Dunyoning eng sifatli atirgullari etishtiriladigan Isparta zamini dunyoda atirgul moyi ishlab chiqarish bo`yicha birinchi o`rinda turadi va dunyodagi atirgul moyining taxminan 65 foizi ushbu shaharda ishlab chiqariladi.
Insonlarning kundalik hayotida alohida o`rin tutgan atirgul, bu sevgi, go`zallik, muhabbat va hurmat ifodasini o`zida mujassam etgan guldir. Atirgulning kelib chiqishi Sharqiy Osiyoga borib taqaladi. Aniq bo`lmasa-da, atirgul yog`i va gul suvining dastlab Eron yoki Hindistonda ishlab chiqarilgani, so`ngra Anatoliya, Evropa, Shimoliy Afrika va Sharqiy Osiyoga tarqalgani ma`lum.
Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, atirgulning er yuzida mavjudligi kamida 35 million yillik tarixga ega bo`lsa, atirgulning insoniyat tarixidagi o`rni va ahamiyati esa kamida 5000 yillik rang-barang tarixga asoslanadi.
Osiyodan dunyoning boshqa hududlariga savdo yo`li bilan etib borgan atirgul o`zining go`zal hidi va shifobaxshligi tufayli qadimdan turli rivoyatlarga sabab bo`lgan. Atirgul, xushbo`y hid shinavandalarining eng sevimli guli hisoblanadi.
Darhaqiqat, atirgul bog`lari qadimgi davrlarda Finikiyaliklar, yunonlar va rimliklar uchun bug`doy dalalari va bog`lar kabi muhim ahamiyatga ega bo`lgan.
Turkiyaning Isparta shahri atirgul etishtirish bo`yicha dunyoda eng etakchi o`rinda turadi va dunyodagi jami atirgul moyining taxminan 65 foizini ishlab chiqaradi.
Ispartada etishtiriladigan bu xushbo`y guldan atirgul moyi, atirgul ekstrakti, atirgul suvi kabi turli hil tabiiy mahsulotlar ishlab chiqariladi va kosmetika soxasida keng foydalaniladi.
Atirgul yog`i: Pardoz buyumlari va kosmetika sanoatining eng muhim va qimmat xomashyolaridan biri bo`lgan atirgul yog`i pushti moyli atirgullarni bug` distillash usuli bilan qaynatish orqali ishlab chiqariladi. Jahon standartidagi atirgul moyi dengiz sathidan 1050 metr va undan yuqori balandlikda joylashgan Isparta va uning viloyatida etishtirilgan atirgullardan olinadi. Har yili may-iyun oylarida yig`ilgan atirgullar ob-havo sharoitining hissasi natijasida yuqori sifatli atirgul yog`i etishtirishni ta`minlaydi.
Atirgul ekstrakti: Bu yangi, fermentasiyadan o`tmagan, rangi va o`ziga xos tuzilishini o`zgartirmagan pushti atirgullarni ekstraksiya usuli bilan qayta ishlash natijasida olingan qaymoqsimon, quyuq gul moyi.
Atirgul suvi: Bu gul yog`ini ishlab chiqarish jarayonida olingan yog`li suvni distillangan, toza va issiq suv bilan birga-bir nisbatda aralashtirish natijasida olingan atirgul hidli tabiiy suvdir. Tabiiy ishlab chiqarilgan atirgul suvi ko`p marta filtrlanadi, shishalarga solinadi, qadoqlanadi va sotuvga chiqariladi. Atirgul suvlari tabiiy bo`lib, tarkibida zararli moddalar bo`lmagani uchun terini oziqlantiruvchi va taranglashtiruvchi xususiyatlari tufayli ba`zi oziq-ovqat mahsulotlari va shirinliklarda xushbo`y hid sifatida, tana va pardozni tozalash uchun ishlatiladi.
Kosmetika: Qo`l va teri kremi, qo`l va tana kremi, turli soch turlari uchun shampunlar mamlakatdagi eng sifatli mahsulotlarga teng formulalar bilan ishlab chiqariladi. Mahsulotlar zamonaviy sifat nazorati laboratoriyalarida sifat va salomatlik tekshiruvidan so`ng bozorga taklif qilinmoqda. Zavodlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimentini yaqin kelajakda yanada kengaytirish ko`zda tutilgan.