Prezident Farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi qurilish tarmog`ini modernizasiya qilish, jadal va innovasion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo`ljallangan strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar tasdiqlandi.
Unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- 2025 yil oxiriga borib “Biznes yuritish” xalqaro indeksida (Doing Business Index) “qurilishga ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yo`nalishi bo`yicha O`zbekistonning pozisiyasini joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash;
- 2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olishga erishish;
- 2025 yilga borib “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida qo`shimcha to`rtta elektron platforma yaratish.
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 yanvardan:
● aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi;
● aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;
● aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo`lgan jamoat nazorati sub`ektlarining tashabbusiga ko`ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o`zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;
● aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.
2021 yil 1 martdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo`lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob`ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o`tkazilgan hamda Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o`rnatilgan holda amalga oshiriladi.
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 sentyabrgacha fuqarolarga qurilayotgan ob`ektlar to`g`risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish ob`ektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish (foto va videomateriallar ko`rinishida) va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo`yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” elektron tizimi yaratiladi.
Hujjat haqidagi to`liq ma`lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.






