AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Ukraina voqealari haqida bayonot berdi

'O`zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov  Ukraina voqealari haqida bayonot berdi'ning rasmi

 

Kreml saytida chop etilgan kechagi xabar ortidan O`zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov quyidagicha bayonot berdi:

“Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan O`zbekiston va Rossiya Prezidentlarining yaqinda bo`lib o`tgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni so`rab, murojaatlar kelib tushmoqda.

Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni ma`lum qilmoqchiman.

Ikki tomonlama munosabatlarning keng ko`lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O`zbekiston va Rossiya etakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operasiyani o`tkazish to`g`risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to`g`risida ma`lumot berdi.

O`zbekiston etakchisi, o`z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o`zaro maqbul yo`llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo`l qo`yilmasligiga umid bildirdi.

Shuni alohida ta`kidlashni istardimki, O`zbekiston bu masala bo`yicha vazmin, neytral pozisiyada.

Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do`stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo`lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”, - deyiladi bayonotda.

    Boshqa yangiliklar