrasidagi APF-2 reseptori bilan bog`lanishini neytrallashtirish xususiyatiga ega, bu virusning inson hujayrasiga kirishi va ko`payishiga to`sqinlik qiladi. Kelajakda mazkur immun suti va undan olingan mahsulotlar sanoat darajasida ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin",-deyiladi xabarda.
Hozirda 31 bosh simmental (govmish) nasldor sigirlar hamda Avstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali bo`lgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan to`liq emlangani aytiladi.
Ma`lum qilinishicha, bo`g`ozlik davrida ZF-UZ-VAC2001 o`zbek-xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning og`iz sutida SARS-CoV-2 virusiga qarshi tanachalar maksimala darajada bo`lishi olimlar tomonidan tasdiqlangan.
"Yanvar oyining oxirida sigirlar bolalay boshladi. Og`iz suti va sutdan olingan tajriba namunalari ustida keyingi klinik-laboratoriya tadqiqotlari davom ettirilyapti. Bundan tashqari, O`zR davlat standartlariga rioya etgan holda uzoq muddatli pasterizasiya jarayoni sutning barcha xususiyatlarini, jumladan, antitanachalarning neytrallashtiruvchi faolligini saqlab qoldi. Istiqbolda immun suti va undan olinadigan mahsulotlar sanoat darajasida ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin. Immun sutidan tashqari, olingan xomashyodan so`riladigan tabletkalar hamda vanil, yalpiz, limon mazali og`iz bo`shlig`iga sepiladigan spreylar ishlab chiqarish rejalashtirilgan",-deyiladi vazirlik xabarida.
Olingan mahsulot aholini ommaviy passiv immunizasiya qilish uchun qo`llanilishi ko`zda tutilgani aytiladi.
Harvard Medical School olimlarining tadqiqotlari natijalariga ko`ra, sigirlarning IgG immunoglobulin konsentrati inson oshqozonidagi hazm qilish jarayonlarida barqarorligi yo`qotmaydi hamda spesifik bog`lovchi va neytrallovchi xususiyatlarini saqlab qoladi.






