AsosiyJamiyat

Oltiariq tumaniga yangi hokim tayinlandi

'Oltiariq tumaniga yangi hokim tayinlandi'ning rasmi

Xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashining viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida bugun bo`lib o`tgan navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko`rildi.

“Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, shu paytgacha Rishton tumani prokurori bo`lib ishlab kelgan Turdaliev Shamsiddin Asqaralievichni Oltiariq tumani hokimi etib tayinlash to`g`risidagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma`qullandi.

Ma`lumot uchun:

Shamsiddin Turdaliev 1979 yilda Bag`dod tumanida tug`ilgan, O`zbekiston Milliy universitetini huquqshunoslik yo`nalishini tamomlagan. Hozirda adliya katta maslahatchisi unvoniga ega.

Mehnat faoliyatini 2003 yilda Farg`ona shahar prokuraturasida boshlagan. 2006-2011, 2016-2017 yillar oralig`ida Farg`ona viloyat prokuraturasida katta tergovchi, bo`lim boshlig`i vazifalarida faoliyat olib borgan. 2011-2016 yillarda Beshariq tumani prokurori, 2017-2018 yillarda Dang`ara tumani prokurori, 2018 yilda Qo`qon shahar prokurori bo`lgan.

2018-2019 yillarda Xorazm viloyati prokurorining birinchi o`rinbosari, 2019-2021 yillarda Farg`ona viloyati prokurorining o`rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2021 yil 2 fevraldan bugungi tayinlovga qadar Rishton tumani prokurori bo`lib ishlab kelgan.

Oltiariq tumani hokimi bo`lib ishlab kelgan Xolmirza Niyozov joriy yil 7 fevralda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari etib tayinlangandi.

    Boshqa yangiliklar